Juma, 05.07.2024, 01:18
www.24soat.com
Hush kelibsiz Гость | RSS

Sayt menyusi
Turkumlar
KUN YANGILIKLARI / ЯНГИЛИКЛАР / ХАБАРЛАР / HABARLAR / UZBEKISTAN 24 [2214]
KUN YANGILIKLARI / ЯНГИЛИКЛАР / ХАБАРЛАР / HABARLAR / UZBEKISTAN 24
DUNYO YANGILIKLARI / JAHON YANGILIKLARI / ДУНЁ ЯНГИЛИКЛАРИ / ЖАХОН ЯНГИЛИКЛАРИ [1691]
DUNYO YANGILIKLARI / JAHON YANGILIKLARI / ДУНЁ ЯНГИЛИКЛАРИ / ЖАХОН ЯНГИЛИКЛАРИ
FUTBOL YANGILIKLARI / ФУТБОЛ ЯНГИЛИКЛАРИ / 24 СОАТ ФУТБОЛ [507]
FUTBOL YANGILIKLARI / ФУТБОЛ ЯНГИЛИКЛАРИ / 24 СОАТ ФУТБОЛ
SHOU BIZNES YANGILIKLARI / ШОУ БИЗНЕС ЯНГИЛИКЛАРИ [1160]
SHOU BIZNES YANGILIKLARI / ШОУ БИЗНЕС ЯНГИЛИКЛАРИ
HIKOYALAR / HAYOTIY HIKOYALAR / XIKOYALAR / SEVGI HIKOYALARI / ХИКОЯЛАР / СЕВГИ ХИКОЯЛАРИ [695]
HIKOYALAR / HAYOTIY HIKOYALAR / XIKOYALAR / SEVGI HIKOYALARI / ХИКОЯЛАР / СЕВГИ ХИКОЯЛАРИ / ХАЁТИЙ ХИКОЯЛАР / БЎЛГАН ВОКЭАЛАР / BO'LGAN VOQAEALAR
SEVGI HIKOYALARI / СЕВГИ ХИКОЯЛАРИ [37]
SEVGI HIKOYALARI / СЕВГИ ХИКОЯЛАРИ / СЕВГИ ХАКИДА ХИКОЯЛАР
FIKR VA MULOHAZALAR / BAXS MUNOZARALAR / БАХС ФИКР МУЛОХАЗАЛАР [695]
FIKR VA MULOHAZALAR / BAXS MUNOZARALAR / БАХС ФИКР МУЛОХАЗАЛАР
FOYDALI MASLAHATLAR / MASLAHATLAR / ФОЙДАЛИ МАСЛАХАТЛАР / МАСЛАХАТЛАР [414]
FOYDALI MASLAHATLAR / MASLAHATLAR / ФОЙДАЛИ МАСЛАХАТЛАР / МАСЛАХАТЛАР / ФОЙДА / ТАБОБАТ ОЛАМИ
AYOLLAR UCHUN FOYDALI MASLAHATLAR MAKEUPLAR / АЁЛЛАР УЧУН ФОЙДАЛИ МАСЛАХАТЛАР МЭЙКАПЛАР [23]
AYOLLAR UCHUN FOYDALI MASLAHATLAR MAKEUPLAR / АЁЛЛАР УЧУН ФОЙДАЛИ МАСЛАХАТЛАР МЭЙКАПЛАР
PAZANDACHILIK / PAZANDA / TAOMLAR RETSEPTLARI / ТАОМЛАР РЕТСЕПТЛАРИ / ПАЗАНДАЧИЛИК [25]
PAZANDACHILIK / PAZANDA / TAOMLAR RETSEPTLARI / ТАОМЛАР РЕТСЕПТЛАРИ / ПАЗАНДАЧИЛИК / ТАОМЛАР / ОВКАТ ТАЁРЛАШ / ОВКАТЛАР / СИРЛАРИ / УСУЛЛАРИ / ХОРИЖИЙ ОВКАТЛАР
HIDOYAT SARI / DINIY MALUMOTLAR / ISLOMIY MALUMOTLAR / MARUZALAR [383]
HIDOYAT SARI / DINIY MALUMOTLAR / ISLOMIY MALUMOTLAR / MARUZALAR / ISLOM HAQIDA / HADISLAR / SAHIY HADISLAR / ISLOMIY HIKOYALAR / ISLOM TARIXI
NAMOZ VAQTI / NAMOZ VAQTLARI / НАМОЗ ВАКТИ / НАМОЗ УКИШ ВАКТЛАРИ / НАМОЗ [9]
NAMOZ VAQTI / NAMOZ VAQTLARI / НАМОЗ ВАКТИ / НАМОЗ УКИШ ВАКТЛАРИ / НАМОЗ / НАМОЗ УКИШ ХАКИДА / НАМОЗЛАР / ВАКТЛАР
TARIXIY MALUMOTLAR / ТАРИХИЙ МАЛУМОТЛАР / MOZIYDAN SADO / TARIX [101]
TARIXIY MALUMOTLAR / ТАРИХИЙ МАЛУМОТЛАР / MOZIYDAN SADO / TARIX / JAHON TARIXI / O'ZBEKISTON TARIXI / AMIR TEMUR HAQIDA / BOBUR HAQIDA / ALISHER NAVOIY HAQIDA / TARIXIY YANGILIKLAR / 24 SOAT TARIXIY MALUMOTLAR
JINSIY MALUMOTLAR / JINSIY HAYOT / ЖИНСИЙ МАЛУМОТЛАР / ЖИНСИЙ ХАЁТ [33]
JINSIY MALUMOTLAR / JINSIY HAYOT / ЖИНСИЙ МАЛУМОТЛАР / ЖИНСИЙ ХАЁТ / 18+ / +18 / 18 / КАТТАЛАР УЧУН МАЛУМОТЛАР / ЖИНСИЙ МАСЛАХАТЛАР / КОВУШИШ СИРЛАРИ / ДОКТОР Д / МАСЛАХАТЛАР
O'ZBEKCHA KINOLAR YANGI / УЗБЕКЧА КИНОЛАР ЯНГИ [484]
O'ZBEKCHA KINOLAR YANGI / УЗБЕКЧА КИНОЛАР ЯНГИ
TURKCHA KINOLAR / ТУРКЧА КИНОЛАР [33]
TURKCHA KINOLAR / ТУРКЧА КИНОЛАР / TURK KINOLARI UZBEK TILIDA / KARA SEVDA UZBEK TILIDA / ТУРКЧА КИНОЛАР УЗБЕК ТИЛИДА
JAHON KINOLARI / CHET EL KINOLARI / ЧЕТ ЭЛ КИНОЛАРИ / ЖАХОН КИНОЛАРИ ЯНГИЛАРИ [14]
JAHON KINOLARI / CHET EL KINOLARI / ЧЕТ ЭЛ КИНОЛАРИ / ЖАХОН КИНОЛАРИ ЯНГИЛАРИ
HIND KINOLARI / ХИНД КИНОЛАРИ [69]
HIND KINOLARI / ХИНД КИНОЛАРИ / ХИНДЧА КИНОЛАР УЗБЕК ТИЛИДА
TUSH TABIRI / TUSHLAR TABIRI / ТУШ ТАБИРИ / ТУШЛАР ТАБИРИ / ТАБИРЛАР / ТУШ КУРГАНДА [2]
TUSH TABIRI / TUSHLAR TABIRI / ТУШ ТАБИРИ / ТУШЛАР ТАБИРИ / ТАБИРЛАР / ТУШ КУРГАНДА / ТУШДА КУРСА / ТУШДА ИЛОН КУРСА / ТУШДА КУЧУК КУРСА / ТУШЛАР ХАКИДА
MUNAJJIMLAR BASHORTI / MUNAJJIMLAR / MUNAJIM / МУНАЖЖИМЛАР БАШОРАТИ / МУНАЖЖИМ / БАШОРАТ [8]
MUNAJJIMLAR BASHORTI / MUNAJJIMLAR / MUNAJIM / МУНАЖЖИМЛАР БАШОРАТИ / МУНАЖЖИМ / БАШОРАТ / МУНАЖИМЛАР
ANDROID O'YINLAR VA DASTURLAR / APK O'YINLAR / PROGRAMMALAR / АНДРОИД УЙИНЛАР ДАСТУРЛАР [76]
ANDROID O'YINLAR VA DASTURLAR / APK O'YINLAR / PROGRAMMALAR / АНДРОИД УЙИНЛАР ДАСТУРЛАР ПРОГРАММАЛАР УЗБЕКЧА УЙИНЛАР
JAVA O'YINLAR / JAVA DASTURLAR / ЖАВА УЙИНЛАР / ЖАВА ДАСТУРЛАР [0]
JAVA O'YINLAR / JAVA DASTURLAR / ЖАВА УЙИНЛАР / ЖАВА ДАСТУРЛАР / НОКИА ЖАВА УЙИНЛАР / НОКИА САМСУНГ СОНИЙ ЖАВА УЙИН ПРОГРАММА ДАСТУРЛАР
JINOYAT VA JAZO / ЖИНОЯТ ВА ЖАЗО [275]
JINOYAT VA JAZO / ЖИНОЯТ ВА ЖАЗО / ЖИНОЯТЛАР / ЎЛДИРДИ / СУЙИБ ТАШЛАДИ / ОСИБ КУЙДИ / ЖИНОЯТ СОДИР ЭТИЛДИ
Muchallar haqida malumot / Мучаллар хакида / MUCHALLAR / BURJLAR [17]
Muchallar haqida malumot / Мучаллар хакида / MUCHALLAR / BURJLAR
YULDUZLAR BIOGRAFIYASI / ЮЛДУЗЛАР БИОГРАФИЯСИ / AKTRISALAR HAQIDA / QO'SHIQCHILAR HAQIDA [15]
YULDUZLAR BIOGRAFIYASI / ЮЛДУЗЛАР БИОГРАФИЯСИ / AKTRISALAR HAQIDA / QO'SHIQCHILAR HAQIDA / O'ZBEK QO'SHIQCHILARI HAQIDA
+18 HIKOYALAR / +18 ХИКОЯЛАР [28]
+18 HIKOYALAR / +18 ХИКОЯЛАР / ZO'RAVONLIK QURBONLARI / ЗУРАВОНЛИК КУРБОНЛАРИ / НОМУСГА ТЕГИШ / СУРЛАШ / ҚИЗЛИГИНИ ОЛИШ ХИКОЯЛАРИ / ХАЁТИЙ ХИКОЯЛАР / КАТТАЛАР УЧУН ХИКОЯЛАР
Sizga savol
Bizning saytga baho bering
Всего ответов: 10
Xisobot



Jami saytda: 101
Mehmon: 101
Ishtrokchilar: 0
Главная / Bosh sahifa » 2019 » May » 11 » ШАЙТАНАТ… (4-қисм. Биринчи китоб)

12:42
ШАЙТАНАТ… (4-қисм. Биринчи китоб)
Hamdamning taklifini o'ylab ko'rishga ulgurmay depara ichki ishlar bo'limi boshlig'i kapitan Mirsultonov kirib keldi:
— Ot aylanib qozig'ini toparkan. Bizdan qutulib bo'psiz! — u shunday deb Zohid bilan qo'shqo'llab ko'rishdi. — Yaxshi, yaxshi. Ishni o'zimizdan boshlaganingiz, yaxshi bo'libdi. Qiynalmaysiz. Mana, bu yoqda biz bor. Borib ko'rgandirsiz? Nima qilmoqchisiz?

— Hali tayin bir xulosaga kelganim yo'q.

— Bu ko'p o'ylaydigan ish emas. Qamoqqa olish haqida sanktsiya beravering.

Zohid o'zini quvnoq tutishga urinayotgan kapitanga qarab ajablandi. «Namozovni qamoqqa olishimga buncha qiziqib qoldi? Yana eski hammom, eski tos desangchi? Ashyoviy dalil bor, soxta guvohlar bor. Men qamoqqa olaman, u yoqda hakamlar yeng shimarib shay turishibdi. Necha yilga hukm qilishni yaxshi bilishadi. Restoranda mashshoqlarga uch so'm berib istagan kuyni chaldirgani kabi pul tashlab istagan odamni istagan muddatga qamatish cho't bo'lmay qoldi. Men adolat qilaman, desam, bular «ovora bo'lma, qo'lingdan kelmaydi. Sen uch so'mlik restoran mashshoqisan», deyishmoqchimi?» Zohid xayolidan shularni o'tkazib, asabiylashdi. Hamdamdan sigaret so'rab olib tutatdi. Boshliq stolni nog'oraday chertib, javob kutardi.

— To'g'ri aytasiz, — dedi Zohid, unga sinovchan tikilib, — qamoqqa olish kerak. Ammo bu yerda emas, shahar turmasida o'tira turadi. Haligi ikkita guvoh ham uch-to'rt kun qamoqda o'tirsa, ancha o'ziga kelib qoladi.

«Haligi ikkita guvoh» degan gapni eshitib, Mirsultonov sergaklandi:

— Guvohlarni… majburiy davolanishga yuborish kerak, — dedi u Zohidga.

— U yoqqa yuborish vaqti ham keladi. Avval tergovni tugatib olaylik.

Boshliq Zohiddan tayinli gap ololmasligini bilib, Hamdamga savol nazari bilan qaradi.

— Guvohlar soxtaga o'xshaydi, — dedi Hamdam boshlig'iga. Keyin Zohidga yuzlandi. — Menga qara, prokuror, mijg'ovlik qilmay to'g'risini aytib qo'ya qolmaysanmi, — u yana boshlig'iga qaradi. — Bu bola vinzavodni ham kavlashtirmoqchiga o'xshaydi. Fe'lini bilasiz-ku?

Mirsultonov yana stolni chertdi.

— Yaxshi, yaxshi, — dedi u Zohidga qaramay. — Fe'lini bilaman, bu o'jarning. Avval gapirsam, insofga chaqirsam amalidan ajrashdan qo'rqadi, derdi. Endi amalidan ko'rqadigan boshlig'i boshqa, — u boshini ko'tarib Zohidga qaradi. — Bukirni go'r to'g'irlarkan. Sen ko'zingni ochib yur. Bukir bo'lsang ham shu yorug' dunyoda yuraver. U yoqqa shoshilma. Senga «Choqsunla»ni aytib beribmidim? — boshliq kulimsiragan bo'ldi. — Bir tajang uyg'ur yigit sochini ustarada qirdirib yayrab kelayotgan ekan, qayoqdanam ari uchib kelibdiyu naq boshini chaqibdi. Yigit arining izidan yuguribdi. Yetib, qarasa, eski paxsa devor yorig'ida otning kallasiday keladigan in bormish. U shartta cho'p olib arining inini obdan kavlabdi, ari rosa to'zigandan keyin yoriqqa boshini tutib, «Choqsunla emdi, odash!» degan ekan.

Odatda boshliq buni latifa ohangida aytib, miriqib kulardi. Bu safar xazil aralashtirmay, jiddiy turib aytdi.

— Sen o'sha «Choqsunla»ga o'xshaysan. Lekin sen arining emas, naq o'limning uyasini kavlashni niyat qilibsan. Joning tekinga kelgan bo'lsa ham qadamingni o'ylab bos. Bola-chaqang borligini esdan chiqarma. Meni qanday tushunsang tushunaver. Qo'rqoq deysanmi, olchoq deysanmi — nima desang deyaver. Men osmondagi haqiqatdan yerdagi jonimni azizroq bilaman. Har kuni haqiqat, adolat deb javrayotganlarga ham jon shirin. Sen ularning gaplariga uchma. U haqiqat deb boshimizni aylantirib, bizni kushxonaga boshlaydi. O'zi qo'ng'iroqli serka singari o'tib ketadi. Pichoqqa senga o'xshagan laqmalar duch keladi.

Zohid sobiq boshlig'ining gaplarini toqat bilan eshitdi. Avvallari biron masala xususida gap talashguday bo'lsa, boshliq qo'rs muomala qilar, siltab-siltab tashlardi. Hozirgi muomalasi, siniqroq ohangda, nasihat tarzida gapirishi Zohid uchun yangilik edi. Boshliqning asl qiyofasi qaysi — hozir jonli odamday kuyib gapirishimi yo avvalgi temir odamday tersligimi — Zohid farqlamay qoldi. U sobiq boshlig'iga «ha» ham, «yo'q» ham demadi. Qishloqqa har borganida onasi ham shunday gaplarni ko'p aytardi. O'zingni o'qqa-cho'qqa uraverma, deb iltijo qilardi. Onasi-ku unga kuyganidan aytardi. Boshliq-chi? Nahot, Zohidning taqdiriga u ham kuyinsa?

Zohid siz bilan biz kabi dunyodan adolat izlardi, haqiqat topmoq istardi. Uning nazarida haqiqat qaerdadir kul ostida yoki bir uyum axlat ostida yotgan haykalu uni topib, tozalab, tiklab qo'ysa olam guliston bo'ladi. Mana shu kuchli istak uni yon atrofidagi odamlardan ruhan uzoqlashtirardi. «Izlab ovora bo'lma», deganlar u uchun ojiz maxluqqa aylanardi. Bu odamlardan fazilat izlashga harakat qilmayoq qo'ygan. Sobiq boshliqni ham shular qatoriga qo'shgan edi. Boshliqning ham odam ekanini, ozgina bo'lsa-da, insoniy fazilatlardan bahramand ekanini o'ylamasdi. Sobiq boshliq uni yomon ko'rgani bilan taqdiriga befarq qarayolmas edi. Mana, o'zingiz tasavvur qilib ko'ring: siz ham kimnidir yomon ko'rasiz. Ha, ha, yashirmay bo'yningizga olavering. Barchani birday yaxshi ko'rish mumkin emas. Xullas, siz ham kimnidir yomon ko'rasiz. Lekin o'sha odamni o'ldirib ketishsa achinmaysizmi? Achinasiz. Hatto uni yomon ko'rib yurganingiz uchun, salomiga alik olmay qo'yganingiz uchun o'zingizni la'natlaysiz. Agarchi bu fojiadan quvonsangiz, «o'ldirib ketishgani yaxshi bo'libdi», desangiz, u holda siz odam emassiz. Shu o'rinda «odam emassiz, hayvonsiz», desam qo'polligim uchun ranjiysiz. Ammo boshqa bir sabab bilan «hayvon» deya olmayman. Buni aytsam, o'sha begunoh jonivorlarni haqoratlagan, balchiqqa bulg'agan bo'laman.

Chekinishni bas qilib, yana depara ichki ishlar bo'limiga qaytaylik. Endi sizga Zohidning tuyg'usi qisman ma'lum. Sobiq boshlig'ining gaplari u qulog'idan kirib, bu qulog'idan chiqmaydi. Bu gaplarni so'nggi nafasda, jon taslim qilayotganida hali eslaydi…

***

Zohid ertalab idorasiga kirmay Sharif Namozov bilan gaplashish uchun shahar turmasiga keldi. Temir to'siqlardan o'tib, tergov xonasiga kirdi. Besh-o'n daqiqadan so'ng eshik ochilib, soqchi ko'rindi-da, mahbus olib kelinganini ma'lum qildi. So'ng qo'llarini orqasiga qilib olgan Namozov kirdi. Uning oyoqlariga kishan urilmagan, lekin qadam bosishi zanjirband mahbuslarnikiday og'ir edi. Ozg'in, siyrak sochlari to'zg'igan bu odamning dumaloq ko'zlari ich-ichiga botgan, qarashlarida esa kishining rahmini uyg'otuvchi iltijo zohir edi. Yelkasidagi dunyo yuki og'irlik qilayotganday bir oz bukchaygan. U yerga mahkamlangan qattiq kursiga o'tirib, boshini xam qildi.

Zohid chekmasa ham yonida sigaret olib yurardi. Mahbusga bir necha nafas tikilib turgach, cho'ntagidan sigaret chiqarib, unga uzatdi.

— Cheking.

Sharif indamay qo'l uzatib, titroq barmoqlari bilan qutidan bitta sigaretni ajratib oldi. Zohid unga gugurt uzatdi. Sharif avval gugurtga, keyin Zohidga qaradi. So'ng sigaretni stol ustiga qo'ydi.

— Uzr, chekmayman.

Chindan ham Sharif chekmas edi. Hozir nima uchun sigaretni olganini o'zi ham bilmadi. Kayfi tarqagan bo'lsa ham u hanuz karaxt edi. Turmaga qanday qilib tushib qolganiga xayron, xayol uni turli ko'chalarga haydardi. Berk ko'chalarning biriga kirib, tentirab, undan chiqardi-da, so'ng yana boshqa berk ko'chaga ro'para bo'lardi. Uning esida qolgani — boshqonga shartta-shartta gapirgani, «fosh qilish qo'limdan keladi!» deb katta ketgani. Boshqon «osmon qo'lingda bo'lsa tashlab yuboraver», dedi. Sharif «endi boshqon bilan yuz ko'rmas bo'ldim», deb o'tirganida, peshinga yaqin xonasiga kirib keldi. Boshqon ishi bo'lsa uni xonasiga chaqirtirardi. Sharif uning kirib kelganini ko'rib «gapim jonidan o'tibdi-da», deb o'yladi. Lekin boshqon, uni hayron qoldirib, bir soat ilgari bo'lib o'tgan noxush suhbatni eslamadi. Yo «sizdan o'tganini men kechirdim, mendan o'tganini siz kechiring» demadi. Kirdiyu:

— Yuring, ketdik, — dedi.

— Qayoqqa? — deb ajablandi Sharif.

— Sattornikiga, bugun otasining yigirmasi.

Sharif bir bahona topib, to'yga bormasa bormasdi, ammo ma'rakalardan qolib bo'ladimi? Shu bois indamay turib, boshqonga ergashdi. Boshqonning mashinasiga yana idoraning ikki xodimi o'tirib, to'rtovlon yo'lga chiqishdi. Ma'raka bo'layotgan ko'chani to'planib turgan behisob mashinalardan ham bilsa bo'lardi. Odamlar ham qator tizilishib, ichkari kirib osh yeb chiqish uchun navbatda turishardi. To'g'ri, ularning maqsadi qorinni to'qlab ketish emas. Niyat — marhum ruhini eslash, xonadon egalariga hamdardlik bildirish. Shunday bo'lsa-da, Sharifga navbatda turish malol kelardi. U o'zicha «obbo», yarim soat turarkanmizda», deb qo'yib mashinadan tushdi-da, odamlar qatorida turib chetga chiqmoqchi edi, boshqon «bu yoqqa yuravering», deb hech qayoqqa qaramay to'g'riga yo'l oldi. Sattor ularni ko'riboq peshvoz chiqib, qo'shqo'llab so'rashdi-da, uyga boshladi. Katta hovlidagi barcha o'rinlar band. Xizmatdagilarning qo'li qo'liga tegmaydi. Boshqon bilan kelganlarni alohida izzat bilan ichkariga, uyga boshlashdi. Keng, naqshinkor uyga ziyofatlardagiday dasturxon yasatig'liq, tashqaridan eshitilib turgan tilovat ovozlari demasa, ziyofatga keldik, deb o'ylash ham mumkin edi. Boshqonning o'zi, Sharifni hayron qoldirib, qiroat bilan qur'on tilovat qildi. Choy kirdi, non sindirildi. Sharif «endi osh kirar», deb o'yladi. Ammo yana choy kirdi. Ikkala choynakni olgan idora xodimi boshqonga qaradi:

— Oqidanmi yo qizilidanmi, xo'jayin?

— O'ldirsa ham qizili o'ldirsin.

Sharif «ma'rakalarda ichilyapti», degan gapni eshitgan, ammo o'zi bunga hali guvoh bo'lmagandi. Unga ham quyib uzatishgach, bir ijirg'andi-yu, olmadi. U xudojo'y emasdi. Boshqon kabi tilovat qilish ham qo'lidan kelmas edi. Ammo bunday marosimda ichishdan hazar qilardi. Ko'kragida uyg'ongan bir his nafrat uyg'otar edi. Hozir shu nafrat bilan boshqonga qaradi:

— Bu yog'i o'rischa bo'p ketdi-ku? — dedi.

— Olavering, gunohi mening bo'ynimga, — dedi boshqon. Keyin qo'shib qo'ydi: — Niyat bilan olsa gunohi yo'q. Buning kayfi harom, o'zi halol. Uzumning suvini shu paytgacha birov harom demagan. Sattor «otamning joyi jannatda bo'lsin», deb niyat qilib dasturxon yozgan. Kimda-kim shu niyatiga yetmasin desa, mayli, olmasin.

Sharif shu gapdan keyin ham ichmadi. Keyin shunga o'xshagan gap yana qaytarilgach, uni ham shayton yo'ldan urdi. Go'yo uning aybi bilan marhum do'zax olovida qovurilayotgandek tuyulib, bir-ikki xo'plam ichdi. Keyin esa… So'ng bu «ma'raka»dan chiqib, kimnikigadir ziyofatga kirishdi. Gapdan gap chiqdi. Boshqonga nimadir otgani esida. Keyin… o'zini qamoqda ko'rib «bitta-yarimtani o'ldirib qo'ymadimmi», deb ham o'yladi.

Hozir tergovchi uzatgan sigaretni olganida shu dahshat iskanjasida o'tirgan edi. Shu talvasaga bandi bo'lib, sigaretga qo'l uzatganini o'zi ham sezmadi

— Men Zohid Sharipovman. Shahar prokuraturasining tergovchisiman. Aybingizni bilasizmi? — dedi Zohid unga tikilib.

— Yo'-o'q… — Sharif Namozov o'zining ovozini o'zi bazo'r eshitdi.

— Siz qoradorifurushlikda ayblanyapsiz. Uyingizdan katta miqdorda qoradori kukuni topilgan. Portfelingizdan ham. Xaltachalarda barmoq izlaringiz bor.

— Nima dedingiz? Qoradori… furushlik? Mening uyimdan… Portfelimdan… — Namozov Zohiddan «adashibman, gunohingiz boshqa» degan gapni kutib, ilinj bilan tikildi. — Siz… adashmayapsizmi? Gunohim boshqadir?

— Yana qanday gunohingiz bo'lishi mumkin?

— Gunohimmi? — Namozov daf'atan javob berolmay chaynaldi. — Masalan… birovni urgandirman… Kayfda bo'ladi-ku?

— Birovni urgan bo'lsangiz, bu ish bilan shahar prokuraturasi shug'ullanmas edi. Adashganimiz yo'q.

Namozov yengil tin oldi. Yelkasidan tog' ag'darilganday bo'ldi. Zohid undagi o'zgarishni sezdi. U Namozov aybnomani darrov rad etadi, isbot talab qiladi, deb o'ylagan edi. Indamay o'tirishiga qarab, «bo'yniga oldimi», deb taajjublandi.

— Nimaga indamayapsiz?

— Men… ochig'ini aytsam, odam o'ldirib qo'yibmanmi, deb qo'rquvdim.

— Qoradorifurushlikni yengilroq jinoyat deb o'ylayapsizmi?

— Sizning tilingizda yengilmi yo og'irmi, bilmayman. Balki unisi uchun ham, bunisi uchun ham otarsizlar. Lekin men uchun odam o'ldirib otildi, degan nomus yomon.

— Qoradori o'nlab yosh jonlarni halok qiladi. Bunisiga nima deysiz?

— Nima derdim, bunga qoradori sotadiganlar javob beraversin.

— Siz-chi?

— Umrimda qilmaganman bunaqa ishni.

— O'zingiz ham iste'mol qilmaganmisiz?

— Nimani? Qoradorinimi? — Namozov bosh chayqadi.

— Qoningiz tekshirilganda tarkibida qoradori topilgan. Siz faqat aroqdan emas, qoradoridan ham mast edingiz.

— Yolg'on.

— Sizga sudmedekspertiza xulosasini ko'rsatamiz. Hozir esa… bilagingizga qarang.

Namozov shoshilib pidjagini yechdi-da, yengini shimarib bilagiga qaradi. Yo'g'on tomir ustida bilinar-bilinmas igna izini ko'rib, Zohidga dahshat nazari bilan qaradi. Uning yumaloq ko'zlari yanada kattalashganday bo'ldi.

— Tamom! — dedi u titroq ovozda.

— Nima tamom! — dedi Zohid tushunmagan odamday.

Namozov boshini egib, xuddi o'zi bilan o'zi gaplashayotganday dedi:

— Men ajal bilan o'ynashgan ekanman… — u boshini ko'tarib Zohidga qaradi. — Mening bo'larim bo'pti. Bola-chaqam omonmi, faqat to'g'risini ayting.

— Xotiningizni ko'rdim. Bolalaringizni…

— Bolalarim oyimnikida edi.

— Siz kimdan qo'rqyapsiz?

— Kimdan qo'rqyapsiz? Men qo'rqmayman. Qo'rqqanimda bu yerda o'tirmas edim…

Zohid qalin daftar ochib, taomilga ko'ra Namozovni so'roq qila boshladi. Ism-sharifini, tug'ilgan yili, kunini so'radi. Namozov savollarga qisqa, sovuq ohangda javob berar edi.

— Qoradorini sizga kim yetkazib berar edi? — deb so'radi Zohid asosiy maqsadga ko'chib.

— Tanimayman, — dedi Namozov gap ohangini o'zgartirmay. U qamoqqa kimning istagi bilan kelib qolganini anglagan, puxta o'ylangan tuzoqqa tushganini fahmlagan edi. Tuzoqdan qanday qutulishni bilmas edi. Tergovchi ham balki ularning odamidir, degan o'y uni nochor ahvolga solib qo'ygan, na ochiq gaplashishni, na o'zini go'llikka solishni bilardi. Qisqa muddat ichida tanlanishi mumkin bo'lgan yagona yo'l — «bilmayman» deb turish. Zohid uning tutgan yo'lini ko'ra bildi. Shuning uchun arqonni uzun tashlab, so'roqni davom ettirdi:

— Mijozlaringizni ayting?

— Tanimayman.

— Qanchadan olib, qanchadan pullardingiz?

— Kilosinimi?

— Aytaylik, kilosini?

Namozov o'ylandi. O'zicha chamaladi.

— Ming so'mdan olib, bir yarim mingdan sotardim.

— Demak, kilosidan besh yuzdan qolarkan-da?

— Ha, shunaqa.

— Ko'pdan beri sotarmidingiz?

— Ko'pdan… uch-to'rt yil bo'ldi.

— Pulni nima qilardingiz?

— Pulnimi? Yeb-ichib…

— Meni laqillatmoqchimisiz?

— Savollaringizga to'g'ri javob beryapman-ku?

— Qoradorining kilosi ming so'm ekanmi? Qaysi ahmoq ishonadi bu gapga? Siz ilmdan boshqa narsalarga ham hech aralashganmisiz?

Namozov «ilm» degan so'zni eshitib, xuddi «daftarim uyda qolibdi», deb yolg'on gapirib qo'yib uyalgan boladek boshini egdi.

— Yolg'onni eplagan odam gapirishi kerak, — dedi Zohid achchiqlanib.

«To'g'ri, — deb o'yladi Namozov, — bunga ham iste'dod lozim. Men hatto oddiy yolg'onni ham eplay olmayman. Yolg'ondan qulluq qilsam, yolg'ondan jilmayib qo'ysam… allaqachon akademik bo'lib ketarmidim… Nasiba «bunchayam noshudsiz-a», deb to'g'ri aytadi…»

— Menga to'g'ri gapni ayting. Men qoradorifurushligingizga ishonmayman. Agar «yo'q, chindan ham qoradori sotardim», desangiz, qani, meni ishontiring-chi?

Sharif qotmadan kelgan, qoracha bu yigitga ajablanib qarab, bazo'r kulimsiradi.

— Ishontiring, deysizmi? Men jinoyatchi ekanimga sizni ishontirishim kerakmi? Qiziq-ku?

— Ha, qiziq. Aslida men sizni ishontirib, aybingizni bo'yningizga qo'yib, qamatishim kerak.

— Ayblayvering. Men tonmayman. Boshga tushganni ko'z ko'rar ekan. Bir-ikki yil o'tadi-ketadi. U dunyodan hali hech kim qaytmagan. Qamoqdan esa eson-omon qutulib chiqish mumkin.

— Bir-ikki yil deng?.. — Zohid o'rnidan turdi-da, stolni aylanib o'tib, mahbusning qarshisida to'xtadi. Namozov «urmoqchimi?» degan xavotir bilan qarab, turmoqchi bo'ldi. Zohid uni yelkasiga qo'lini qo'yib, «jilmang» degan ishora qildi. — Bir-ikki yil emas, sayru sayohat uzoqroq davom etsa kerak.

— O'n yil bo'lmaydimi, menga desa.

Zohid achchiqlanib, mahbusni ikki yelkasidan mahkam ushlab bir-ikki siltadi.

— Siz men bilan oldi-sotti qilmang. Bo'ladigan gapni ayting, kimdan qo'rqyapsiz?

Sharif uning ko'ziga qarab oldi. Yaqindagina muloyim boqib turgan, ishonch uyg'otishi mumkin bo'lgan nigohda jahl uchqunlarini ko'rib «Endi do'pposlaydi», deb o'yladi. Boshini egib, gardaniga musht tushishini kutdi. Hatto gardani toshday qotib, zirillay boshladi. Musht tushsa, og'riq tarqab, yengil tortadiganday tuyulib, «ursa uraqolmaydimi» deb o'yladi. «Keyin kaltakdan odam o'lmaydi. Odam qatoriga kirib kaltak yesam yebman-da. Bola bo'lib birov bilan mushtlashmabman, birovdan tuzukroq kaltak yemabman. Ana endi, dong'im chet elga chiqib turganida bir befarosat savalasa. Lissabonda hozir mening ta'rifimni keltirib maqtashayotgandir. Bu yerda kaltak yeyayotganimni tasavvur ham qilishmasa kerak…»

Sharif kutganday musht tushmadi. Zohid uni qo'yib yuborib, joyiga qaytdi.

— Siz olim odam ekansiz. Agar zavodda oddiy xizmatchi yoki oddiy ishchi bo'lsangiz, nimadan qo'rqayotganingizga tushunib yetardim. Birga o'g'irlik qilgan sheriklaridan cho'chiyapti, derdim. Hozir joyingizga qaytib, o'ylang.

Eshik ochilib, soqchi kirdi. Mahbus tomon ikki qadam qo'ydi.

— Tur, — dedi sovuq ohangda. Sharif turdi. — Qo'lingni orqaga qil.

Sharif itoat etib, buyruqni bajardi.

«Joyingizga borib, o'ylang» emish, — deb fikr qildi u, qamoqxonaning uzun dahlizidan borar

ekan. — Endi bu yer mening joyim bo'lib qoldimi? Mening joyim… Yomon emas. Lahadga nisbatan shu yer tuzuk. Bolalarim omon bo'lsa bas. «Katta miqdorda qoradori topildi», deydi. Katta miqdori qancha? O'n ming so'mlikmi? Yo ko'proqmi? Shuncha qoradorini uyimga tashlab qo'ygan bo'lsa, bu tergovchilariga ham sarf-xarajat qilishgandir? Agar bu bolaga ham besh-o'n ming so'm berilgan bo'lsa, umumiy hisobda… narxim chakki emas ekan-da? O'n besh, yigirma ming so'mlik odam ekanman-da? Ba'zi birovlarni sariq chaqaga ham olishmaydi. Menga shuncha pul sarflashibdi. Boyvachchalar birovni qamoqdan chiqarish uchun pul sochishardi. Menga kelganda qamoqqa tiqish uchun sarflashdi. O'n besh, yigirma ming ularga pulmi? Bir kunda chiqarib olishadi. Men ularga yoqmay qolgan ekanman, shuncha ovora bo'lib, nayrang ishlatib, pul ketkazib yurmay, shartta o'ldirib yubora qolishsa yaxshi emasmidi?

Yo o'ldirish qimmatroq tusharmidi? Be, uch-to'rt yuz so'm bilan tinchitishardi. Bitta alkashni yoki giyohvandni ishga solishsa tamom-da. Lekin qon to'kkilari kelmabdi. Nimaga? Insof qilishdimi? Insofni qayoqdan olishdi? Yo qo'rqishdimi? Kelib-kelib mendan qo'rqishadimi? Yo mening burnimni yerga ishqab, mulla qilishmoqchi bo'lishdimi? «Mulla» bo'lgan taqdirimda ular nima naf ko'rishadi? Baribir endi o'sha zavodga qaytib bormayman-ku?»

— To'xta, devorga yuzlanib tur.

To shu buyruq yangraguncha, kamera eshigi taraqlab ochilguncha mana shu xayollar Sharifga hamroh bo'ldi.

***

Zohid mahbus chiqib ketganidan keyin ham bir necha fursat o'rnidan qo'zg'almadi. Prokuratura tergovchisi bilan jinoyat qidiruv inspektorining ishida katta farq borligini mana shu birinchi qadamidayoq aniq his qildi. Uning nazarida prokuraturadagi ish osonroq tuyulardi. Prokuratura xodimlari uning ko'ziga loqayd to'ralar sifatida ko'rinardi. Uning avvalgi ishi jinoyat iziga tushish, jinoyatchini ushlashdan iborat edi. Qolganini jinoyatning katta-kichigiga qarab yo shahar, yo depara prokuraturasiga o'tkazilardi. Tergovchilar savol-javob qilib ishni sudga oshirishardi. Endi esa sobiq hamkasbi — jinoyat qidiruv inspektori ushlab bergan jinoyatchining taqdiri uning qo'lida. Birinchi jinoyatchi — olim. Yaqindagina olimlik shohsupasi tomon dadil borayotgan, akasi o'limidan so'ng shartta burilib, boshqa yo'lga o'tgan, dam-badam olimlik ko'chalarida xayolan sarsari kezuvchi yigit yangi ishda ilm odamiga yo'liqib tursa! Taqdir uni sinamoqchimi?

Zohid yuragi siqilib, daftarga formulalarni beixtiyor yoza boshladi. Uning odati shu — yuragi siqilsa, kalavaning uchini yo'qotib, garang bo'lsa, beixtiyor ravishda formulalar yozib, yechib chiqara boshlardi. Yod bo'lib ketgan Eynshteyn nazariyalari yoki hisob olamining yechimi mushkul raqamlari daftar sahifalarini to'ldirardi.

U huquq sohasiga buyuk umid bilan o'tgan edi. Adolat tiklamoqni istab edi. Bir dehqonning bolasiga hayotda nima kerak? Kunda bir kosa ovqatga qorni to'ygan, ovqat bo'lmagan taqdirda non-choyga qanoat qilgan, egnidagi kiyimining yengi to tirsagiga kelib, kalta bo'lib qolgunicha yangisini ko'rmay o'sgan bola podsholik taxtini talab qilarmidi? Otasining yonida ketmoniga sig'inib yashagan, rais buva marhamat etgan damda maktabda o'qib, boshqa payt dalada kesak yalagan bola dunyoga taniluvchi olim bo'lish orzusida yurarmidi? Qarangki, shunday bo'lishi mumkin ekan. Akasi shahardagi oliy o'qishga kirganida Zohid to'qqizinchi sinfda edi. Bir tomondan akasiga havas qilib, yana bir tomondan riyoziyot muallimi qiziqtirib o'qishlari birmuncha yaxshilanib, oqibatda oltin nishonga da'vogar bo'lib qoldi. Dunyoning ajabtovurligini qarang-ki, suvchining o'g'li shunday e'tiborga, ya'ni, da'vogarlikka loyiq ekan. Ammo palovning masallig'i bilan shavla pishirish mumkin bo'lganidek, a'lochi bola oltin nishon olavermaydi. Palovni damlayotganda bir piyola suvni me'yoridan ko'proq quyib yuborsangiz, qo'lbola shavla yeysiz, o'quv davomida mingta «besh» olib, bittagina «to'rt»ga ilinsangiz, oltin nishonni tushingizda ko'rib, a'lochi bola sifatida maktabdan uchirma bo'lasiz. Albatta, bilim bergan muallimlaringizga mingdan-ming rahmatlar aytishni unutmaysiz.

Sizni bilmayman-u, ammo Zohidning boshiga shunday savdo tushgan. Peshonasiga «jamiyatshunoslik» degan fandan bitta «to'rt» olish yozilgan ekan, nima qilsin bechora. Riyoziyot muallimi bir yondan, akasi bir yondan targ'ib qilib, uni Maskovdagi oliy o'qishga borishga ko'ndirishdi. Shu munosabat bilan otasi bitta sigirni sotadigan bo'ldi. «Ikkita sigirni boqish azobidan qutulaman. Bir oilaga bitta sigir yetadi-da, kuzga borib tug'ib bersa, yana ikkita-da…» dedi otasi. Otasi ko'p alomat odam-da. Xudo uni yaratishga yaratib, so'ng unutib qo'yganmi, har holda shundaygina yaralganicha qolavergan — ustomonlik, hiyla, makr, yolg'on degan ne'matlardan bebahra yuravergan. Yo'qsa, bitta sigirning puli bilan o'g'lim katta o'qishga kirib, katta odam bo'lib ketadi, deb o'ylarmidi. Televizorni dastlab ko'rgan mahalda g'uncha labli qizga ko'z qisib, imlab qo'yib bir hafta o'zicha xursand bo'lib yurgan odamning o'g'li voyaga yetib Maskovday joyda o'qir ekanu sigirdan voz kechishi nima ekan?..

Ham tijorat, ham sayohat deganlariday, riyoziyot muallimi ham borgan edi Maskovga. Yozma imtihondan «uch» olgach, tarvuzlari qo'ltiqlaridan tushdi. Zohid masalani yod qilib olgan edi, muallimiga yozib ko'rsatdi — to'g'ri chiqdi. Muallim imtihon oluvchilar bilan bahslashdi. Foyda bermadi. Og'zaki imtihonni «to'rt» bahoga topshirib, rus tilidan «ikki» oldiyu «sigirning joni shularga xudoyi bo'ldi-da», deb qaytishdi. Ular «Toshkent o'qishxonalarida poraxo'rlik kuchli, Maskovda insof bor», degan umidni, o'yni o'sha yoqning o'ziga ko'mib kelaverishdi. Zohid ketmonni yelkasiga tashlab, otasi bilan dalaga chiqdi.

Kolxozda o'n besh kun ozodlik e'lon qilinib, kuniga to'rt-beshtadan to'y o'tayotgan kunlarda qishloqqa tepakal bir o'ris jingalak sochlari oqarib ketgan bir o'zbek bilan birga kelib, Zohidni surishtirdi. Zohid uni tanidi: Maskovda og'zaki imtihonni shu odamga topshirgan edi. Uning muallim ekanini bilardi, biroq, riyoziyot bo'yicha yetuk mutaxassis ekanidan bexabar edi. Jingalak sochlari oqargan o'zbekni esa Zohid tanimadi.

— Yozma imtihondagi masalani men tuzgan edim. Uning ikkita yechimi bor edi. Sen yechimning uchinchi yo'lini topgan ekansan. Keyin fikrlasam, sen topgan yo'l ma'qulroq ekan. Sen kelgusi yili Moskvaga albatta borishing kerak. Mana, Habib Sattorovich sendan xabar olib turadilar. Bu kishi mening shogirdim. Sen menga kenja shogird bo'lasan.

Zohid bundan behad xursand edi. Go'yo oliy bilimgohni bitirib kelganday quvongandi. Biroq, muallimi tushmagur ishni buzdi.

— Zohid endi Maskovga bormaydi, o'rtoq professor. Bilimgohingizda O'zbekiston uchun nechta o'rin ajratilgan? — deb so'radi. — Bittami? Bu yil kim kirdi? Sizga yolg'on, menga chin — ministrning o'g'li kirdi. Karra jadvalni biladimi yo yo'qmi, menga qorong'i. Lekin u imtihonlarni «besh»ga topshirdi. Siz tuzgan masalani ham zo'r qilib yechib bergandir. O'zbekistonda ministr deganlari ko'p, ularning bolalari ko'p. Har yili bittadan sigir sotishga bizning qurbimiz yetmaydi. Kambag'alning bolasi qadimda ham o'qiyolmagan, hozir ham o'qiyolmaydi. Katta olimlar, katta odamlar tarjimai holida kambag'aldan chiqqanman, yetimxonada o'sganman, deb yozishadi. Bari yolg'on! Hammasi boyning bolalari. Hammasi otasining oltinlari tufayli o'qib odam bo'lgan!

Muallimning bu gaplari Zohidning otasiga ma'qul kelib, «o'g'lim Maskovda o'qisin» degan umididan voz kechdi.

Ketmonini tinchgina chopib yurganida, kelgusi yoz boshlarida Habib Sattorovich degan odam yana kelib, eski gapni qo'zg'adi. Uzoq davom etgan muzokaralardan so'ng tomonlar sulhga kelishdilar — Zohid Maskovda emas, Toshkentda o'qishga rozi bo'ldi. «Mayli, oliy ma'lumotni Toshkentda olsin, biroq, aspiranturani albatta Moskvada o'qiydi», dedi Habib Sattorovich. O'qishning ikkinchi yiliyoq, Zohid olimlar nazariga tushdi. Uning imkoniyatlari, kelajagi haqida umidli gaplar boshlangandi. Biroq, akasining o'limi, tergovchilar, hakamlarning nomardligi barcha imkoniyatu umidni parchalab tashladi. Zohidning yelkasiga bir shayton minib olib «bu o'qishni tashlaysan, huquq ilmini olasan, bu ablahlarga qarshi kurashasan, adolatni tiklaysan, bechoralarga suyanchiq bo'lasan», deb ming'irlayverdi. Zohid bu gaplarga ko'ndi. To'ng'ich o'g'li dardida qaddi bukilgan otaga ham shu fikr ma'qul keldi.

Mana, oradan yillar o'tib, riyoziyotchilar umid bilan qaragan yigit shahar turmasining so'roqxonasida yolg'iz o'tirib, raqamlarga raqamlar ulayapti: qo'shuv, bo'luv, oluv, so'ng ildiz ostidagi raqamlar… Bularni yechish unga cho't emas. Ammo adolat formulasiga tishi o'tmayapti. Ne-ne allomayu donishmandlar yecha olmagan masalaga uning qurbi yetarmikin?

(davomi bor)

Manba: 24soat.com -Saytdan olindi.
Ushbu ma'lumot dan olindi!

< ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:


Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
Категория: HIKOYALAR / HAYOTIY HIKOYALAR / XIKOYALAR / SEVGI HIKOYALARI / ХИКОЯЛАР / СЕВГИ ХИКОЯЛАРИ | Ko'rildi: 420 | Qo'shdi: | Reyting: 0.0/0
Barcha izohlar: 0
avatar

Saytga kirish
Malumot Izlash
-------


Yangi Musiqalar:
1) Sardor Mamadaliyev - Yiqilsang
2) Dildora Niyozova - Onaginam
3) Shahzoda - Mayli
4) Shahzoda - Bir dona
5) Munisa Rizayeva va Yamin - Armon (Remake)
6) Yusufxon Nurmatov - Nima deymiz Allohning huzurida
7) Janob Rasul - Dikkir - dikkir
8) DJ Piligrim - Ты меня забудь (Piano version)
9) Dildora Niyozova - Hamdu sanolar
10) Shohruhxon - Ilk sevgim

Malumot Izlash





















YANGI KINO FILMLAR










Kalendar
Arxiv ma'lumotlar
Do'stlar
Copyright www.24soat.com © 2024
uCoz