Farg'ona va Qashqadaryo viloyat hokimlari uylari buzilgan odamlardan rasman uzr so'radi.
Farg'ona viloyat hokimi Shuhrat G'aniyev Rishton tumanidagi uyi buzilgan fuqarolar bilan uchrashib, bu shaxsan o'zining xatosi ekanini tan oldi va barchadan uzr so'radi. Bundan tashqari, aytdiki, uy buzishga aloqador rahbar lavozimli shaxslar ishdan bo'shatildi. Umuman aytganda, jami 14 kishi ishdan ketdi.
Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro'ziyev yo'l qo'yilgan xatoliklarda viloyat hamda Yakkabog' tuman hokimiyatlari aybdorligini ta'kidladi. U aholidan, hukumatdan, jabr ko'rgan tadbirkorlardan, bloger va jurnalistlardan rasman kechirim so'radi.
— Bundan keyin pala-partish uy buzish siyosatidan voz kechamiz, — dedi Zafar Ro'ziyev. — Har bir tadbirkor, fuqaroning dardini erinmasdan tinglaymiz…
Eslatib o'tamiz, yaqinda respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig'ini tashkil etib, uchta viloyat hokimini qattiq tanqid ostiga oldi va aholidan rasman uzr so'rashni tayinladi.