Yer yuzida xalqona yo'llar bilan turli giyohlardan foydalanib bemorlar dardiga malham bo'layotgan tabiblar ko'p. Nadomatlar bo'lsinki, ular orasida ham tabib deya atalgan qimmatli nomdan firib yo'lida foydalanadiganlar uchrab turarkan…
***
O'g'irlik ko'chasiga kirgan odamning bu ko'chadan chiqishi qiyin kecharkan. Qancha dakki yemasin, boshi beton devorlarga urilaverib darz ketmasin, ko'ngil qurg'ur baribir shu hunarni qo'msayveradi. O'g'rining ko'nglida boshqa ish qilib tirikchilik o'tkazish tosh ustida gul o'stirish bilan barobardek tuyuladi.
Yoshi o'ttizga yetib-etmagan Solivoy ham uchinchi marta qamalib chiqqan bo'lsa-da, biror ishning boshini tutishga shoshilmas, hayotini atrofga olazarak boqib, kimningdir kissasiga qo'l solish-u, oqibatda turma panjaralari ortidagi azoblarga giriftorlikdan iborat deya tasavvur etardi. Aniqrog'i, shunga o'rgangandi.
Biroq shunday kunlarning birida ellikdan o'tgan Musa ismli erkak bilan tanishib qoldi-yu, fikri birmuncha o'zgardi.
Bu odam gipnoz ustasi ekan. Bir shisha aroq ustida ular bir zumda inoqlashib qolishdi. Ikkinchi shisha bo'shatilgandan so'ng Musa aka Solivoyni gipnozga o'rgatadigan bo'ldi.
— Menam bir paytlar o'g'irlikka qo'l urib ko'rganman. — dedi kayf ustida Musa aka. — Lokigin bu ishniyam boshqacha usullarminan bajarsa bo'larkan. Shunday qilsang, oshig'ing olchi. Eng asosiysi, turmama-turma yurmaysan. Vey, pulning o'zi seni quvlab yuradi!
Oldiniga Solivoyga bu gaplar xuddi cho'pchakdek tuyuldi. Suhbatdoshining jo'shib aytgan gaplarini shunchaki tinglab o'tirdi.
Ertasiga kayfi tarqagach, o'ylanib qoldi.
Rostdan ham Musa akadan gipnozni o'rgansa-chi? Tekinga o'rgataman deb turibdi. Hozirgi zamonda qaysi hotamtoy tekinga hunar o'rgatardi? O'rgatganda ham burningni yerga ishqab ishlata-ishlata, o'sha hunarning bir qisminigina o'rgatgan bo'ladi. Musa akaning gaplariga qaraganda, juda ustasi farangga o'xshaydi…
Ha, o'rganadi. Gipnozda gap ko'p. Ana, shahardagi tilanchi lo'lilarning deyarli hammasi gipnoz yordamida odamlarning pulini shiladi. Bermagan odam ham qanday pul tutqazib o'tganini sezmay qoladi.
Boradi. Musa akaning etagidan tutadi. Endi o'g'irlikni gipnoz yordamida qoyillatadi.
***
Dunyo tibbiyotchilari tajribasida keng qo'llaniladigan gipnoz san'ati ikki oy deganda Solivoyning sevimli mashg'ulotiga aylandi-qoldi. U Musa akanikidan beri kelmaydigan, Xudoning bergan kuni "ustoz”ini rozi qilish uchun do'kondan aroq, yeguliklar, shirinliklar tashishni odat qildi. "Nima qilib bo'lmasin, zo'r gipnozchi bo'lsam, odamlarni o'zimga bo'ysundira olsam bas” degan o'yda yelib-yugurishdan charchamadi.
Goho ko'chada cho'ntagidan katmon chiqarib, pul sanayotganlarni ko'rsa, beixtiyor shaytoni lain yuragini changallagan kabi seskanib qo'yar, shu katmon o'ziniki bo'lib qolishini xohlay boshlardi. Biroq tezda o'zini o'nglab, kelajakdan umid qilar, "ustoz”ining "Sabr qiling, bo'tam! Hali zamon sizdan badavlati bo'lmaydi” degan "o'git”lari yodiga tushib, yuzini ters burardi.
Oradan olti oy o'tdi. Nihoyat Musa aka kunlarning birida Solivoyni yoniga o'tqazib, so'nggi bor olgan "bilim”larini sinovdan o'tkazgach, "fotiha” berdi.
Endi Solivoy ko'zlangan maqsadlarga erishish uchun navbatdagi qadamni tashlashi, ya'ni, o'zini tabib deya e'lon qilishi, gazetalarga reklama berib mijoz chaqirishi zarur edi.
Bu yumushni ikki hafta ichida do'ndirdi. Shaharning boshqa bir chetidan ijaraga kvartira topdi. Harqalay, hech kim tanimaydigan joyda ishlash qulayroq edi.
Ko'ribsizki, gazetalarga berilgan reklamalar natija berib, dastlabki mijoz eshik qoqdi…
***
Bu mahal Solivoy egniga oq yaktak, boshiga oppoq do'ppini qo'ndirgancha xonalarni kezguvchi edi.
Eshikning bezovta taqillashi uni hushyor torttirdi. Shosha-pisha bemor qabul qilinadigan xonani, karavotni ko'zdan kechirdi-da, borib eshikni ochdi.
Qarshisida o'rta yashar, ozg'indan kelgan, sochlari yelka o'pgan bir ayol ma'yus boqib turardi.
Ayol ichkariga kirgach, o'zini Marhaboxon deya tanishtirdi.
— Xo'sh, opa, nimadan shikoyatingiz bor? — so'radi Solivoy haqiqiy tabiblarga xos jiddiylik bilan.
— Kechalari uxlay olmaydigan bo'lib qolganman. — dedi Marhaboxon yer chizib. — Uxlay olmaganimga yarasha nuqul qo'rqaveraman. Xayolimda qorong'ilik qa'ridan qandaydir mahluqlar chiqib menga tashlanadigandek tuyulaveradi.
— Ha-a, — bosh qashib qo'ydi Solivoy. — Asablaringiz charchabdi, asablaringiz. Bu kasallikni do'xtirning dorisiminan sira davolab bo'lmaydi.
— Ha-da, — gapni ilib ketdi ayol. — Oldiniga do'xtir yozib bergan dorilarminan pichadan uxlab olayotgandim. Keyingi paytda umuman ta'sir qilmay qo'ydi. Sonini ko'paytirishga esa qo'rqdim.
— O'rganish bo'p qoladi-da dori! — dedi Solivoy. — Ko'p ichsangiz, oshqozonni ishdan chiqaradi. Xo'p, mayli, unda meni eshiting. Bergan e'lonlarimizni o'qigan bo'lsangiz, bilishingiz kerak. Biz faqat gipnoz yordamida davolaymiz. Hozir buning isboti sifatida men sizni karavotga yotqizib, yigirmagacha sanayman. Ko'zlaringizni yumgancha jim yotasiz. Hech narsani o'ylamaysiz. Yigirma raqamini aytib ulgurmasimdan uxlayotgan bo'lasiz.
— Voy, koshkiydi. — dedi ayol mamnun karavotga uzala tushib yotarkan. — Jonimgayam tegib ketdi mijja qoqmay yuraverish.
— Hechqisi yo'q. Ko'rmaganday bo'p ketasiz. Bunisidan tashqari yana bitta seans olsangiz, yetadi. Aytgancha, eringiz nima ish qiladi? Uyingizda tilla buyumlar bormi?..
— N-nega so'rayapsiz? — ayol baqraygancha Solivoyga boqdi.
— Bu seansda kerak bo'ladi. — javob qildi Solivoy. — Sariq shayton har baloga giriftor etishi mumkin odamni. Men o'sha tilla buyumlarga yopishgan ins-jinslarni haydashim kerak bo'ladi.
— Erim do'kondor. — dedi ayol. — Har holda tillalarimiz ham yo'q emas. Tushunasiz-ku…
— Mayli, mayli… Qani, endi ko'zlaringizni yuming! Bo'ldimi? Boshladik unda!.. Bir, ikki, uch, to'rt…
Kutilganidek, ayol o'n to'qqiz raqami tilga olindi deguncha uxlab qoldi.
— Siz tush ko'ryapsiz. — davom etdi Solivoy pishillab uxlayotgan ayolga qattiq tikilib. — O'n daqiqadan so'ng uyg'onib, sekin o'rningizdan turasiz-da, uyingizga borib bizga jami tilla buyumlarni keltirib berasiz. Siz birovga bu haqda og'iz ocha olmaysiz. Chunki, gipnoz ta'siri uch kungacha ketmaydi. Ketgandan so'ng esa biz haqimizda hech narsani eslay olmaysiz… Turing!.. Sekin eshik tomon yo'l oling!.. Sizga bir soat muhlat!..
Solivoy shuncha payt o'rgangan hunari o'zgaga kutilmaganda ta'sir etmay qolishidan qo'rqa boshlagandi. Yo'q, ayol go'yo sehrlangan kabi esnay-esnay o'rnidan qo'zg'aldi va muloyimlik bilan xayrlashib yo'lak tomon yurdi.
— Yodingizdan chiqmadimi aytganlarimiz? — so'radi ehtiyot shart Solivoy.
Marhaboxon kulimsiragancha bosh chayqadi va bu xonadonni tark etdi.
***
Ko'z ochib yumguncha Solivoyning dovrug'i butun shaharga yoyildi. Garchi mijozlar navbat kutadigan darajada ko'p bo'lmasa-da, kelayotganlarining o'zi bir oy ichida Solivoyning cho'ntagini qappaytirib qo'ya olishgandi.
Qizig'i, biror bemor gipnoz ta'siriga tushmay qolmas, seansdan so'ng bir-ikki soat ichida "tabib”ning qo'liga uyidan keltirgan dasta-dasta pul, tilla buyumlarni tutqazardi-da, bir hafta o'tib yana hech narsa bo'lmagandek, ikkinchi seansni ham ola ketardi.
Afsuski, so'nggisi…
Yakshanba kuni edi. Ertalab soat sakkizlarga yaqin Solivoy oppoq yaktakni egniga ilib, boshiga oq do'ppini qo'ndirgancha mijoz kutardi. Nihoyat eshik taqilladi va u zulfinni sug'urdi.
Negadir qarshisida barvasta, chamasi yigirma besh yoshlar atrofidagi kelishgan bir yigit turardi.
Solivoy odatiga ko'ra mijozni ichkariga olib kirib, barcha yo'l-yo'riqlarni tushuntirdi, yigitning moliyaviy ahvolini surashtirdi, kasalini aniqlagan bo'ldi va shundan keyin karavotga yotqizdi-da, seansni boshladi.
— Bir, ikki, uch, to'rt, besh, olti… Siz tush ko'ryapsiz… O'n daqiqadan so'ng uyg'onib, uyingizga borasiz va barcha pul, tilla buyumlaringizni mening qo'limga olib kelib topshirasiz. Ammo tushingizni birovga ayta olmaysiz. Yodingizdan chiqib ketadi. Biz haqimizdayam unutasiz…
Bemor kerakli "muolaja”ni olib bo'lgach, chiqib ketdi…
Oradan yarim soatcha o'tib Solivoyning yuragi nima uchundir kutilmaganda g'ash tortdi. O'zi sezmagan holda shu yigitni gipnozlaganidan afsuslana boshladi.
Bir muddat xona ichida karaxtlangan ko'yi yurgan bo'ldi-da, jonholatda "mijoz”lardan tortib olingan pul, tillalarni gilam osti bormi, shkaf orti bormi, ishqilib, duch kelgan joyga berkita boshladi.
Alohol eshik taqilladi.
— Uf-f, kim bo'ldiykin? — Solivoy o'zicha g'udranib yo'lakka chiqdi va eshikni ochdi.
Ne ko'z bilan ko'rsinki, boyagina o'zi gipnozlagan barvasta yigit militsiya kiyimida tirjayib turar, yonida ikki sherigi ham bor edi.
— Ha, tabib aka, — dedi Solivoyni turtib ichkariga kirarkan yigit. — Qalaysiz endi?..
— M-men… S-sizlarga nima kerak?.. Men… Sizlarni… Tanimayman…
— Mayli, buning endi qizig'i yo'q. Qizig'i mana bu buyumda!
Yigit cho'ntagidan diktofon chiqardi-da, Solivoyga ko'z-ko'z qildi.
— Qarang, — dedi rangi paxtadek oqargancha militsionerlarga bo'zraygan ko'yi termilib qolgan Solivoyga. — Gipnozingiz teskarisiga ta'sir qilibdi. Uydan pul-mul opkelish o'rniga manavi og'aynilarimni yetaklab kelibman. Aybga yo'ymaysiz-da endi! Shunaqasiyam bo'lib turadi…
Qismat ekan. Solivoyning bu galgi firibi ham pand berdi.
Shu kuni militsionerlar uning qo'llarini kishanlab, dikonglatgancha bo'limga olib ketishdi.
Solivoy qamaldi. Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot “TABIB”… (Voqea real hayotdan olingan) dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|