— Biz insonlarning qismatimiz turlicha yaratilgan. Sevimli gazetamning «Turmush» sahifasida har xil taqdirlar haqida o'qiyman. Ishonsangiz, har bir dardli qalbning nolasini o'qib, ko'zimga yosh keladi. Bilmadim, ehtimol, mening bu ta'sirchan fe'l-atvorim o'zimga faqat zarardir.
Onam rahmatlining ham ko'ngli shunday bo'sh edi. Biz juda nochor ahvolda yashar edik. Aqlimni tanibmanki, ota-onam daladan beri kelmas, arzimas narsalardan ham juda xursand bo'lardik. Turmushga chiqish paytim kelganida, meni bir odamga uzatishdi. U paytlar hozirgiday avval obdan telefonda gaplashib, bir-birini o'rganib, so'ng oila qurish degan vaziyatlar qayoqda deysiz?! Qolaversa, qishloq joy, odamlar gap qiladi, deb ham ikki martagina uchrashib, to'yni o'tkazib yuborganmiz. Bilmadim, ehtimol, eng katta xatom aynan shu yerda boshlangandir. Sababi, men erimning ichki ruhiyatini, qanday odamligini zarracha tushunmay oila qurganman. U bilan deyarli gaplashmas, bizni o'rtada bog'lab turadigan hech narsa yo'q edi. Men turmush qurish, aslida, shunday bo'lsa kerak, deb nolimasdan yashab yuraverdim. Biroq farzandim tug'ilgach, erim menga umuman qiyo boqmay qo'ydi.
Kunlarning birida shaharga ketdi-yu, shu bilan qishloqqa qaytmadi. Bu davr ichida o'zimdan nima o'tganini o'zim bilaman. Qo'limdagi qizalog'im bilan qaynopalarim zug'umiga bazo'r chidardim. Tabiatan hamma narsaga ko'nikib ketaveradigan, o'z haqini ham so'ramaydigan toifaga kirganim uchunmi, meni hamma osongina yanchib o'tardi. Bir kuni erimning shaharda yoshi kattaroq juvonga uylanib olgani haqidagi xabarini eshitdim. Ana o'sha payt erimni juda yaxshi ko'rishimni tushundim. Ehtimol, hayoti davomida hech bir erkakni yaqinroqdan ko'rmagan qiz uchun bu sevgi bo'lib tuyulgandir. Balki, ko'z ochib ko'rgan insonimni boshqa ayolga berib qo'yishni istamagandirman. Xullas, qizimni olib shaharga qanday uchib borganim o'zimga ayon. Bir amallab erimning manzilini topdim ham. O'sha kuni erim meni qo'limdagi qizim bilan jala quyib turganiga qaramay, ko'chaga haydab yubordi. Ba'zan o'ylab qolaman, insonlar qanday qilib bunchalik vahshiy bo'lishi mumkin?! «Nahotki, qiziga rahmi kelmadi?» deb o'ylayverib esim ketgan. Yomg'irda erimning ko'p qavatli uyi oldida turganim kechagidak yodimda. O'shanda dilim shu qadar og'riganki! Bir yoshli qizimni bag'rimga bosib, erimni qarg'adim! Shunchalik qarg'adimki, baqirib-baqirib, xo'rligim kelib qarg'adim. Erim esa derazasi pardalarini yopib, chirog'ini o'chirdi. Uyga qanday yetib kelganimni ham g'ira-shira eslayman, xolos. Bir hafta o'tar-o'tmas esa qizalog'im badanida oq dog'lar paydo bo'ldi. Bunga esa mening qarg'ishim sabab! «Qarg'ishning ikki uchi bo'ladi. Biri, albatta, o'zingga uradi», degan gapga juda ishonaman. Balki, mening ham qarg'ishim o'sha payt bolamga urganmikin?.. Hozir qizimning bo'yi yetib malikaga aylangan. Ammo uning oq dog'lari… Men notavon bu holatda o'zimni ayblayveraman. Chunki men aybdorman!.. Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|