Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan "Maqola va postlar ostida qoldirilgan sharhlar uchun OAV va blogerjavobgarmi?” degan masalaga xalqaro tajribani o'rganib, javob izladik. Quyida ushbu izlanishlar natijasida uchragan ikkita o'ziga xos sud presedentini e'tiboringizga havola etmoqdamiz.
Bunda o'sha mamlakatlarda demokratik tamoyillarga yuqori darajada amal qilinishi, sud hokimiyatining mustaqilligiga alohida e'tibor qaratish joiz.
Estoniya
Internet orqali xabarlarni tarqatuvi Delfi AS kompaniyasi 2006 yilda "AS Saaremaa Laevakompanii” kompaniyasi to'g'risida maqola e'lon qiladi va ushbu maqola so'ngidan juda ko'plab izohlar qoldiriladi.
Qoldirilgan izohlarning orasida kompaniyaga nisbatan turli haqorat va tuhmatlar ham mavjud edi. Shu sababli kompaniya Delfi Asni sudga beradi va Estoniyaning barcha darajadagi sudlari qoldirilgan izohlar uchun Delfi Asni aybdor deb topadi hamda jarima to'lash bo'yicha majburiyat yuklaydi.
Delfi AS Estoniya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorni Inson huquqlari bo'yicha Yevropa konvensiyasining 10-moddasi ya'ni fikr bildirish erkinligi huquqiga zid ekanligini qayd etadi hamda Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudiga apellyatsiya kiritadi.
Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi Delfi ASning huquqlari noqonuniy buzilgan yoki buzilmaganligini aniqlash uchun barcha faktlarni o'rganib chiqadi.
Xususan, Estoniyaning Fuqarolik kodeksi hamda Majburiyatlar to'g'risidagi qonunida sha'n va qadr-qimmatga putur yetkazish, obro'sizlantirish, shaxsning hayotiga aralashish mumkin emasligi va bu javobgarlikka sabab bo'lishi qayd qilingan. Ushbu holatlar yuz berganida ularning kelib chiqish sabablari va sodir etilishiga turtki bo'lgan omillar ham aniqlanishi belgilangan.
Estoniyaning "Axborot jamiyati xizmatlari to'g'risida”gi qonuniga ko'ra ma'lumot uzatuvchi o'z sahifasida o'chirilishi yoki yo'q qilinishi lozim bo'lgan (tuhmat, haqorat, terroristik materiallar) ma'lumotlar paydo bo'lgani bilanoq tezkorlik bilan uni o'chirishi lozim, shuningdek ma'lumotlar sud, politsiya yoki boshqa davlat nazorati organlarining talablari bilan o'chiriladi.
Evropa kengashi Vazirlar qo'mitasining 2003 yil 28 maydagi 840-yig'ilishida Internet tarmog'ida aloqa erkinligi to'g'risidagi Deklaratsiyani imzolagan.
Mazkur deklaratsiyaning yettinchi prinsipida Davlatlar internet tarmog'idagi onlayn noqonuniy harakatlardan fuqarolarning shaxsiy hayoti, ma'lumotlari, daxlsizligini himoyalashi kerakligi belgilangan.
Evropa Parlamentining 2000 yil 8 iyundagi 2000/31/EC-sonli direktivasiga ko'ra internet tarmog'idagi uchinchi shaxslar tomonidan qoldirilgan izohlar uchun muallif quyidagi holatlarda javobgar bo'lmaydi:
agar qoldirilgan ma'lumotning noqonuniy ekanligini yoki zarar keltirishi mumkinligini bilmaganida;
muallif qoldirilgan ma'lumotga bog'lanish va uni o'chirib yuborish imkoniyatiga ega bo'lmaganida.
Qolgan barcha holatlarda muallif o'z sahifasi uchun javobgardir.
Bosma ommaviy axborot vositalarida har bir axborot chiqayotganida yolg'on, tuhmat, haqorat va shunga o'xshash ma'lumotlarning oldini olish uchun tahrir qilinadi.
Lekin internet nashrlarning, ijtimoiy tarmoqlarning o'ziga xos jihati mavjud, ya'ni qoldirilayotgan izohlarni muallif oldindan tahrir qila olmaydi. Bosma nashrlarda nashriyotchi tahrir qilish orqali ma'lumotlarni tozalash majburiyatiga ega, internet tarmog'ida esa post muallifi bildirilayotgan izohlarni o'zgartirish yoki o'chirish uchun mas'ul.
Inson huquqlari bo'yicha Yevropa sudi yuqoridagilarni inobatga olgan holda Delfi AS qoldirilgan izohlar uchun javobgar ekanligini va unga nisbatan Estoniya sudlari tomonidan tayinlangan jazo Inson huquqlari bo'yicha Yevropa konvensiyasining 10-moddasiga zid emasligi haqida qaror qabul qiladi.
Yangi Zelandiya
Yangi Zelandiya Oliy sudi aynan Facebookdagi uchinchi shaxslar tomonidan qilingan tuhmat, haqorat uchun javobgarlikni belgilashga oid "Murray va Wishart” o'rtasidagi ishni ko'rib chiqib, tuhmat va haqorat uchun sahifa egasini javobgar sifatida belgilaydi.
Ushbu holatda Sud o'z qarorini xalqaro hujjatlarga muvofiq qabul qilganligini qayd etib quyidagilarni bildiradi:
Facebook hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan izohlar uchun sahifa muallifi qoldirilgan izoh muallifi sifatida baholanadi;
sahifa egalari tuhmat yoki haqorat haqidagi ma'lumotni o'z sahifasida qoldirilganligini bilsalar ularni oqilona muddatda o'chirishi lozim.
Bunda haqorat qilingan shaxsning izohni o'chirib tashlash to'g'risidagi talabi bo'lishi shart emas, chunki tuhmat va haqorat barcha qonunchilik bilan taqiqlangan hamda sahifa bu uning egasining matbuot joyi hisoblanadi, matbuotda esa bunday holatlar uchun mualliflar javob beradi.
Sud Facebookdagi sahifani devor sifatida qabul qilgan va u devorga boshqalar tuhmat ma'lumotlarni yopishtirib ketsa, bunda devor egasi javobgar bo'lishi tayin deya uqtiradi.
Xulosa
Yuqoridagi holatlar sharhlarga javobgarlik masalasini boshqa bir rakursdan ko'rsatib berayotgani, xususan, "topik starter”largasharhlar uchun to'g'ridan-to'g'ri javobgarlik belgilayotgani bilan ahamiyatlidir.
O'zbekistonda ijtimoiy media sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish – nisbatan yangi yo'nalish bo'lib, biz bu borada ilk qadamlarni qo'ymoqdamiz. Shuningdek, so'z erkinligi borasida so'nggi yillarda yurtimizda kuzatilayotgan shiddatli o'zgarishlar ham fuqarolarning ko'p yangi tushunchalarni farqlashlari va o'rganishlarini taqozo qilmoqda. Bugungi kunda so'zga mas'uliyat bilan yondashish, sharh qoldirganda belgilangan talablarni unutmaslik qonun va jamiyat oldidagi burchimizdir. Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|