Orzi xola umr yo'ldoshi rahmatli Mehmonqul buva bilan yashab o'n bitta farzand tug'di. Birontasi turmadi. Qilmagan irim-sirimi, chopmagan tabibi qolmadi. Umid qilaverdi, qatnayverdi o'sha tabiblarga. Oxiri, o'n ikkinchi bo'lib mana shu O'lmasvoyi tug'ilish arafasida Xudoning marhamati bilanmi, yaxshi bir tush ko'rdi. Tushida bir to'p oqqa o'rangan chollar Orzi xolani o'rtaga olib uzundan-uzoq duo qilishibdi. O'sha kuni ertalabiga O'lmasvoy dunyoga keldi… Yaxshi eslaydi… Mehmonqul buva dalada ketmonchi bo'lsa ham biron marta bo'lsin zoriqtirmadi ona-bolani. Azbaroyi quvonganidan kuchiga kuch qo'shilib ishladi. O'zini o'tga-cho'qqa urdi. Ammo, yakka-yu yagona farzandiga borini berdi… Voy-voy-voy!.. Otasi bu O'lmasvoyni qanaqangi erkalardi-ya!.. Hech kimni yomon ko'ngilda uning yaqiniga yo'latmasdi… Maktabda o'qib yurganida qizlar uning orqasidan chopishgani-chi?! Bolasi bechorani ko'z ochirishga qo'yishmasdi-ya, tushmagurlar! Uyalganidan o'zini qo'yarga joy topolmay qolardi sho'rlik… O'g'il bola bo'lsayam tortinchoq edi-da O'lmasvoy!.. Keyin-keyin o'ziyam tanlaydigan odat chiqardi… Ana shunisi yomon bo'ldi. Qancha-qancha yaxshi qizlarni yo'qqa chiqardi. Unisini undoq dedi, bunisini bundoq… Oqibati nima bo'ldi?.. Tanlab-tanlab topgani shu Sojidami?.. Beti qursin!..
«Voy, otasi-ey! — beixtiyor shivirlay boshladi Orzi xola ko'cha devoriga suyangancha uzoq-uzoqlardan ko'zini uzmay. — bu o'g'lingiz xotinga yolchimadi-ku!.. Nima qilay?.. Anavi Sojida bolamni «mol» qilib oldi. Chizgan chizig'idan chiqolmaydi sho'rlik… Saksonga kirganimda menga kun bermagani-chi!.. Muyulish ko'chadagi Farzinisaning aytishiga qaraganda, folchima-folchi yurarmish bu oting o'chgur… Voy, bittagina bolamni amal ichiri-ib bir balo qilib qo'ysa nima qilama-an, otasi?!» — Orzi xola ko'z-yoshlarini yengining bir burchagiga artib ulgurmay uzoqdan traktorning tarillagan tovushi eshitildi. «Ana, bu O'lmasvoyning taraq-turug'i!.. — ko'nglidan o'tkazdi Orzi xola biroz ko'ngli yorishib. — Ishqilib, yana mast bo'lmasin-da!.. Shu tobutingda tikka turgur xotinini deb ichkilikkayam o'rgandi-ya bolam tushmagur!.. Ichida armoni ko'p-da, axir!..»
— Ena, yana ko'chada o'tiribsizmi yarim kechasi?.. — norozi ohangda to'ng'illab qo'ydi O'lmasvoy Orzi xolaning yelkasidan tutib. — Maza qilib uxlasangiz bo'lmaydimi?.. Yosh bola bo'lmasam…
— Bolaginam-ey, odam qarisa shunaqangi kam uyqu bo'p qolarkan-da!..
— Bo'pti, bo'pti… Boring, endi o'rningizga yoting!..
O'g'lining sovuq muomalasidan Orzi xola ichida biroz xafa bo'ldi: «Sojida yaramas meniyam yomon ko'rsatib qo'ygan-da!» — deya o'zini yupatgan bo'ldi-yu, sekin-sekin yurib yotog'iga kirib ketdi.
***
— Bu kampirning dastidan o'lar bo'lsam o'lib bo'ldim… — shang'illay ketdi Sojida dasturxonga taq etkazib choynakni qo'yarkan. — Siz traktoringizda yallo qile-eb yurasiz-da, bilmaysiz…
— Ha, yana nima ayb qip qo'ydi enamiz?.. — piching aralash xotiniga gap tashladi O'lmasvoy.
— E-e, nima qilardi?! Kecha Boburingizning ishtonlarini yuvib dorga ilib qo'ysam, hali qurimasdan namligicha yig'ishtirvopti… Unga birov kir yig'ishtir deganmidi?.. Buyam mayli… Tushlikdan keyin suv opkelay deb ko'chaga chiqsam, anavi bor-ku, Farzi xola, o'shanga astoydil yomonlab o'tiribdi meni… Voy, men bu shum kampirga nima yomonlik qildim-a, nima yomonlik qildim?..
O'lmasvoyning ishtaha bilan tishlagan bir burda noni og'zida qoldi. Nima qilishni, xotiniga nima deb javob qilishni bilmay boshi garang bo'ldi. «Shu enam ham hech tinchimas ekan-da!.. — o'yladi O'lmasvoy boshidan do'ppisini olib. — Qarigan chog'ida namozini o'qi-ib o'tiravermaydimi jimgina!? Xudoning bergan kuni ikkalasining o'rtasida qozichilik qilishim kerak… Jongayam tegib ketdi-ku, axir!.. Unisi enam, bunisi xotinim… Ikkita bolani tug'ib qo'ygan, buyam haq…»
— Xo'sh, nima qil deysan?.. — yana hanuz uning og'ziga termulib javob kutayotgan xotiniga o'girildi O'lmasvoy. — Tag'in qozichilik qilaymi yo enamni urishib chiqaymi?..
— Yo'q, yo'q… — birdan jonlanib tilga kirdi Sojida, — enani urishib bo'larkanmi?! Qarg'avoradi-ya!.. Yaxshisi, mundoq qilsak… — Sojida go'yo nimalarnidir o'ylab, fikr qilayotgandek birpas jim qoldi-da, so'zida davom etdi: — Mana, o'zingiz o'ylang… Shuncha yildan beri biz qarab kelyapmizmi enangizga?.. Anavi… Bachqirdagi jiyani Abdumalik-chi?.. Oyda, yilda ammajon deb likillab kelishni biladi… Qarasin, ja mehribon bo'lsa… O'ligini bir amallab ko'mib olsangiz ham katta gap…
— Ovozingni o'chir!.. — beixtiyor o'shqirib yubordi O'lmasvoy. — Mening enamga o'lim tilaguncha o'zingga umr tila, tuzukmi?!
— Bo'pti… Bo'pti… — gapirgan gapidan pushaymon bo'lgandek boshini quyi soldi Sojida. — Aytdim-qo'ydim-da!.. Shungayam baqiraverasizmi?.. Xo'sh, haligi gapga nima deysiz?.. — O'lmasvoy indamay o'rnidan turdi-da, ko'chaga yo'l oldi. U shu tobda bir tomondan xotinining enasi to'g'risidagi diydiyolaridan bezor bo'lsa, ikkinchi tomondan bu hovlini enasisiz sira tasavvur etolmasdi.
***
Xotinining gaplarini O'lmasvoy kun bo'yi miyasidan chiqarolmadi. Goh enasini ko'zi qiydi, goh qiymadi. Turib-turib… Sojidani ko'z oldiga keltirib ko'rdi. Uning vajohat to'la basharasini tasavvur qilib ko'rib, kutilmaganda yuragini vahm bosdi: «Bir narsadan urush chiqarib enamni o'ldirib qo'ysa-ya!.. Ha, uning qo'lidan keladi… Tayoq-payoqminan bir ursa, kim ko'rib o'tiribdi… Qari kampirga ko'p narsa kerakmidi…» — O'lmasvoy yuragi bezovtalanib shu bugunoq yer haydab tugatish kerakligini ham unutdi. Traktorini shartta katta yo'lga burdi-da, hash-pash deguncha uyiga yetib keldi… Darvoza qarshisiga yaqinlashib avvaliga quloq solib ko'rdi. Hovli suv quygandek jim-jit… «Kunduz kunlari enam hovlini aylanib yurardi-ku!.. — xayolidan o'tkazdi u battar tashvishga tushib. — yo'q… Bekorga bezovta bo'lmadim, shekilli… Bir gap bo'lgan-ov enamga!..» — O'lmasvoy jonholatda ichkariga otilib kirdi-yu, to'g'ri Orzi xolaning xonasiga kirdi. Xayriyat… Enasi tinchgina tasbeh o'girib o'tirgan ekan. O'g'lini ko'rib Orzi xolaning chehrasi yorishib ketdi.
— Voy, bolam, bugun erta qaytdingmi?.. Kel, manavi yerga o'tiraqol!.. — Orzi xola shosha-pisha o'g'liga yonidan joy bo'shatdi.
— Sojida, bolalar ko'rinmaydimi, ena?.. — O'lmasvoy Orzi xola ko'rsatgan yerga o'tirayotib tashqariga alanglab oldi.
— Ke, qo'y o'shani… Beti qursin bunaqa kelinni… Nimaymish, he yo'q, be yo'q men jiyanimnikiga borib turarmishman… Axir… Bu uyni otang rahmatli qurib ketgan-ku!.. Men O'lmasvoyimni tashlab hech qaerga ketmayman, desam… Urmoqchi bo'ldi…
— Nima-a?.. — beixtiyor O'lmasvoyning yuzidan qoni qochdi. — Urdimi?..
— Voy, bolam, tinchlansang-chi!.. Muncha vahima qilmasang?! Menam ja kelinga urdirib qo'yadiganlardan emasman… Urib ko'rsin-chi!.. — Orzi xola to'satdan hassasini qo'liga oldi, — Mana shu hassaminan bir solib suyagini pachaqlab qo'yarman…
— Sizam o'shaminan hadeganda teng bo'lavermang-da, ena!.. — birdan gapni boshqa yoqqa burib yubordi O'lmasvoy. — U hali yosh bo'lsa… Jahl ustida biron yeringizga qattiqroq tegib ketsa nima bo'ladi?.. Umuman… Sojidaning gapidayam jon borga o'xshaydi… Qaynona-kelin hadeb achchiq-tirsiq qilavermay… O'sha jiyaningiznikiga borib tursangiz tinchroq bo'larmidi…
O'g'lidan hech qachon bunday gaplarni kutmagan Orzi xolaning yuragi uvishib, a'zoyi badanini sovuq ter bosgandek bo'ldi… Nahotki?.. O'z tuqqan bolasi shunday dedimi?.. Oq sut berib katta qilgan, ishdan kech qolsa ko'zlari nigoron bo'lib kutgan bolasi shunday dedimi?.. Demak… O'lmasvoyning ham joniga tegibdi-da qarigan chog'ida!.. «Voy tavba qildim-ey!.. Endi nima qilaman?.. O'lmasvoyimsiz qandoq yashayma-an?..» — Orzi xola o'g'lining ko'zlariga qarayolmadi. Munchoqdek to'kilib kelayotgan yosh boshini egib qo'ydi. Faqat… Zo'rg'a, zo'rg'a so'nggi so'zini ayta oldi:
— Senam meni haydayapsan-a, O'lmasvoy, haydayapsan-a?.. Mayli… Sen shuni istasang, ketganim bo'lsin… Lekin… Sensiz qandoq qilarkinman… Bilmadim, bolajonim, bilmadim…
— Xabar olib turaman, ena!.. Kunora borib turaman… — O'lmasvoy enasining oldida ortiq tura olmasligiga ko'zi yetdimi, zarda bilan o'rnidan turdi-da, tashqariga chiqib ketdi.
***
Sojidani ilgarilari ham ko'p marotaba shayton yo'ldan urgan. Bolaligida otasining katmonchasini bir necha marta o'marib ko'rgan… Bilmagan… Keyinchalik O'lmasvoyga tekkandan keyin dalaga chiqib yurib bilib-bilmay Hasan birgad bilan don olishib qo'ydi… Xayriyat, eri sezmay qoldi… Bugun bo'lsa… Qaynonasi jonidan to'ydiryapti… «Meni hassaminan urdi-ya!.. — o'zicha g'udrana boshladi Sojida lablarini asabiy tishlab. — Voy padaringga la'nat-ey! Hali meni ota-onam ham urmagan… Men ahmoq bu sassiq kampirning ovqatini pishirib, isqirtlarini tozalab yursam-u, u rahmat aytish o'rniga hassaminan tushirsa… Hali qarab turgin… Bir tepib ko'chaga chiqarib qo'ymasammi!..» — U o'ylana-o'ylana kaltak yegani yuragiga tobora qattiq tegib yugurganicha qaynonasining xonasiga kirib bordi.
— Menga qara, sassiq! — ro'molini qo'liga olib o'shqira ketdi Sojida. —elkamni ko'r, ko'karib ketibdi… Ota-onamdan yemagan kaltakni sen qaltiroq kampirdan yeymanmi-a?.. Men sening g'amingni yeb gapirgandim.
— Nima deding?.. — qo'liga hassasini olib urishga chog'landi Orzi xola. — Qani, yaqin kep ko'rgin, naq suyagingni maydalab tashlayman sen juvonmargni!..
Azbaroyi xunobi oshgan Sojida jahl bilan hassaga yopishdi-yu, bir chekkaga irg'itib yuborib, kutilmaganda ikki qo'li bilan Orzi xolaning bo'yniga chang soldi.
— Sen sassiqni hoziroq o'ldiraman!
— O'ldirib bo'psan!..
Qaynona-kelinning olishuvi uzoqqa cho'zilmadi… Yo'q, yo'q… Sojida bilmay qoldi-da!.. Endi nima qiladi?.. O'ldirib… Odam o'ldirib qo'ydi-ku, axir!.. Nima qilsa ekan-a?.. Nima qilsa ekan?.. O'g'li kelib qolsa, tiriklay ko'mib yuboradi-ku!.. Yo'q… Yashirish kerak… Ha… Ko'mib yuboradi-da, o'zi qochvoradi… Bolalar?.. Ular ham bir kunini ko'rar…
Sojida telbalarcha nimalardir deb shivirlagancha kampirni kir o'raga sudrab keldi… Ha, ha… Chuqur… Tashlab yuborsa bo'ldi… U hech narsani bilmaydi… Hech qanaqa o'likni ko'rgani yo'q… Orzi xolaning hali sovub ulgurmagan tanasi mag'zava to'kilgan o'raga shaloplab tushdi va Sojida shu zahotiyoq o'raga qum tashlay boshladi.
***
O'lmasvoyning ishlari, baribir yurishmadi. Yuragi g'ash tortib turli shaytoniy xayollarga boraverdi. Buning ustiga traktor qurg'urning g'ildiragi ishdan chiqdi. Xunobi oshgan O'lmasvoy qarta boshiga kelib o'tirdi. O'tirdi-yu… Quloqlari ostida xuddi enasi dod solayotgandek bo'laverdi… Yo'q… U borishi kerak… Bormasa bo'lmaydi… Bu yurak qurg'ur bekordan-bekor g'ash tortmayotgandir… U shartta o'rnidan turdi-da, shahdam qadamlar bilan uyga jo'nadi…
Darvozadan ichkariga kiriboq, to'g'ri enasining xonasiga ko'z tashladi. Hech kim yo'q… Uydagi narsalar negadir betartib sochilib yotibdi. «Ketib qolgan bo'lsa-ya!..» — miyasiga kelgan o'ydan o'zi ham seskanib ketdi… Shoshib o'zining uyiga kirdi… Uy bo'm-bo'sh… Yuragini battar vahm bosib hovliga chiqdi… Hovli chetidagi o'raning ko'mib tashlanganini ko'rib hayron bo'ldi… Qandaydir noma'lum ovoz uni «Och, och, o'rani och!..» degandek bo'laverdi. Ketmonni qo'liga olib telbalarcha o'rani qaytadan kavlay boshladi. Ilgarigi joyigacha kavlab tushgach… Ne ko'z bilan ko'rsinki… Mag'zavali balchiq yuzida… Orzi xolaning shishib ketgan murdasi qalqib turardi…
— Ena-a!.. — murdani quchoqlab yuqoriga olarkan, bor ovozda qichqirib yubordi O'lmasvoy. — Ena-a!.. Nimalar qip qo'ydingiz?.. Meni kimlarga tashlab ketdingi-iz?.. — Uning faryodini eshitib hovliga qo'ni-qo'shnilar yig'ila boshladi.
***
— Bir isqirtning kasriga qolgan enam-a!.. Diydorimga to'ymagan enam-a!.. Axir… Jiyaningiznikiga tinchgina borib tursangiz shu ishlar bo'lmasdi-ku, ena!.. Haromi keliningizni bilardingiz-ku!.. Qani u qanjiq?.. Qani mening enamga chang solgan?.. Enamning qasosini olmasdan qo'ymayman… Topib beringlar uni!..
O'zini u yoqdan bu yoqqa urib tinimsiz dod solayotgan O'lmasvoyni kimdir qarg'adi, kimdir tasalli berdi. Mahalla oqsoqoli Sobir ota uning yelkasidan tutib dast o'ziga qaratdi-da, bir gapni aytdi:
— Menga qara, O'lmasvoy… Ko'pam dod-voy qilaverma!.. Endi foydasi yo'q… Enang senlardan qutulganiga shukr qilib yotgandir… Bir umr seni deb yashadi… Biron marta chuchuk so'z berdingmi enangga?.. Yo'q… Uning o'rniga xotinchangning nog'orasiga o'ynading… Onani topib bo'larmidi, uka!?
— Yo'-o'q!.. — O'lmasvoy jon talvasasida oqsoqolning qo'lidan chiqib Bachqir tarafga yugurib ketdi. Uning niyati, qanday bo'lmasin Sojidani topish va o'ldirish, toptash, majaqlash, tanasini bo'lak-bo'lak qilib itlarga yedirish edi xolos. Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|