Lolaxonni Oltinqo'rg'onning oldi xonadoniga berishgandi. Qishloqning eng kelishgan, chiroyli qizi bo'lgani uchunmi, kuyov bo'lmish Ne'matjon unga tilab-tilab uylangandi. Aslida, o'zi ham yomon bola emas. Yigitmisan yigitdek, qosh-ko'zlari qop-qora, har qadam tashlaganda tog'larni zirillatgulik kuchi bor, kolxozda bosh hisobchi edi… Nima qilsin?!
Lolaxon uch yil tishini-tishiga qo'yib yashadi. Ko'ngli isimadi eriga. Yotsa ham, tursa ham o'sha o'zining o'gay akasi traktorchi Xoliqnazarni o'ylayverdi. Kechalari u anavi Oyposhsha bilan yotganini eslasa, battar azoblanaverdi. Eri ishdan kech kelgan kunlari xonasida yoti-ib uzoq xayollarga cho'mdi. "Qiziq, — derdi har safar o'ziga-o'zi, — Mendan boshqalar ham, o'gay bo'lsa-da, akasini sevib qolganmikin?.. Shuncha yil o'zimni undan sovitmoqchi bo'ldim… Qizlik paytimda ana shu sevgimning dastidan enamning kaltaklarini yedim, akam qancha vaqt menga gapirmay yurdi… Qaytolmadim-ku yo'limdan!.. Qayoqdanam ota-onam uni ko'chadan topib asrab olishgan ekan?! Asrab olishmasa, shunaqangi narsalar bo'lmasmidi?.. Ammo mana, erim bilan shuncha yashadim, ko'nglim ilimasa nima qilay?.. Nega meni hech kim tushunmaydi-a, nega?.. O'gay akamni ko'rdim deguncha, o'zimni yo'qotib qo'yaversam, unga xayolan talpinaversam… Akamning, hech bo'lmasa, o'shaning rahmi kelmasa… Nima qilay?.. Qachongacha vijdonimga qarshi, o'zimni aldab yashayman?!”
Lolaxon kun peshindan oqqanda sekin hovliga chiqdi. Tevarak-atrofga qandaydir hissiz nazar bilan boqdi… Shu tobda saroylardek savlat to'kib turgan hovli ham, so'rida cho'k tushib astoydil ko'rpa qaviyotgan anavi qaynonasi-yu, hatto o'zining egnida yashnab turgan "Esmeralda” ko'ylagigacha, hamma-hammasi ko'zlariga baloday ko'rinib ketdi. "Yo'q, ketmasam bo'lmaydi, — xayolidan o'tkazdi Lolaxon, — Borib akamni ko'rmasam, unga yana bir marta uqtirib ko'rmasam bo'lmaydi… Men Oyposhshaminan yayra-ab yashashlariga sira-sira chidolmayman… U akamning tirnog'igayam arzimaydi… Akamga faqat men munosibman…” Lolaxon sekin qaynonasining ro'parasiga keldi-da, gapni nimadan boshlashni bilmay kalovlanib qoldi.
— Ha, qizim, — dedi qaynonasi uning nimadir demoqchi bo'layotganini sezib, — Gapingiz bormidi menda?.. Yasanib olibsiz, tinchlikmi?..
Lolaxon bir muddat sukut saqlab turgach, o'zini qo'lga oldi. U yoq-bu yog'ini to'g'rilagan bo'lib qo'llari bilan ko'ylagini paypaslay-paypaslay so'z boshladi:
— Men uyimizga ketyapman, aya!.. Butunlay ketyapman…
— Voy, bu nima deganingiz, bolam?.. Butunlay deganingiz nimasi?.. Yo Ne'mat qurg'ur xafa qip qo'ydimi-a?.. Biluvdim… Nimaga har kuni hovlidan uyga kirmaydigan kelinimdan bugun darak yo'q, devdim-a!.. Hali kelsin u yaramas, adabini bermasammi!..
— Yo'q, undaymas… Shunchaki… O'g'lingizda ko'nglim yo'q… Iltimos, orqamdan borib ovora bo'lmasinlar… Men endi qaytolmayman… — Lolaxon shu gaplarni aytdi-yu, orqa-ketiga qaramay, hovlidan chiqib ketdi.
Qaynona esa, nimalar bo'layotganiga hanuz aqli yetmay, allaqachon yo'lga tushib olgan kelinining ortidan hay-haylab qolaverdi.
***
U Lolaxonning otasi. Yoshi ham yetmishni yoqalab qoldi. Yigitlik davrida ketmonchilikdan to kolxozning ombor mudirligigacha yetgan. O'ziyam ja chapani yigit bo'lgan-da!.. "Uni ber, buni ber”, deb oldiga kelganlarning keragicha oshini yegan, arog'ini ichgan, xullas, kayfini qilgan. Ammo bir so'm ham pora olmagan. Bolalarimga harom yedirmayman, o'sha harom o'zimga kelib, o'zimdan ketaversin, degan… Xo'sh, oqibati nima bo'ldi?.. Qarigan chog'ida bu bolasi tushmagurlar ignachalik ham karomat ko'rsatishmadi… "Akamni yaxshi ko'raman deydi-ya!.. Astag'firullo!.. Qanday zamonlar bo'lyapti o'zi?.. Dardini kimga aytsin?.. Enasi qurmag'ur mana 40 yildan berisiga tuppa-tuzuk yashayapti-ku menminan!.. Kimga tortdi o'zi bu shakkok qiz-a?.. Men axir unga harom yedirmagandim-ku!.. Nega qarigan chog'imda yuzimga oyoq qo'ymoqchi?.. O'gay bo'lsayam, harqalay, aka degan nomi bor…”
Do'lta buvaning beixtiyor ko'zlari yoshlandi. Umrida yig'lab ko'rmagandi. Hozir bi-ir to'yib yig'lamoqchi bo'ldi-yu… Buniyam eplayolmadi… Hadeganda o'pkasi to'lib kelavermagandan keyin qanday yig'lasin, axir?.. "Bu… Yig'i deganiyam anavi qizim Lolaga o'xshab qaysar bir narsa bo'ladi shekilli-da!”
Do'lta buva bir kampiri Mayram xolaga, bir hanuz ro'parasida tumshayib o'tirgan qiziga qarab oldi-da, po'pisa aralash gap boshladi:
— Menga qara, senlarni harom-harishminan boqmagandim-ku! Hech zamonda odam akasigayam ko'z olaytiradimi-a?.. Bolalikdan aka-singil bo'lib o'sding, axir!.. Yo'q… Bunaqasi mening avlod-ajdodimda bo'lmagan… Qarigan chog'imda mahalla-ko'y oldida boshimni egmoqchimisan?.. Bunaqa hunaring o'tmaydi… Hozir tinchgina uyingga jo'namasang…
— Nima qilasiz?.. — otasining so'zini bo'ldi Lolaxon yig'lab, — Ayting, nima qilasiz?.. Sizlar sevgi nimaligini qayoqdanam tushunardingiz…
— He sevgingning padariga la'nat!.. — qo'liga hassasini olib baqirdi Do'lta buva, — Sevgimish-a, sevgimish!.. Akasiga ko'z olaytirgan qiz juvonmarg bo'lmay qolmaydi… Yo'qol, dedim, obro'ying borida!.. Bo'lmasa… Bo'lmasa… Hoziroq qarg'avoraman, haromi!..
Mayram xola hozir qandaydir noxushlik yuz berishini sezib jon talvasasida erining yelkasiga yopishdi.
— Qo'ying, otasi, shaytonga hay bering… O'zingizni bosing… Hali yosh-da! Insofga kep qolar, axir!
Lolaxon esa bu vaqtda chorbog' tomonga o'tib silkina-silkina yig'lardi.
***
Lolaxon bahor oylarini juda yaxshi ko'radi. Har kuni erta tongda ariq bo'yiga chiqib o'tirsa ko'ngli yoziladi… Yana bahorning shunisini yoqtiradiki, akasi kechasi-yu kunduzi dalada bo'ladi. Uyda aytolmagan ichidagi gaplarini ishlayotgan joyiga borib bemalol ayta oladi… Lekin… Akasi ham har safar jerkib solaversa, uni aqldan ozganga yo'yaversa, nima qilsin?.. Qanday qilib uning tosh ko'ngliga yo'l topsin?.. Baribir, tug'ishgan aka-singil emas-ku, ular!.. Axir sevib qolgan bo'lsa, uni ko'rdi deguncha yuragi o'ynab ketaversa, u gunohkor emas-ku!.. Yo'q… Chidayolmaydi… Oyposhsha bilan bir to'shakda yotib turishiga, o'shani xotinim deb atashiga aslo chidayolmaydi…
"O'ldiraman, — pichirladi Lolaxon, — Ha, ha… Oyposhshani o'ldiraman!.. Ana undan keyin Xoliqnazar faqat meniki, faqat o'zimniki bo'ladi… Mayli… Qamalsam-qamalarman… Baribir, bir kun qutulib chiqaman-ku!.. Ha… Uni Oyposhshaga berib bo'pman!..”
Yuragi shaytoniy hislarga to'lib-toshgan Lolaxon beixtiyor erini, kechagina ortidan hay-haylab qolgan qaynonasini esladi. Ne'matjonning har safar yuzlaridan, bo'yinlaridan yutoqib-yutoqib bo'sa olishlarini, suyib-erkalashlarini ko'z oldiga keltirib ko'rdi… Shu mahalda nega bularning hammasini o'ylab qoldi?.. Bilmaydi… Faqat… Erini yodga olgani sari uning siymosi ilondek sovuq tuyulaverdi… "O'shandayam meni akasidan sovisin degan niyatda shu go'rso'xtaga uzatib yuborishgan-da! — xayolidan o'tkazdi Lolaxon, — Axir men o'gay akamni bolaligimdan yaxshi ko'raman-ku!.. Mayli… O'lib ketishsin… Oyposhshaning boshiga yetganimdagina ko'zi ochiladi bularning…” Lolaxon bir qarorga kelgandek sekin o'rnidan turdi-da, hovlisiga yetguncha o'z niyatini qanday amalga oshirish haqida bosh qotira bordi.
***
Oyposhsha ozg'in, kesimi judayam kichkina ayol. Onasi qazo qilgach, o'gay onaning qo'lida rosa azob chekdi. Ana o'sha o'gay ona uni bolaligida, "He, sholipoyadagi yog'och qo'riqchiga o'xshamay o'l!..” — deb qarg'agani-qarg'agan edi. Xoliqnazarga tegib endi baxtimni topdim deganda qayinsinglisining qilig'i oshib tushyapti!.. Buyoqda necha yildan beri farzand ko'rmay ezilib yurgan bo'lsa… Qaysi biriga chidasin?.. Bu ham yetmaganday kecha tushida oziq tishi o'zidan-o'zi tushib ketibdi… Yana qanday balolar boshlanar ekan-a?.. Tap etib eriga bir narsa bo'p qolsa-ya!.. "Tuf-tuf-tuf…” Oyposhsha o'ylagan bema'ni o'yidan vahimaga tushib shosha-pisha hovliga chiqdi. Uyda negadir hech kim ko'rinmadi. U yuragi g'ash tortib supur-sidir qilish ilinjida yana ichkariga qarab yurdi. Shu payt kutilmaganda Lolaxonning ovozi eshitilgandek bo'ldi.
— Hoy, to'xta, senda ishim bor!..
"Boshlandi, — o'zicha pichirlab oldi Oyposhsha sekin orqasiga o'girilib qararkan, — Quturmay o'lgur yana er talasha boshlaydi hozir…”
Lolaxon Oyposhshaning yaqiniga kelib to'xtadi-da, kamzulining yon cho'ntagidan ingichka ipak arqon chiqardi.
— Men senga necha marta aytgandim-a?.. — tahdid bilan so'z boshladi Lolaxon Oyposhshaga yeb qo'ygudek tikilib, — Xoliqnazarning boshini ochib qo'y demaganmidim?! Ersiramay o'lgur, sen unga munosibmassan…
— Lolaxon, axir u akangizday gap-ku!.. — dedi goh qo'rquv, goh hayajon aralash Oyposhsha, — Hadeb bitta gapni qaytaraverarkansiz-da, endi!..
Lolaxon bu gaplardan so'ng battar tutoqib, kutilmaganda Oyposhshaning bo'yniga chang soldi. Afsuski, qarshilik ko'rsatishga, Lolaxonning changalidan qutulishga Oyposhsha kuch topolmadi. Jon shirinlik qilib qancha silkinib chiranmasin, foydasi bo'lmadi. Lolaxon qo'lidagi arqonni epchillik bilan uning bo'yniga o'rab olib kuch bilan bo'g'ar, Oyposhsha xirillab-xirillab tipirchilagan sari "O'lasan!.. O'lasan!..” — deya qichqirardi. Shu payt Lolaxon tasodifiy tepki zarbidan ancha nariga uchib ketdi. Belida paydo bo'lgan qattiq og'riqqa chidolmay asta boshini ko'tardi-yu, sal narida Xoliqnazar xotinining yuziga tinimsiz shapatilab hushiga keltirmoqchi bo'layotganini ko'rib battar tutoqdi. Lekin u hozir harchand urinmasin, zambildek og'irlashib qolgan gavdasini yerdan ko'tarib olishga kuchi yetmasdi.
***
Xoliqnazar traktorchi bo'lsa ham juda g'ururi baland yigit. Sha'nini poymol qilishsa, sira kechirolmaydi. Xotinini juda yaxshi ko'radi, e'zozlaydi. Bola tug'ilmayotganidan siqilgan paytlarida unga dalda beradi, yupatadi. Lekin Lolaxonning vahshiyona qilig'idan so'ng ancha cho'kib qoldi. Ikki kungacha uydan hovliga chiqmadi. O'yladi, ezildi. Nima qilishni, qanday yo'l tutishni bilmay rosa xunob bo'ldi. "Ko'zimni chirt yumib o'ldirib yuboray desam, Xudodan qo'rqsam… — o'ylardi u boshini changallab, — Urganing, so'kkaning, hatto uydan haydab yuborganing bilan tushunmasa bu behayo… Nima qilish kerak-a, nima qilish kerak?..” Bu ham yetmaganday endigina ko'chaga chiqsa, mahalla oqsoqoli Imomberdi sovunkash (Yoshligida sovun olib sotgani uchun qishloqdagilar shunday laqab qo'yib olishgan) ko'chadan o'tib ketayotgan ekan. Xoliqnazarni ko'rdi-yu, xuddi yo'qotgan narsasini topib olgan odamdek hovliqib gap boshladi:
— Xoliq… Uka, hammasini eshitdim… Yaxshi ish bo'mapti… Lokigin… Sen to'g'ri ish tutibsan-u… Mahallada boshqacha gaplar ham tarqab ketib qopti-da, uka!..
— Yana qanaqa gap tarqalishi mumkin?.. — hayron bo'lib so'radi Xoliqnazar.
— Sening kimligingni mahalla biladi-ku!.. Gap shundaki, singling, aytishlaricha, Homit birgadni shiyponida yotib yurganmish… Kimdir kechki payt u yerdan bir-ikkita begona erkak chiqib ketganini ko'rganmish… Tag'in… Bilmadim…
Xoliqnazarning hushi boshidan uchdi. Bunday xunuk gaplardan so'ng sovunkashning ko'zlariga qarayolmas bo'ldi. Nomusdan yuzlari shuvut bo'lib na yurishni bildi, na turishni. "Lola buzuqi… — xayolan o'ziga-o'zi savol berardi u yerdan ko'zini uzmay, — Menga osilgani yetmaganday, boshqalarniyam yo'ldan ura boshlabdimi endi?.. Oilamiz sha'nini yerminan bitta qilmoqchimi u maraz?! O'ldiraman!.. Bir tomchi qoni qolmaguncha bo'g'izlayveraman uni… Buzuqlik qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yaman hali…” Xoliqnazar yo'lga otlanmoqchi bo'lib yerdan boshini ko'targanida Imomberdi sovunkash allaqachon ko'zdan g'oyib bo'lgandi.
***
Xoliqnazar shiyponga borishdan avval uyga kirib og'ilxonadan uzun bir arqon topdi. Pichoq ko'tarib yurishga negadir yuragi dov bermadi. Ish bitgach, hech kimga indamay ko'chaga chiqdi-yu, shiypon tarafga qarab yo'l soldi…
Homit birgad: "Shiyponni ta'mirlash kerak”, degandan beri bu yerga dalachilar qadam bosmay qo'yishgan, suvoqlari ko'chib, sinchlari yiqilay-yiqilay deb qolayozgan binoni kunduzi kalamushlar, kechasi bo'lsa, qishloqning quturgan itlari makon tutishgandi, xolos. "Bunaqangi qo'rqinchli yerda bir o'zi qanday yashab yuribdiykin bu yaramas?.. — ko'nglidan o'tkazdi Xoliqnazar shiypon so'risida teskari o'girilib olgancha suvga qotgan non botirib yeyayotgan Lolaxonga sekin-astalik bilan yaqinlashib kelarkan, — Tovuqmiya-ey, erinikiga borib tinchgina yashayversa o'larmikin?.. Ha, miyam qursin-a, qalang'i-qasang'ilar kep turgandan keyin nimadan qo'rqardi…”
Lolaxon o'ziga yaqinlashib kelayotgan qadam tovushlarini sezgandek shoshilinch orqasiga o'girildi-yu, ro'parasida Xoliqnazar turganini ko'rib beixtiyor quvonib ketdi.
— Voy, keling… Mendan xabar olgani keldingizmi?.. Bilardim, akajon, sizam menga befarq emasligingizni aniq bilardim… Voy, nega arqon ko'tarib yuribsiz?.. Ha-a, mol boqishni bahona qilib chiqibsiz-da-a uydan!.. To'g'ri-da, anavi "qo'riqchingiz” bilib qolsa qo'yarmidi sizni…
Xoliqnazar uning gaplarini jim turib eshitdi. So'zini tugatgach, zo'rg'a jahlini tiyib savolga tuta boshladi:
— Qaysi erkak bilan yotib yuribsan?..
Kutilmagan savoldan Lolaxon seskanib tushdi.
— Nima deganingiz bu?.. Qanaqa erkak?..
— Kimlardir kep-ketib yurganmish-ku!..
— Voy, tavba qildim-ey… Kim nima desa ishonaverarkansiz-da! Axir… Men hali aqldan ozganim yo'q-ku!.. Nahotki, men shunaqangi buzuq ayollarga o'xshasam-a?..
Bu gaplardan so'ng Xoliqnazar ancha hovuridan tushdi. Yuragining allaqaerida Lolaning yengiltak emasligiga ishongandek bo'ldi… Lekin… Uyga olib ketishga qo'rqdi… Otasidan hayiqdi… Hamma gaplarini aytib bo'lib ham undan ko'z uzolmayotgan o'gay singlisining yuz-ko'zlariga, mayin sochlari-yu, go'zal chehrasiga ichki bir achinish bilan umrida ilk marotaba tikilib qaradi. Ko'zlar to'qnashdi… Ammo Xoliqnazarning ko'zlarida sevgi-muhabbat emas, akalik mehri tovlanardi, xolos.
***
Xoliqnazar qishloqqa qaytarkan, yo'l-yo'lakay barcha g'am-anduhlarini aroq bilan bir yengib ko'rmoqchi bo'ldi va uyiga kirmay to'g'ri guzarga qarab yurdi… Pivoxonaga yetib kelgach, o'ziga ulfat qidirib ko'rdi. Xuddi aksiga olgandek birontayam tanish uchrayvermagach, stakanni to'ldirib aroq oldi-da, bir ko'tarishda sipqordi. Keyin… Aroqning ustidan sigaret tutatib ko'rdi… Kayfi taranglashgan sari Lolaxonga achinib ketaverdi, mehri tovlanaverdi. Ikkinchi stakanni yarmigacha bo'shatgach, dovdirab ketmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan yurib oziq-ovqat do'koniga kirdi. U yerdan bir bo'lak kolbasa, non, mayda-chuyda degandek sotib oldi-yu, yana shiyponga jo'nadi…
Xoliqnazar yetib kelganda Lolaxon bu yerlarda o'zidan bo'lak hech kim bo'lmagani uchunmi, lozimini tizzadan balandigacha ko'tarib oyoq yuvayotgan ekan. Xoliqnazar beixtiyor g'alati bo'lib ketdi. "Yo'q… — dedi ichida, kayfi bo'lsa ham o'zini tutib, — Axir… Singlim-ku!.. Qarab turaversam uyat bo'ladi…”
— Lolaxon!.. — deya qichqirdi u teskari qarab, — Senga ovqat opkelgandim, singlim!..
— Voy, aka, sizmisiz?.. Nega teskari qarab turibsiz?.. Kelavermaysizmi? — dedi erkalangan ohangda Lolaxon hanuz oyoq yuvishda davom etarkan.
— Mayli… Sen bemalol yuvinib olavergin… Keyin borarman…
Hash-pash deguncha Lolaxon yuvinib ham bo'ldi. Xoliqnazar o'rtaga eski bir dasturxon yozib, olib kelgan narsalarini qirqib-qirqib Lolaning oldiga qo'ydi. U kolbasani ishtaha bilan tanovul qilarkan, o'gay akasidan ko'zini uzmasdi. Kayfi keragicha taranglashib bo'lgan Xoliqnazar esa, ketini-ketiga ulab sigaret tutatardi. Lolaxon ovqatlanib bo'lgach, tobora ko'zi ketib borayotgan akasiga tikilib turib o'zi ham payqamagan holda ohista pichirladi: "Bugun Xoliqnazar, baribir meniki bo'ladi…” Xoliqnazar haqiqatan bir tomondan ichkilik, bir tomondan sokinlik eltdimi, o'tirgan yerida rostakamiga uxlab qoldi. Uning uxlaganiga to'liq ishonch hosil qilgan Lolaxon bo'lsa, tezda nimchasini yostiq o'rnida qo'yib polga yotqizdi. Keyin… Bir muddat tikilishdan so'ng akasining ko'ksiga boshini qo'ydi. Sezmadi. Labiga labini bosib ko'rdi. Yana payqamadi… Fursatdan foydalangan Lolaxon endi Xoliqnazarning duch kelgan yeridan o'pa boshladi. O'z niyati, ehtiroslari yo'lida sharm-hayosi ham ko'ziga ko'rinmadi. Pishillab uxlayotgan akasiga suykalaverdi, to'lg'onaverdi… Kayfi tarang erkak nima qilsin?.. Balki, tushda deb o'yladimi, yo ehtiros ustunlik qildimi, uyquli ko'zlarini ochish malol kelsa-da, ustiga astoydil yastanib yotib olgan juvonni beixtiyor quchoqlab oldi…
XOTIMA O'RNIDA
Lolaxonning o'ylamasdan bosgan qadami ikki oilani buzibgina qolmadi.
Ertasi kuni uyg'onib o'zini singlisining bag'rida ko'rgan Holiqnazar nomusdan o'lay dedi. Taqdiriga, qismatiga la'natlar o'qidi. Lolaxonni ham urishib tashlashni xohlardi. Urib tashlagisi kelardi. Biroq tili qisiq. Istaydimi-yo'qmi, qand yeb qo'ygan. Endi ajrini tortishga mahkum…
Shu kuni peshinga yaqin Holiqnazar serqatnov yo'lga chiqib katta tezlikda kelayotgan yuk mashinaning ostiga o'zini otibdi.
Lolaxon esa…
Jondan aziz akasining o'limidan so'ng ko'p yashay olmadi.
O'zini katta kollektorga otib nobud bo'ldi. Turish-turmushi gunohlardangina iborat, sevgi deyishga-da arzimas borliq, hayvoniy hirslar asosiga qurilgan ehtiros yer bilan bitta bo'ldi.
Astag'firillo!!! Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|