— Hayotning zarbalari insonni qiynab qo'yar ekan. So'nggi paytlar hech narsaga hafsalam yo'q. Azoblarimning oxiri tugamaydiganday tuyuladi go'yo. Bilaman, qiz bola dardini ommaga dasturxon qilishi chiroyli ish emas. Ammo shu qadar tushkunlikka tushib qoldimki…
To'g'ri, har bir odamning bu hayotda o'ziga yetgulik dardi bor. Barchamizda bir muammo. Ammo mening muammom hech tugamasa kerak. Agar ortga qaytishning imkoni bo'lganida edi, hamma narsani boshqatdan boshlardim.
Turmushga chiqqanimda endigina o'n sakkiz yoshda edim. Ota-onam qarshilik bildirishimga qaramay, o'zimdan o'n besh yosh katta odamga uzatishgan. Ana shundan keyin mening qora kunlarga boy hayotim boshlandi. Hayot tugul, hali ro'zg'or tashvishlarini ham tushunmaydigan qiz uchun yangi oila chinakam azob edi. Qaynonamga hech qaysi ishim yoqmas, qaynotam esa har ikki gapining birida jerkib muomala qilardi. Dangasalik yoki bahona emas, men shunchaki barcha ishga ulgura olmasdim. Qolaversa, o'qishga borishimga ham turmush o'rtog'im qarshilik bildirdi. Erim nihoyatda rashkchiligi tufayli, hatto qo'l telefoni ham ishlatmasdim. Ota uyimga boshqalar qatori har ikki hafta, jilla qursa, bir oyda ham bormas, faqat o'nlab yalinishlardan so'ng bir soatgagina ruxsat olardim. Uy yumushlaridan hech kim o'lmagan. Ammo o'n sakkiz yoshli qizni faqat ishlatish uchungina kelin qilishganday tuyulaverardi menga. Erimning hatto mehri ham sezilmas, kundan-kunga o'rtamizdagi munosabat shu tariqa soviy boshlagandi.
— Men sizga turmushga chiqqanman, lekin faqat ish va oyingiz bilan kunim o'tadi! — deya kunora yig'lashni boshladim.
— Mendan nima xohlayapsan o'zi? Hamma shunday yashayapti-ku!
— Hech qaerga olib bormaysiz, axir zerikib ketyapman…
— Zeriksang ham hayot shu!..
Erim «hayot shu» degan gapni juda ko'p aytaverganidan oxiri bunga ham ko'ndim. Oradan vaqtlar o'ta boshladi. Qaynonam meni yoqtirmasligini juda yaxshi bilardim, ammo farzand ko'ravermagach, ko'rarga ko'zi qolmaganini tushunib yetdim. Tabiblar ham menga yordam bera olmagach, onam meni xususiy shifoxonaga olib bordi. Ming afsuslar bo'lsinki, men hech qachon ona bo'la olmas ekanman. Bu xabarni eshitib, oyoq-qo'llarim toshday qotdi. Ko'zimga hech narsa ko'rinmay, dod-faryod ko'tardim. Yigirma yoshli qizning kuchli stressi shifokorlarni ham hayratga soldi.
— Juda og'ir vaziyat. Ammo bu degani hayot tugadi, degani emas. O'zingni qo'lga ol, qizim! — shifokor menga umid bermoqchiday tikildi.
— Nimalar deyapsiz o'zi? Men axir hech qachon farzand ko'ra olmayman-ku! — deya hamma narsani uloqtirishni boshladim.
Menga tinchlantiruvchi ukol qilib, shifokor obdan suhbatlashdi. U ayol shunchalar qat'iyatli, mehribon, sabrli ediki! Men undan taralayotgan kuchdan nimalarnidir o'zimga oldim. Shifokor menga hayotda hammaning ham bir dardi borligini va bu uchun Yaratgan, albatta, boshqa tomondan bizni mukofotlashini, ne-ne qayg'ularga ham insonlar bardosh qilib yashab kelayotganini aytib tushuntirdi. Garchi erim va qaynonamni yaxshi bilsam-da, qalbimda kichkinagina umid bor edi. O'sha umid menda, ehtimolki, erimga nisbatan kuchli muhabbatni uyg'ota olar, hayotga bo'lgan qiziqishim ortardi. Lekin… Qaynonam farzand ko'ra olmasligimni eshitib, ko'zimni batamom ochirmay qo'ydi. Bu shum xabardan so'ng bir haftagina erim bilan yashadim, xolos. U hatto ko'nglimni sindirishdan ham qo'rqmay, meni uyimga olib kelib qo'ydi. Bizning u bilan munosabatimiz doim shu tarzda kechgan, juda sovuq edi, aslida.
Er-xotin o'rtasida muhabbat, o'zaro tushunish, ruhiy ko'mak degan narsalarni men endi-endi akam va kelinoyim o'rtasidagi munosabatdan bilyapman. Aynan shu sababdanmi, erimning bu ishidan u qadar dilim ranjigani yo'q. Qalbim nidolarini bir chetga surib, ota uyimda odatdagiday yashab yuribman. Lekin har kunim bir xil. Hayotimda hech bir yangilik, rangli sahnalar ko'rmayotganim dilimni xufton qilyapti. Na erimdan, na farzand ko'rib ona bo'la olishdan yolchimaganim qanchalar qayg'uga solayotganini tushuntirishim mushkul. Menga yordam bering, nursiz hayotimdan olib chiqib keting meni. Men juda baxtsizman! Har kuni shu haqida o'ylayverib telbaga aylanmasam edi!..
Psixolog maslahati
Hurzoda KARIMOVA:
— Singlim, avvalo, sizga eng katta xushxabarni beraman: Siz hali yoshsiz! Juda yosh va navnihol. Agar bilsangiz edi, ne-ne odamlar sizning yoshligingizga havas-la boqishini! Endi esa xatongizni tushuntiraman: har kuni baxtsizlik haqida o'ylayotganingiz. Umuman olganda, siz doim, eringiz bilan yashayotganingizda ham, qaynonangizning zug'umlarini ko'rmasdan avval ham «Men baxtsizman» qolipiga tushib qolgansiz. O'zingizda bor narsalarni qadrlashni, o'sha narsani yo'qotmasingizdan avval o'ylang. To'g'ri, erta turmush tufayli ko'p aziyat chekibsiz. Ammo hozir bu g'amlarni o'ylab, qayg'uli o'tmish ichida yashashdan nima naf?! Ortga tashlang, jon singlim! Siz bilan suhbat qurgan shifokor haq gapni aytibdi: «Hammaning bir dardi bor! Shunga yarasha Yaratgan bizni boshqa tarafdan to'ldiradi!»
Aytishlaricha, insonning dardlari bir quti bo'lib, har kim qutilarini almashtirib ko'ra olganida edi, barchamiz alal-oqibat o'z qutilarimizni qaytarib olarkanmiz. Unutmang, sizning farzand ko'ra olmaslik dardingizni qoplovchi bir yorug'lik, albatta, paydo bo'ladi. Lekin siz ham harakat qilishingiz shart! Zero, Parvardigor yong'oqni yaratgan, uni chaqish sizning vazifangiz. Hozir birinchi qiladigan ishingiz biror yerda o'qish bo'lsin. U xoh oliy ta'lim dargohi, xoh biror hunar bo'lsin, sizni zavqlantirishi shart. Keyin qiziqishingizga oid sevimli ish bilan ham shug'ullaning. Qolaversa, sport bilan shug'ullanish, dugonalaringiz bilan tez-tez uchrashish va albatta, doim kulib yurishni odat qiling. Mana ko'rasiz, siz harakatni boshlagan ondan hayotingizga nur kirib kela boshlaydi. Ana o'sha nurni iroda bilan mahkam tuting, o'zingiz bilmagan holda xursand bo'laverasiz. Hayotingiz oldinda, yana aytaman, hali yoshsiz, yaxshi yigitlar juda ko'p. Sizning tengingiz ham, albatta, chiqadi. Zero, Xudo bandalarini har tarafdan siqib qo'yuvchi emas, aksincha, u Rahmondir! Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|