Bugungi epidemiya davrida koronavirusdan saqlanish uchun himoya vositalarini qo‘llash qoidalariga qat’iy amal qilish muhim hisoblanadi. Bu borada qo‘lqoplarning o‘rni qanday? "Daryo” Meduza’da e’lon qilingan maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.
Ba’zi odamlar qo‘lqoplar koronavirusdan himoyalanishda yordam beradi, shu sababli uydan tashqarida qo‘lqop kiyib yurish kerak deb hisoblaydi. Demak, buni tekshirib ko‘ramiz.
Aslida, qo‘lqop zarurmi?
Aftidan yo‘q, kerak emas. To‘g‘rirog‘i, turli tibbiyot tashkilotlari qo‘lqoplarni quyidagi xavfli holatlardagina taqish kerak, degan tavsiyani bermoqda:
agar siz bemorlar bilan bevosita ishlasangiz;
agar siz bemor bilan birga yashayotgan bo‘lsangiz va siz uyni tozalashingiz kerak bo‘lsa, bemorning kir kiyimini ushlash va tozalashga to‘g‘ri kelsa, uning idishlarini ushlashga va yuvishga to‘g‘ri kelsa, uning chiqindilarini tashlashingiz zarur bo‘lsa.
JSST boshqa holatlarda qo‘lqop taqish kerakmi, degan savolga alohida javob berib o‘tgan: "Yo‘q, sizni COVID-19’dan rezina qo‘lqopdan ko‘ra, qo‘llarni sovunlab yuvish yaxshiroq himoya qiladi”. Alohida ekspertlar ham ushbu fikrni ma’qullagan.
Xo‘sh, nega?
Chunki katta ehtimol bilan bu baribir samara bermaydi. Tibbiyot xodimlari xavf yuqori bo‘lgan vaziyatlarda va asosan ikki sababga ko‘ra qo‘lqop taqadi:
qon va boshqa biologik suyuqliklar tegmasligi uchun va toksik preparatlar teriga tegib ketmasligi uchun;
xavfli virus va bakteriyalarni toza yuzalarga hamda boshqa bemorlarga o‘tmasligi uchun. Buning uchun qo‘lqoplar boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan birgalikda taqiladi. Shaxsiy himoya vositalariga ko‘zoynak yoki yuzni to‘suvchi shaffof qalqon, niqob yoki respirator, xalat yoki tibbiy kostyum kiradi.
Tibbiyot xodimlarida qo‘lqop taqishga bo‘lgan talab juda qat’iy. Masalan, bitta bemor ko‘rigi uchun kamida bir juft qo‘lqop ketadi. Boz ustiga, qo‘lqop taqqan holda eshik tutqichi, chiroq dastaklari va boshqa buyumlarga teginish, ushlash mumkin emas. Aks holda, ushbu buyumlar ham xuddi kir qo‘llar singari xavfli virus va bakteriyalarning tarqalish manbayiga aylanib qoladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham qo‘lqoplar tibbiyot xodimlarini to‘liq muhofazalamaydi, shuning uchun ular qo‘llarini tez-tez va to‘g‘ri yuvishi zarur.
Agar qo‘lqopdan noto‘g‘ri foydalanilsa, bundan aytarli naf chiqmaydi (ko‘pincha odam o‘zi tushunmay shu ishni qilsa, odatda, noto‘g‘ri foydalanadi). Qo‘lqop taqib ham odam virus va bakteriyalarni faol tashib yurishi mumkin.
Ba’zan yuzga kamroq teginish uchun istalgan turdagi qo‘lqoplar taqish tavsiya qilinadi. Lekin bu tavsiya hammaga ham yordam beravermaydi, chunki odamlar bunda ham yuzga tegishda davom etadi. Bu esa yuzga kir qo‘l bilan teginish va unga shilliq virus va bakteriyalarni eltib qo‘yish bilan teng. Ba’zilar ko‘zi yoki burnini qashish uchun qo‘lqopni yechib turadi, oqibatda, qo‘lqopning ichki yuzasini kirlatadi xolos.
Odam qo‘lqopni yechayotganida uning qo‘llari qo‘lqopsiz ishlagandek darajada bo‘lmasa ham baribir sezilarli ifloslanadi. Shu sababli oddiy turmush sharoitida qo‘llarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri yuvish muhim.
Agar bu zaruriyat bo‘lsa, uy sharoitida qo‘lqopni qanday taqib yurish (yoki yechish) kerak?
Qo‘lqop o‘z vazifasini bajarishi uchun bir necha qoidaga amal qilish darkor:
Qo‘lqopni taqishdan avval qo‘llaringizni yuving.
Bir martalik qo‘lqopni faqat bir marta ishlating.
Agar siz uyda bemorga qarayotgan bo‘lsangiz, ko‘p martalik qo‘lqopdan ham foydalanishingiz mumkin, biroq undan har safar foydalangandan keyin yaxshilab sovunlab yuvish va natriy gipoxloritning 0,1 foizli eritmasi bilan artish kerak.
Qo‘lqopni to‘g‘ri yechish zarur: qo‘lqopni tashqi qismida ushlab, uni chetidan torting, uni barmoqlarga olib boring, shu tarzda yechilmagan qo‘lqop barmoqlari uchi bilan ikkinchi poyini ham yarmigacha torting, bir qo‘lingizdan qo‘lqopni oxirigacha yeching, keyin esa qo‘lqopsiz qo‘l bilan ikkinchi poyini ham yechib tashlang.
Qo‘lqopni yechgandan keyin, albatta, qo‘llaringizni yaxshilab sovunlab yuving.