— Manzura, nima qildik, mo'ljalimizga yetmasa ham kechagi xaridorga «mayli» deymizmi? — dedi Rustam xotini idish-tovoqlarni yuvib, choy damlab kelganidan so'ng.
— Bilmasam, dadasi… — Manzuraning ham fikru xayoli o'zida emasligi uning yuz-ko'zlaridan bilinib turardi. — O'ttiz ming dollar deyishgani bilan, baribir, bir-ikki so'm pul yoningizda ham bo'lishi kerak-da, musofir yurt, zaril bo'lib qolsa, u yoqlarda kimdan qarz so'raysiz?
— Endi bu yog'i Xudoga tavakkal, — dedi Rustam choynakdagi choyni qaytarishga ham hafsala qilmasdan, — vaqtni qancha cho'zsak shuncha kasalni zo'raytirgan bo'lamiz. Shuning uchun vaqtni boy bermasdan harakatni qilaylik. Kecha kelgan koreys xotin «Balki, o'ylab ko'rarsan», deb telefon raqamini qoldirib ketgandi. O'sha ayolga qo'ng'iroq qilib, «Rozimiz», deyman. Nima deding?..
Manzura erining savoliga chuqur xo'rsinish bilan javob qaytardi. Mana shu xo'rsinishning o'zidayoq uning hamma tashvishu dardi mujassam edi.
— Menga qara, sen ko'p o'ylanaverma. Bilasan-ku, o'zi sen pessimistsan, sen bilan jar u yoqda tursin, hatto mundayroq chuqurning yonigayam birga borib bo'lmaydi, undan u yog'ida hayot yo'q, deb turib olasan, — deya hazillashgan bo'ldi Rustam. Ammo bu gapi o'ziga ham yoqmadi, shekilli, jim bo'lib qoldi. Keyin chuqur uf tortdi.
— Ana, o'zingiz ham siqilganingizdan uf tortyapsiz-ku, dadasi, menga ham oson emas, axir o'n yil deganda Xudodan yig'lab-yig'lab so'rab olgan yolg'iz o'g'limiz, bordi-yu Abdullohga bir nima bo'ladigan bo'lsa, men chiday olmayman, — deya hiqillab yig'lay boshladi Manzura.
Rustam o'zi shundan cho'chib turgandi. Xotinini nima deb yupatishni bilmasdan biroz turdi-da, keyin ohista dedi:
— Xavotir olma, shu paytgacha Alloh so'ragan narsalarimning hammasini bergan, nasib qilsa, bu safar ham duoga ochilgan qo'llarimizni quruq qaytarmaydi. Chunki Alloh bandalariga mehribon, birovga dard berdimi, davosini ham beradi. Faqat biz dard kelganda sabr qilib turishimiz kerak. Shunda sabrning, albatta, mukofoti bo'ladi…
— Iloho, aytganingiz kelsin, dadasi, aytganingiz kelsin! Abdullohimiz operatsiyadan yaxshi chiqib, hech narsani ko'rmagandek bo'lib ketsin! — dedi Manzura yig'lagan qo'llarini duoga ocharkan.
Shu payt bolalar xonasidan yosh bolaning «Oyi…», degan zaif ovozi keldi-yu, Manzura shosha-pisha ko'z yoshlarini artib, o'g'lining yotog'iga kirib ketdi. Rustamning choy ichkisi kelmadi. U sekin o'rnidan turdi-da, joynamozni olib, xufton namozini o'qidi. Ibodat qilib bo'lgach, Qur'oni karimni avaylab qo'liga olib, avval muqaddas kitobni o'pdi, so'ng qiroat bilan o'qiy boshladi. Sanoqli soniyalar ichida u butun borlig'i bilan ilohiy so'zlar ohangiga qo'shilib ketdi…
— Dadasi, saharlik vaqti bo'lib qoldi, — dedi bir mahal Manzura zalning eshigidan qarab ichkariga kirmasdan. — Men Abdullohning yonida uxlab qolibman, siz bo'lsa bugun ham kechasi bilan kitob o'qib chiqqanga o'xshaysiz. Bunaqada o'zingizni oldirib qo'yasiz, o'zi shundog'am sal narsaga qon bosimingiz oshadigan bo'lib qolgan.
Tuni bilan mijja qoqmaganiga qaramasdan Rustamning dili ravshan, ko'ngli xotirjam edi. U xotiniga tikildi:
— Abdulloh qanday?
— Yaxshi, dadasi, yaxshi, faqat uyni sotishimizni eshitib «Meni deb uyni sotyapsizlar-a?» deydi ko'zi yoshga to'lib. «Bitta uy sendan aylansin, sen sog'ayib ketsang bo'ldi, dadang ikkimiz ishlab bundan ham kattaroq uy olamiz», dedim. Shunday desam kulimsirab, «Oyi, bundan katta uy olmasak ham, menga bitta ukachami, singilchami, olib kelinglar, maylimi, bitta o'zim uyda zerikib ketyapman», deydi, — dedi Manzura jilmayib.
Xotinining jilmayganini ko'rgan Rustamning ichiga nur kirgandek bo'ldi. U ham kulimsiradi:
— Bu buyurtmani bajarishga bugun kech bo'ldi-yov. Yo hali ham ulguramizmi?
— Jinnisiz, — dedi Manzura hali ham shirin jilmayarkan erining nimaga shama qilayotganini anglab, — men u ma'noda aytmadim, men Abdullohning gapini…
— Umuman olganda, o'g'ling to'g'ri gapni aytibdi. Ro'za kunlarida, duolar, niyatlar ijobat bo'ladigan oyda turibmiz, zora, Alloh niyatlarimizga erishtirsa, — dedi Rustam darrov jiddiy tortib. — Shu paytgacha qo'limdan kelsa, birovga yaxshilik qildim, yaxshilik qilish qo'limdan kelmasa, yomonlik ham qilmadim. Yaratgan Egam hammasini ko'rib-bilib turibdi. Shunday ekan, noumid bo'lmaylik, buyam bir sinov, Manzura…
Rustam turli so'zlar bilan xotinining ko'nglini ko'tarib, unga madad bo'lar ekan, aslida, shu aytganlari o'ziga ham qanot bo'layotgandi. Aks holda qirq yoshida ko'rgan o'g'lining to'shakka mixlanib qolishini ko'rish, dilbandining iztiroblariga sherik bo'lish va eng yomoni, yakkayu yolg'iz farzandiga biror-bir yordam berolmayotganidan o'ksinish uni ham ayolidan kam ezmayotgandi.
* * *
— Rustam aka, sizni bir yigit ikki-uch marta telefon qilib so'radi. «Yig'ilishga ketgan, qachon kelishini bilmayman», desam, «Kelganidan so'ng G'ayrat degan kursdoshingiz telefon qildi, deb ayting», deb mana bu raqamni qoldirdi, — dedi kotiba qiz Madina Rustamning oldiga qog'ozchaga yozilgan telefon raqamini qo'yarkan. — «Juda zaril ishim bor, shuni bugun hal qilib ketishim kerak, iltimos, Rustam akangizni topishimga yordam bering yoki uy manzilini bering», degandi, to'g'risi, «O'zlaridan beruxsat berolmayman», deb qo'ya qoldim.
Tinmay gapirayotgan Madinaga qarab Rustam biroz kulimsiradi:
— Juda yaxshi qilibsiz, endi u bechora kursdoshim hamma meni taniydiganlarga «Rustam aka kattarib, hech kimni tanimaydigan bo'lib ketibdi. Hatto ishxonasiga borib telefon raqami yoki uyini ham so'rab ololmaysan», deb aytib chiqadi.
— Men, men… — dovdiradi Madina, — sizdan so'ramasdan…
— Mayli, bu muammo emas, muhimi, telefon raqamini qoldiribdi-ku! Hozir bog'lanib ko'ramiz, agar hali Toshkentda bo'lsa, u holda bir qoshiq qonimizdan keching, deymiz, — dedi Rustam kotiba qizga o'ng qo'li bilan «Ketavering», degandek imo qilarkan.
O'zi Rustamning kursdoshi G'ayrat bilan oxirgi marta qachon uchrashgani ham yodida yo'q. Yodida qolgani G'ayrat bundan o'n ikki yilcha burun bitta buyragini oldirgani poytaxtga kelgani. O'shanda u ham besh yil birga o'qigani hurmati ham G'ayrat ochiq ko'ngil, dilida kiri yo'q, mard yigit bo'lgani bois shifoxonaga ko'rgani borgandi. Shundan keyin ham bir-ikki marta qo'ng'iroq qilib, hol-ahvol so'rab yurdi. Keyin nima sababdandir aloqalari uzilib qoldi. Mana, endi G'ayratning o'zi tashabbus ko'rsatib, yo'qlab kelibdi. Rustam qo'lidagi qog'ozchaga qarab raqam terdi. G'ayrat qo'ng'iroqni kutayotgan ekan, shekilli, darrov javob berdi:
— Assalomu alaykum!
— Va alaykum assalom, G'ayratbek, men Rustamman, kursdoshingiz!
— E-e, akaginam, bormisiz, omonmisiz?! Sog'-salomat yuribsizmi?
— Rahmat, rahmat, o'zingizdan so'rasak, tinchmisiz? Uydagilar, kelin, bola-chaqa?.. — Rustamning gapi chala qoldi.
— Aka, ishxonangizni ayting, men hozir «g'ir» etib aytgan joyingizga boraman! — dedi G'ayrat.
— Unda bunday qilamiz, siz shoshilmasdan Navoiy ko'chasini mo'ljalga olib kelavering, men soat oltida ishdan chiqaman.
— Bo'ldi, aka, bo'ldi! Adresni ayting! — hovliqdi G'ayrat.
— Oltidan o'n beshta o'tganda O'rdada bo'ling, telefonlashib topib olamiz.
— Kelishdik…
Aytilgan vaqtga O'rdaga borgan Rustamni G'ayratning o'zi kutib oldi. Ikki kursdosh quchoq ochib ko'rishib, hol-ahvol so'rashishdi.
— O'zgarmabsiz, aka, o'zgarmabsiz, ko'z tegmasin, — dedi G'ayrat Rustamni sal narida turgan qop-qora «Malibu» tomonga boshlarkan. — Yosh yigitlardek yurishning sirini bizga ham ayting. Shuncha harakat qilaman, baribir, qorin kundan-kunga osilib ketyapti.
— Ha, endi, oshqozon degani ichiga ovqat tushsa, kattarib ketaveradigan narsa bo'lganidan keyin shunaqa bo'ladi-da! — hazillashdi Rustam.
Uning bu gapiga G'ayrat maza qilib kuldi. Keyin:
— Hozir ham birinchi o'rinda oshqozonga biron nima solish tashvishini qilsak, yaxshi bo'lardi, ertalab Jizzaxda yegan to'rtta somsam bilan yuribman, — dedi kulgidan o'zini to'xtatolmay.
— Bo'ldi, faqat hali iftorlikkacha vaqt bor, shunga biror salqinroq joyga boraylik-da, gaplashib o'tiraylik. Yo uyga bora qolamizmi? — dedi Rustam ham uning soddalik bilan aytgan gaplariga kularkan.
— Uyingizga boshqa safar boramiz, aka. Xudo xohlasa, keliningiz bilan bolalarni olib kelish niyat bor. Shu bahonada kichkinalarni ham bi-ir aylantirib ketamiz.
* * *
— Endi gap bunday, Rustam aka, — deya gap boshladi G'ayrat ovqatlanib bo'lib, biroz u yoq-bu yoqdan gaplashib o'tirishgach. — Sizning xarakteringizni bilaman, bu dovdir nega shuncha yil bedarak yo'q bo'lib ketdi-yu, nega yana meni izlab keldi, deb o'ylayotgan bo'lishingiz mumkin.
— Yo'g'-e, nega unday deb o'ylayman? — xijolat bo'ldi Rustam.
— Rustam aka, esingizda bo'lsa, buyragimning bittasini oldirib, chalajon bo'lib yotgan paytlarimda mening holimdan xabar olgani borgandingiz? — dedi G'ayrat tagdor qilib so'zlarkan suhbatdoshining ko'ziga tikilib.
— Xo'sh? — dedi uning muddaosini anglamagan Rustam.
— O'shanda mening qo'limga anchagina pul berib, «Dori-poringga ishlatarsan», degandingiz. Esingizga tushdimi?
— E-e, G'ayrat, bunaqa gap bo'lganini ham, sizga pul berganimni ham eslay olmayman, — dedi Rustam xijolatdan yuzi qizarib.
— Siz eslamasangiz, mana, men eslayman! Siz o'shanda menga eng yaqin odamim ham qilmagan yaxshilikni qilib, sariq chaqam ham yo'q paytida bir dunyo pul bergansiz. Kamiga «Iloji bo'lsa, ichkilik bilan sigaretni tashla, bo'lmasa jigaringdan ham ayrilasan. Xudo ko'rsatmasin, sog'lig'ingdan ajralib, boshing yostiqqa tekkudek bo'lib qolsang, hech kimga, hatto aka-ukang, bola-chaqangga ham kerak bo'lmaysan», degandingiz. Shu gaplaringiz va o'shanda bergan pulingiz sabab men mana shunday bo'lib yuribman. Hozir katta fermerman, aka, besh yuz gektarlab joyda bog' qilib, bu yog'i Xitoy, Qozog'iston, Rossiyaga deysizmi, odamiga qarab meva-cheva, mayiz, yong'oq, turshak jo'natib yotibmiz.
— Alloh barakasini bersin!
— Aytganingizdek, Xudo barakasini beryapti, aka, ishqilib, bundan keyin ham shunday bo'lsin! — dedi to'lqinlanib ketgan G'ayrat. — Faqat bitta ishni niyat qilib qo'yib, anchadan beri amalga oshirolmay yurgandim, bugun ataylab shuning uchun Toshkentga keldim.
— Nima qilish kerak, G'ayrat, bankdan kattaroq kredit olish kerakmi? — so'radi Rustam.
— E-e, aka, mening hozir shunaqa avj paytimki, banklarning o'zi menga kredit taklif qilib, biz bilan ishlang, deyapti…
— Unda nima muammo bor, tushunmadim?
— Rustam aka, sog'lig'imni tiklab olganimdan keyin o'sha menga bergan pulingizni to'plab oldingizga kelmoqchi bo'ldim. Lekin nimadir bo'lib, o'sha pulning hammasiga uzum ko'chat sotib oldim. O'ziyam besh mingta nihol berdi. Hozir o'sha uzum ko'chatlarim tonna-tonna hosil beryapti. Bugun bozorda mening mayizimning oldiga tushadigan mayiz yo'q. O'ziyam aytgan pulimga sotaman. Aytsam ishonmaysiz, o'tgan yili uzum shunchalik zo'r bo'ldiki, qaerga qo'yishni bilmay qoldik. Xullas, o'sha sizning pulingizga ekilgan ko'chatlardan ulushingizni olib keldim. Shaharchasiga nima deyishardi, dolyamidi? — deya ko'zlari porlab kuldi G'ayrat.
— E-e, sizlar tomonning mayizi boshqacha bo'ladi-da, — kuldi Rustam ham. — Mabodo o'sha uzum ko'chatlarga qo'shib besh-o'nta yong'oq ham ekmaganmidingiz? Mayiz bilan yong'oq rosa bir-biri bilan kelishadi-da, ayniqsa, ertalabki nonushta paytida.
— Yong'oq ham ekkanmiz, pistayu bodom ham, — yana kuldi G'ayrat. — Yana alohida Rustam akaga deb bir chekkadan joy ajratib sizgayam bog' qilib qo'yganman. Hali biznikiga borganda ko'rasiz. Lekin men xomkalla bitta ishni chala qilib kelibman. Bilasiz-ku, o'sha-o'sha hovliqmaligim qolmagan.
— Yana nima bo'ldi? — hayron bo'ldi Rustam.
— Ey, buning hozirgi gaplarga aloqasi yo'q. Qani, duo qiling, aka, mashinaga boraylik, qolgan gapni o'sha yerda gaplashamiz, — dedi G'ayrat.
Emakxonadan chiqib, mashinaning yoniga borishdi. G'ayrat chaqqonlik bilan mashina yukxonasini ochib, kattagina qora sumkani qo'liga olib, uni Rustamga tutqazdi:
— Mana shu sizga!
Rustam sumkaning zalvorini his qilib miyig'ida jilmaydi:
— G'ayratboy, bu deyman, mayiz opkeldim, deb adashib tosh-posh solib kelmadingizmi?
— Bo'lishi mumkin, aka, bo'lishi mumkin! — deya samimiy kuldi G'ayrat. — Lekin ichida nimasi bo'lsayam shuncha joydan ko'tarib keldik, siz ham og'rinmay olib ketasiz.
Rustam sumkani ochdiyu, turgan joyida qotib qoldi. Sumka hali bank taxlamlari ham buzilmagan yuz mingtalik pullarga to'la edi.
— Nima, meni sinayapsizmi? — dedi u ovozi qaltirab.
— Aka, sizni studentchilik chog'ida ming marta sinab bo'lganmiz. Bir so'm pulingiz yoki yarimta noningiz bo'lsa, butun yotoqxonadagilar bilan bo'lishardingiz. Bu pullar sizning bog'dagi ulushingiz. Hammasi ona sutidek halol, peshona teriga kelgan, nima keragingiz bo'lsa bexijolat ishlatavering, chunki bu pullar o'zingizniki, faqat o'sha menga bergan pulingizga rozi bo'lsangiz bas! — dedi G'ayrat shoshilib so'zlarkan.
Kutilmagan joydan kelgan pullardan Rustamning boshi qizib qulog'i g'uvillarkan, to'shakka mixlanib yotgan dilbandi, uni chet elga olib borib operatsiya qildirish uchun yashab turgan uyini sotuvga qo'ygani yodiga tushib negadir mijjalariga yosh keldi. Keyin rahmatli onasining so'zlarini esladi: «Alloh chevar, bolam, U hammasini to'g'rilab qo'yadi». Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|