Damir Sultonovich inqillagancha o'rnidan turarkan zalvorli gavdasining qo'zg'alishidan o'tirgan stuli og'ir g'ichirlab ketdi. U oq oralagan jingalak sochlarini qo'li bilan orqaga tarar ekan, chuqur ux tortib qo'ydi. Haqiqatan ham, keyingi paytlarda Damir Sultonovichni oyoq og'rig'i bezovta qilardi.
Damir Sultonovich yoq-bu yoqdan suhbatlashib o'tirgan eshik og'asi bilan xayr-xo'shlashdi-da, asta o'zi rahbarlik qiladigan kafedra tomon yurib ketdi. U keng yo'lak bo'ylab ketarkan, uchragan domlalar bilan bosh irg'ab ko'rishar, ayrim talabalarni ko'rib qolsa sekingina tirsagidan olib, chetga tortgancha allanimalarni uzoq tushuntirardi.
Shu ko'yi Damir Sultonovich qora charm tortilgan kafedra eshigiga yetib keldi. Hashamatli dastakni ushlagancha biroz o'ylanib turdi-da, ichkariga kirdi. Xonada o'tirganlar domlaning hurmati uchun baravar o'rnidan turib salom berishdi.
Damir Sultonovich o'qituvchilar bilan birma-bir ko'rishib chiqqach, to'rdagi chog'roqqina stol yoniga borib o'tirdi. Keyin nimalarnidir xayolidan o'tkazgancha og'ir xo'rsinib qo'ydi. Katta o'qituvchi Muazzam opa Damir Sultonovichga qaynoq choy olib keldi. Domla kattagina sumkasidan allaqanday qog'ozlarni olib, stol ustiga tashladi-da, xayolga berilgancha choy icha boshladi.
O'qituvchilar Damir Sultonovichga ham hurmat, ham achinish bilan qarab turishardi. Hurmat qilishmasinmi, domlani nafaqat institutda, balki butun mamlakatda yaxshi tanishadi. Geologiya bo'yicha yetuk olim, ko'plab xalqaro konferensiyalarda qatnashib, hatto chet el olimlarini ham lol qoldirgan.
Achinish masalasiga kelganda… Buni ko'pchilik go'yo kechagina bo'lgan voqeadek eslashadi.
Oltmish yoshdan oshgan Damir Sultonovichning butun yoshligi ilm ketidan quvish bilan o'tdi. Lekin shunga qaramay, domla qarindosh-urug'chiligu ulfatchilikni o'rniga qo'yardi. Ko'pchilikka aralashib qolsa, suhbatning guli edi. Jahon kezgan olim emasmi, hammani og'ziga qaratib o'tirardi. Lekin oilada nihoyatda qattiqqo'l insonligini ko'pchilik yaxshi bilardi. U aytdimi, shundoq bo'lishi kerak aqidasi uning xonadonida hukmron edi. Bu haqda domlani ko'rolmaganlar qanchadan-qancha «afsona»lar to'qishgani ham bor gap. Xotini Gulsum opa yumshoq tabiatli ayol. Ularning bir o'g'li va bir qizi bo'lib, Javlon ham shu institutda o'qigandi.
Lekin domlaning yana bir odati — o'z yaqinlariga, hatto o'g'il-qiziga ham nihoyatda qattiqqo'l, talabchan. Bu voqeaga ham ancha bo'ldi. O'sha vaqtda domlaning nihoyatda oshig'i olchi, ishlari yurishgan paytlar. Kimsan falon institutning rektori. Bir kuni yolg'izgina ukasi kelib, nimanidir iltimos qildi. Bir og'iz so'z bilan shu kichkinagina muammoni hal qilib yuborsa bo'lardi. Lekin unday bo'lmadi. Iltimos bilan kelgan ukasiga:
— Erkak kishisan! Buning ustiga ukamsan! Birgina shu narsani deb oldimga bo'yin egib keldingmi? Bu erkak kishiga yarashmaydigan narsa-ku! — deya ko'pchilikning oldida izza qildi. O'sha kuni ukasi yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi. Kelganiga ham pushaymon bo'lib ortiga qaytdi.
Domlaning ayoli Gulsum opa ham erining fe'l-atvorini yaxshi bilgani uchunmi bunday voqealarga qo'l siltab qo'ya qolardi. O'sha vaqtlarda domla xizmat mashinasidan foydalanardi. Ayoli bilan bir joyda ishlashsa-da, hatto Gulsum opani ishxonaga birga olib kelmasdi. Bir-ikki hamkasblar va qo'shnilar bu haqda domlaga yotig'i bilan tushuntirishganda, u hatto eshitishni ham istamay:
— Hamma yurgan tramvayda ishga qatnasa hech nima qilmaydi. Marhamat, meni ham vazifamdan olishsin, ishga piyoda qatnayveraman, — deya javob qilgan.
Shu vaqt eshik taqillab, talaba yigitning rangpar yuzi ko'rindi. Uni ko'ra solib Damir Sultonovich o'rnidan irg'ib turdi-da, yigitchani ichkariga olib kirdi. U bilan hol-ahvol so'rashgach, kattakon kafti bilan yigitchaning ozg'in yelkasini silagancha so'radi:
— Tayyorlanib keldingmi, Eldor o'g'lim? Faqat hech narsadan siqilma, faqat to'g'risini ayt.
Yigitcha bosh silkitib, imtihonga tayyorligini bildirdi.
Damir Sultonovichning talaba bilan o'zaro muomalasini ko'rib kafedradagilar bir-biriga ma'noli qarab, bosh silkib qo'yishdi. Domla xona burchagidagi stulni oldi-da, talabaning yoniga o'tirib, muloyim ovozda yigitni savolga tuta boshladi. Imtihon topshirayotgan yigit uning savollariga dona-dona qilib, ba'zida o'ylanib javob berdi. Uning javobini tinglarkan, domla tez-tez bosh silkib tasdiqlar, savoliga to'laqonli javob olgan paytda esa talabani yaxshi gap bilan rag'batlantirardi.
Uning bu holatini ko'rib atrofdagilarning boshi egilgan, ayrimlar esa ichlaridan zil ketgancha domlaning har bir xatti-harakatini nazardan qochirmay kuzatib turardi.
Nihoyat, domla talabaning javoblaridan qoniqdi, shekilli, uning bahosini qo'yib, eshikkacha kuzatib qo'ydi. Keyin joyiga qaytib kelib bir nuqtaga tikilganicha, nimalarnidir o'ylay boshladi. Shunda bir narsa yodiga tushdi chog'i, o'rnidan turdi-da, xayrlashib portfelini ko'targancha eshikka yo'naldi.
Muazzam opa domlaning orqasidan qarab qolarkan, astagina «Bechora», deya bosh silkidi. Yaqindagina ishga kelgan Sojida ismli ayol hayron bo'lib unga tikildi. Muazzam opa esa qayg'uga cho'kkan holda hikoyasini boshladi:
— Shunday iqtidorli olimning qo'liga shogird bo'lib tushganimdan nihoyatda baxtiyorman. Bu voqea yangi ishga kelgan yilim sodir bo'lgandi. U paytlarda domla institutni boshqarar, bir vaqtning o'zida kafedraga ham mudirlik qilardi. O'sha yili domlaning yolg'izgina o'g'li Jamshid o'qishga kirgandi. O'zingiz bilasiz, ayrim masalalarda domlada prinsipiallik nihoyatda kuchli. Orqavarotdan eshitishimizga qaraganda, domlaning o'g'li o'z kuchi bilan institutga kirgan ekan. Bundan oldin Damir Sultonovich uni oldiga chaqirib, rosa so'roqqa tutganidan so'ng Jamshid:
— O'zim harakat qilib o'qiyman, o'qish jarayonida sizdan yordam so'ramayman! — deb so'z bergandan keyingina o'qishga kirishga ruxsat bergan.
Jamshid tabiatan intiluvchan, hatto iste'dodli talabalardan hisoblanardi. Yaxshigina sportchi ham edi. Ikkinchi kursgacha yaxshi o'qidi. Lekin uchinchi kursga o'tganda mashg'ulot vaqtida qo'li jarohatlanib, ancha vaqtgacha o'qishga qatnasha olmadi. Domla unga nima qilib bo'lmasin, kursdoshlaringga yetishib olasan, degan talabni qo'ydi. Oilada ota gapi qonun emasmi, o'sha yili Jamshid rosa harakat qildi. Kecha-yu kunduz o'qiyverib, ozib ketdi bola bechora. Hamma fandan topshirdi. Lekin Damir Sultonovichga topshira olmadi. Ona emasmi, Gulsum opa ham o'sha yili o'g'lining bu qiynalishini ko'rib, cho'pdek ozib ketdi.
Jamshid domlaga bir-ikki marta topshirib ko'rdi. Boshqa ota bo'lganda o'g'lining harakatlarini ko'rib baho qo'yib bergan bo'lardi. Lekin Damir Sultonovich… Qayoqda? Boz ustiga bir kuni Jamshidga:
— Institutga kirayotganingda sen bilan gaplashib olgan edik. Haqiqiy erkak o'z so'zida turadi, — deya dashnom beribdi.
Otasidan bu gapni eshitib, Jamshid nihoyatda siqilgan. Buning ustiga Jamshidning a'lo baholarga o'qishini, yurish-turishini ko'rolmagan ayrim «do'st»lari: «O'z otasi-ki shunday qilyaptimi, demak, bunda bir gap bor», — deb gap-so'z qilishgan. Hatto buni yuziga solganlar ham bo'lgan ekan.
Bir tomondan otasining gapi, ikkinchi tomondan kursdoshlarining inson yuragiga nashtardek sanchiladigan so'zlarini yosh yigit ko'tara olmay, o'z joniga qasd qilgan. Shu voqeadan so'ng Damir Sultonovich va Gulsum opa 15 yoshga qarib ketishdi. Har ikkovlarining ham sochiga oq oraladi. Damir Sultonovich o'z arizasiga binoan institut rahbarligidan ketdi. O'sha kunlari biz uning yuziga qarashga qo'rqardik. Butun institutda shu gap. Ko'pchilik Jamshidning o'limida Damir Sultonovichni qoraladi. Axir u ham o'z farzandini yomon bo'lsin dermidi?
Lekin mening nazarimda, haddan tashqari qattiqqo'llik ham bo'lmas ekan. Buni keyinchalik Damir Sultonovichning o'zi ham tan oldi. U kishi ko'pincha farzandga dastlab tarbiya emas, balki mehr berish zarurligini takrorlashdan charchamasdi.
Shu fojiadan so'ng domlaning talabalar bilan munosabati butunlay o'zgardi. Boya ko'rgan bo'lsangiz, talaba bilan qanday gaplashdi. Eng qizig'i, hech bir talabaga yomon baho qo'ymaydi.
Muazzam opa hikoyasini tugatgach, ikki ayol nimalarnidir o'ylagancha uzoq sukut saqlab qolishdi. Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|