Konsert odatdagicha «navbatdagi nomerimizda… Kelganlaringga rahmat, o'rtoqlar» bilan tamom bo'ldi. Nomi chiqqan ashulachi— san'atkordan boshqa hamma xursand bo'lib tarqaldi. San'atkor tajang edi: tanaffus vaqgida zalga chiqqan edi, bir traktorchi uni savodsizlikda aybladi. Traktorchi tanqid qilganiga san'atkor asti chiday olmas edi: traktor qayoqdayu, masalan, «chorzarb» qayoqda, traktorchi qayoqdayu, ashulachi qayoqda! San'atkor uyiga ketgani izvoshga o'tirganida yana tutaqib ketdi: «Hech bo'lmasa aytadigan ashulani o'rgan, so'zlarini to'g'ri ayt» emish! Nimasini bilmayman, nimasi to'g'ri emas? Meni shu vaqtgacha muxbirlar, yozuvchilar ham tanqid qilgan emas; formalizm, naturalizmlardan o'tdim— hech kim otvod bergani yo'q. Otvod berish qayoqda, hech kim meni og'ziga ham olmadi. Endi bir traktorchi tanqid qilar emish!..» San'atkor, izvoshchini hayron qoldirib, o'zidan-o'zi g'o'ldirab borar edi. Uyda xizmatchi ovqat qilib qo'ygan ekan, san'atkorning tomog'idan hech narsa o'tmadi— ikki piyola choy ichdi, xolos.
Unga turib-turib nash'a qilardi: «Ashulani mexaylistik aytar emishman! Tovushim yomon bo'lsa nega plastinkaga oldi? Tanqid deganiga endi bu kishining ham tanqid qilg'ulari kelipti… Amali traktorchi… Obbo!..»
— O'qishga bordingizmi? — dedi xizmatchiga, qovog'ini solib.
— Bordim…
— Xizmatchi ikki haftadan beri savod maktabida o'qir edi.
— Xizmatchisi savod maktabida o'qiyotgan bir kishini traktorchi savodsiz, desa alam qilmaydimi? – dedi san'atkor o'zicha bo'g'ilib, — «labingdan bo'lsa olsam, e, shakarlab», deganim u kishiga yoqmapti, «bo'lsa» emas, «bo'sa» emish! O'zi bilmaydiyu, menga o'rgatganiga kuyaman! Senga o'xshagan savodsizlar «bo'sa, bo'masa» deydi. Artist kulturniy odam — gapni adabiy qilib aytadi— «bo'lsa, bo'lmasa» deydi. Pojarni «gugurtni yerga tashlamang» dedi, rejissyorimiz esa «gugurtning yerga tashamang» dedi. Qanday chiroylik! Pojarnimi, pojarningmi? Shoshma, nima uchun pojarni? Pojarni, albatta! Rejissyorimiz juda kulturniy odam. Odam degan mana shunday bo'lsa, urishsa ham xafa bo'lmaydi kishi— ikki gapning birida «ta'bir joyiz ko'rilsa» deb turadi. Bu traktorchi menga shuncha dashnom berib, ko'ngil uchun bir marta «ta'bir joyiz ko'rilsa» demadi.
Xizmatchi daftar-qalam keltirib, san'atkorning oldiga qo'ydi.
— «J»ning kattasi qanday yozilardi? Domlamiz bir kuni ko'rsatgan edi, esimda qolmapti.
San'atkorning jahli chiqdi:
— Endi «J»ga keldingizmi? Barjom deganda yoziladi.
Kechagi barjom og'zi ochiq qolipti, gazi chiqqandan keyin bir pulga qimmat. Siz ham dunyoga kelib kulturniy bo'lsangiz-chi!.. Burningiz terladi, arting, ta'bir joyiz ko'rilsa! San'atkor o'rnidan turib yotoqqa kirib ketdi.
— Yotasizmi? — dedi xizmatchi narigi uydan.
— Nima edi?
— «J»ning kattasini ko'rsatib bermadingiz, ertaga domla so'raydigan edilar. Qanaqa yoziladi?
— Kichigini yozib qattiqroq o'qing!
San'atkor yechinib ko'rpaga kirdi. Xizmatchi chiroqni o'chirib chikdi. San'atkor ko'zini yumdi, ko'ziga g'ira-shira qorong'i zaldagi son-sanoqsiz kallalar ko'rindi. Bular ichida eng kattasi traktorchining kallasi, u iljayar edi.
— Afting qursin!- dedi san'atkor va narigi yonboshiga ag'darildi.
Xayal o'tmay uyquga ketib, xurrak otdi. Uning xurragi ham nechukdir adabiyroq edi: «Pluq-qum- prr… pluq-qum-prr…» Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|