Hashamatli uy, qimmatbaho mashina, brilliant va brend liboslar — ba’zida bularning ortida qiyinchiliklarga to‘la bolalik, oson bo‘lmagan hayot turgani xayolimizga ham kelmaydi. Biz havas bilan qaraydigan kishilar esa yulduz bo‘lib tug‘ilmagan. Ularning tarjimayi holiga nazar tashlansa, qanday oilada tug‘ilish emas, iste’dodni namoyon qilish uchun mehnat va o‘z ustida ishlash muhimligiga amin bo‘lish mumkin. Bunga "Yandeks Dzen” platformasida keltirilgan mashhurlar hayoti yaqqol misol bo‘la oladi.
Jastin Biber
Xonanda juda ham qashshoq oilada dunyoga kelgan. Jastin tug‘ilganida onasi 18 yoshda bo‘lgan. Yeyishga hech narsasi bo‘lmaganidan Biberning uyida kalamushlar izg‘ib yurgan. Vaqt o‘tishi bilan hammasi joyiga tushgan. Qo‘shiqchining hozirgi yashash tarziga nazar tashlab, uning shunday sharoitda katta bo‘lganiga ishonish qiyin.
Sara Jessika Parker
Aktrisaning bolaligi Jastinnikidan yaxshiroq o‘tgan deb bo‘lmaydi. U 8 farzandli oilada, o‘gay ota tarbiyasida voyaga yetgan. O‘z otasini ko‘rmagan va u haqida biron ma’lumotga ham ega bo‘lmagan. Sara bolaligidan oilasiga yordam berish maqsadida ishlay boshlagan va topgan pulining hammasini ota-onasiga keltirib bergan.
Eminem
Reper kambag‘al oilada dunyoga kelgani yetmagandek, Detroyt shahrining kunduzi otishma va turli janjallar bo‘lishi tabiiy hol bo‘lgan hududida voyaga yetgan. Eminem mahalliy o‘smirlar tomonidan bir necha marta kaltaklangan va jabr ko‘rgan. Buning ustiga otasi ularni tark etgan, onasiga esa bunday vaziyatda oson bo‘lmagan. Bu kabi qiyinchiliklar bo‘lajak reperning hayotda o‘z o‘rnini topishiga to‘siq bo‘lolmagan.
Niki Minaj
Niki Minaj Trinidad va Tobago Respublikasida dunyoga kelgan. Keyinroq oilasi bilan AQShning eng qashshoq hududlardan biriga ko‘chib kelishadi. Oilaning moliyaviy ahvoli yomonligidan kun ko‘rishning o‘zi bo‘lmaydi. Vaqti kelganda Minajning mashinada uxlashiga to‘g‘ri kelgan.