Hamrohim «Temir ko'prik»da qo'nib o'tishimizga uncha ro'yxush bermagan bo'lsa ham, avtobusdan qo'yarda-qo'ymay olib tushdim.
— Nima qilasiz vaqtni bekorga o'tkazib, choy bo'lsa Chimqo'rg'onda ichardik-da.
— Bitta dutor eshitib ketaylik. Ajoyib bir mashshoq bor. «Tanavor»ni undan zo'r chaladigani yo'q. Eshitib o'zingiz ham qoyil qolasiz.
Hamrohimning peshanasi tirishib g'alati qarash qildi.
— E, suf sizga-e, hali shunga yo'ldan qolib o'tiribmizmi?! Zap g'alati odatlaringiz bor-da! Radiodan dutor eshitmaganmisiz?
Uning mendan juda hafsalasi pir bo'lgani ko'zidan bilinib turardi. Men ham shunday zavqsiz odamga yo'ldosh bo'lganimdan koyinib, indamay ketaverdim. Ikkovimiz shu ko'yi bir-birimizga qaramay ko'prikdan o'tib, kanal bo'yidagi choyxona tomonga burildik. Endigina barg yozgan keksa tollar tagidagi so'rilarda choyxo'rlar uncha ko'p emas edi. Oldi chiy bilan to'silgan qator o'choqlar oldida shahardan chiqqan oshxo'rlar ivirsib yurishibdi.
Kanal bo'yidagi so'riga o'tirib, dastyor bolaga ko'k choy buyurdik. Hamrohim hali ham chehrasi ochilmay suvning qirg'oqqa sapchib urilishiga beparvo qarab o'tirardi. Oxiri u yonidan buklangan gazeta olib «Tamakining zarari» degan kattagina bir maqolani o'qishga unnab ketdi.
Bu kamgap, g'alati odamning ko'nglini nima bilan olishni bilmay xijolat bo'lib qoldim. Bu yerga qo'nib o'tishdan maqsad unga Usta Maqsudning dutorini eshittirish, hordiq chiqarish edi. O'zim ham bu sozandaning mashqlarini bundan yigirma yil avval eshitganman. Oradan shuncha vaqt o'tgan bo'lsa ham, u chalgan kuyning ohanglari hali-hali qulog'imdan nari ketmas edi. U vaqtda Usta Maqsud yigirma besh yoshlardagi, vujudidan kuch yog'ilib turgan baquvvat yigit edi. Katta Farg'ona kanali qurilishida muxbirlik qilib yurib, shu «Temir ko'prik»ka har kelganimda alla-pallagacha choy ichib o'tirib, uning mashqlarini eshitardim. Kuni bilan tuproq qazigan quruvchilar to yarim kechagacha choyxonada qolib ketishar, og'ir mehnat charchog'ini ijro etilayotgan kuyning sehri bilan unutishardi. Usta Maqsud, ayniqsa, «tanavor» yo'llarini bilar, ularni ajib bir mahorat bilan ijro etardi. Bir kuni kechasi redaktsiyaga telefonda material berib, kechroq choyxonaga kelsam, so'rilarda joy qolmabdi. Hamma jim. O'rtadagi so'rida Usta ko'zlarini chirt yumib «Farg'ona tanavori»ni chalardi. Chetroqdagi so'rida Yo'ldosh ota kuy maqomiga tebranib o'tiribdi. U har zamon tizzasiga oriq barmoqlarini beozorgina urib qo'yar, ko'zlarini Ustaning tor chertayotgan barmoqlariga tikib xayol surardi.
Men azim tup tolning bujur tanasiga suyanib, keksalar qalbida allaqachon uxlagan yoshlikning qaynoq hislarini uyg'otib yuborgan, yigitlar ko'ksida yilt etgan muhabbat uchqunini alanga oldirayotgan sehrli kuy sadolariga berilib jimgina o'tirardim. Usta tor chertishdan to'xtab, atrofga kulimsirab bir nazar tashladi-da, dutorni ehtiyot qilib yoniga qo'ydi.
Odamlar uyqudan uyg'onib ketgandek atrofga qarab olishdi. Usta Maqsud ularni xuddi qo'llaridan ushlab yoshlik ko'chalariga yetaklagandek: qara, yoshligingga boq, birinchi muhabbatingni esla, lola tergan adirlaringni, cho'milgan soylaringni ko'r, deyayotgandek, hayot mashaqqatlaridan sen bilan yonma-yon turib o'tgan umr yo'ldoshingning ko'ksingga birinchi bor bosh qo'yib ishqingga iqror bo'lgan paytidagi hayajonini esla, bu kunlarga yetolmay orzu-armonlarini senga tashlab ketganlarni unutma, degandek bo'lardi.
Hamrohim «Tamakining zarari»ni o'qib bo'lgunicha o'sha unutilmas sirli tunni esladim. Shu topda Usta Maqsuddan yana bir marta o'sha kuyni eshitgim keldi. Atrofga alanglab uni qidira boshladim. Qayrag'och tagidagi so'rida oldiga choynak qo'yib yolg'iz o'zi xayol surib o'tirgan ustani ko'rib, hamrohimni turtib qo'ydim.
— Ana shu kishi Usta Maqsud bo'ladi. Hozir iltimos qilaman, yo'q demaydi. Odatini bilaman.
Shu gapni aytdim-u, choyxonachi bolaga dutor keltirishni buyurib, o'zim ustaning oldiga qarab ketdim. U bir qarashdayoq meni tanidi.
— E, muxbir uka, bormisiz? Biz tomonlarga sira kelmay ketdingiz.
Hol-ahvol so'rashdik. Kanal qurilishidagi qadrdonlarni esga oldik. Men unga Yozyovonga keta turib, atayin u bilan uchrashgani «Temir ko'prik»da tushib qolganimni aytdim.
— Yo'ldosh otaga chalib bergan mashqingiz hali ham qulog'imdan nari ketmaydi. Malol kelmasa bir eshitib ketsam. Juda ko'pdan beri orzu qilaman.
Usta besaranjom bo'lib qoldi. Sal fursat o'tmay ko'zlarini bir nuqtaga tikib, og'ir tin oldi. Xijolat chekayotgandek iymanib dedi:
— Dutor ushlamaganimga o'n besh yilcha bo'lib qoldi. Shunaqa…
U gapini tugatmay to'nining yengini bilagigacha shimardi. Ko'zlarimga ishonmay qoldim. Chap qo'lining tirsagidan pasti yo'q. Bir vaqtlar torlarni beqiyos chertgan, san'atiga ko'plarni qoyil qoldirgan barmoqlar endi yo'q edi. Nahotki…
— Dutor chaladigan qo'lni urush kesib tashlagan. Nima deyishimni, nima qilishimni bilmay esankirab qoldim. Torlarni chertishga, pardalar ustida yo'rg'alashga mohir bo'lgan qo'llar kezi kelganda miltiq tepkisini bosishga ham qodir ekanligi haqida sira o'ylab ko'rmagan edim. Shu topda oddimda o'tirgan kishining sevgan san'atidan, kasbidan ajralganini, uning ajoyib mahoratidan kishilar benasib bo'lganini ko'rib, bu urush yolg'iz shaharlarnigina vayron qilmadi, yolg'iz otani boladan, bolani onadan judo qilmadi, balki omon qolganlarning ham tanasida jarohat izlari qoldirib ketganini ko'rib turardim. Oraga juda noqulay jimlik tushdi. Usta oq oralab qolgan mo'ylovining uchini buragancha nimanidir o'ylab, yerda lip-lip o'chib-yonib o'ynayotgan oftob tangalariga tikilib o'tirardi. Bu sovuq sukunatni choyxonachi bola buzdi. U yo'l-yo'lakay changini artib kelgan dutorni ting'illatib bir chertib, ko'rpacha ustiga qo'yib ketdi.
Usta hayron bo'lib bir menga, bir dutorga qarab kiprigini pirpiratdi. Mening juda ham mulzam bo'lganimni sezgan Usta Maqsud o'rnidan turib dutorni qo'liga oldi.
— Dutor eshitgingiz kelayotgan bo'lsa, baqqa yuring!
Itoatkorlik bilan unga ergashdim. Choyxonadan chiqmay turib hamrohim borligini, agar malol kelmasa uni ham boradigan joyimizga ola ketishimizni so'radim. Usta rozi bo'ldi. Ammo, hamrohim ensasi qotgandek peshanasini tirishtirib zo'rg'a ko'ndi.
— Aslida o'zim ketaversam bo'larkan. Nega ham gapingizga kirib avtobusdan tushib qoldim-a!
Ko'prikdan o'tganimizdan keyin Usta dutorni menga berib, ko'cha betidagi eshikka kirib ketdi-da, hayal o'tmay yana qaytib chiqdi.
— Inobat oltinchining yerida ekan, o'shaqqa boramiz. Inobat kim? Oltinchi brigadaning dalasida nima qilamiz? Bu to'g'rida undan so'rashga jur'at qilmay orqasidan ergashib ketaverdik. Hamrohim har zamon menga qarab bir xo'mrayib qo'yardi. «Nima, umrida dutor eshitmagan ekanmanmi, namuncha zarur bo'lmasa» deb ustaga bildirmay ming'illar edi. Shudgor qilingan katta yerdan aylanib o'tishimiz bilan birdan traktor shovqini eshi-tildi. Tutzordan bir gala zag'cha qag'-qag' qilib osmonga ko'tarildi. Usta hamon churq etmasdi. Dala shiyponiga yetib kelganimizdan keyingina uning chehrasi ochilgandek bo'ldi. Bu yerda o'n chog'lik kishi dalaning har yer-har yerida nima bilandir mashg'ul bo'lib yurardi. Shudgor qilingan dalaning u boshidan bu boshiga sim tortilib, traktor shu sim yoqalab chigit qadab kelardi. Hali gullamagan yovvoyi jiyda tagidagi yero'choqqa o't qalab o'tirgan xotin bir dasta kosa ko'tarib ariq tomonga o'tdi. Usta tepaga kelgan quyoshga ko'zini qisib qarab: «Ayni tushlik paytida kelibmiz», dedi. Traktor yerning narigi boshida to'xtab, undan konbinezon kiygan o'rta yashar bir juvon tushdi. U shiypon tomonga qarab oldida o'lchov simiga qoziq koqayotgan kishiga nimadir deb qichqirdi.
Birin-ketin shiyponga odam yig'ila boshladi. Traktorchi juvon Ustani ko'rib: «Ha, domlaka, nima qilib yuribsiz!» — dedi uning qo'lidagi dutorga hayron bo'lib qararkan.
— Mehmon boshlab keldim, qizim. Dutoringni eshitgani ataylab uzoqdan kelishibdi. Yo'q demay chalib ber, Inobat qizim.
Inobat qoramoy bo'lib ketgan qo'llarini latta bilan artib, dutorni oldi. Tik turganicha bir tizzasini sal bukib ko'tardi-da, dutor pardalarini qulog'i yaqiniga olib borib sozlay boshladi.
— Nimani chalib beray? — dedi u shiypon zinasiga oyoq qo'yar ekan.
— Nimani chalib bersin? — deya bizga yuzlandi Usta.
Men undan Usta akaning Yo'ldosh otaga chalib bergan «Farg'ona tanavori»ni chalishini iltimos qildim.
Inobat ko'rpacha ustiga o'rnashib o'tirib olgandan keyin dastro'molini ho'llab, torlarni artib, ustasining salobati bosayotgandek jur'atsizlik bilan kuyni boshladi. Yer ostidan hamrohimga qaradim. U go'yo hech narsa bo'lmagandek o'chokdan chiqayotgan tutunga loqayd qarab o'tirardi. Avvaliga hissiz, shunchaki boshlangan kuy birdaniga o'tirganlarning xayolini olib qo'ydi. Inobat ko'zlarini yumib, o'zi chalayotgan kuydan o'zi ta'sirlanib tebranar, goh ko'zini ochib oftobda gulxandek yonayotgan adirdagi lolalarga qarar, goh boshini sal orqaga tashlab shiftdagi qaldirg'och uyasiga tikilganicha kiprik qoqmay turib qolardi. Qo'llari pardalar ustida erkin yo'rg'alar, go'yo dutor dastasini ezib undan anvoyi ohanglarni siqib olayotgandek, barmoqlari esa torlarni xuddi qalbni tirnayotgandek timdalardi. Odam qalbiga tog' havosidek yoqadigan kuy yaratayotgan mana shu qo'llar bundan bir necha minut ilgari og'ir traktor murvatlarini boshqarganiga sira ishongim kelmasdi. Bu kuy menga yoshligim, bolaligimni yana qaytarib keldi. Torlarning goh dengiz dovullaridek shiddatkor, goh sahar yellaridek yumshoq sadolari yillar o'tib qalb qa'rida unutilib ketgan ajib bolalik hislarini tug'yonga keltirdi. Vujudimda haligacha hech kim bilmagan va hech kim qilolmaydigan allaqanday zo'r, juda ham zo'r ishlar qila olishga qodir bir kuch paydo bo'layotgandek edi. Dutoriga jo'r bo'lgim, atrofda mavj urib turgan bahor manzaralarini qo'shiqqa solib kuylagim kelardi. Hamrohimga qaradim: uning ko'zida yosh yiltirardi. U iyagini kaftlari orasiga olib jimgina o'tirar, yelkasi tez-tez silkinayotganini sezmasdi.
Negadir Usta Maqsudning yuz-ko'zida hayajon sezmadim. U kuyning odamlarga ta'siridan ko'ra, ijrochining torni qanday chertishiga, pardalarni qanday bosishiga ko'proq diqqat qilardi. Ustaning ko'z qarashlarida, yuz ifodalarida adashmasmikan, usuldan chiqib ketmasmikan, degan tashvish sezilib turardi.
Nazarimda, bu usta san'atkor uzoq yillar mehnat mashaqqat bilan topgan xazinasini eritib, shogirdining qalbiga quyayotganga o'xshardi. Inobat esa bu san'at gavharining ustidagi chang-g'uborni artib, unga yangi jilo, yangi sayqal berib kishilar yuragiga olib kirardi. Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|