Kasalxona hovlisi kechagi tushgan qirovdan so'ng yanada sokin ko'rinish olgandi. Kech kuzakning olovrang to'shanchisi yanada qalinlashgan, garchi ertalabdan quyosh borliqqa tillarang tolalarini ulashayotgan bo'lsa-da, atrofda quvnoqlikdan ko'ra og'ir sukunat saqlanib turar, borliq go'yo vazminlik va donishmand bir ruhiyat saltanati izmida edi.
Bo'lim boshlig'ining yo'lak uzra baland va serzarda tovushi sokinlikni buzib yubordi. U bilimdon va zukkoligi bilan barchaga o'rnak edi. Uni noyob iste'dod egasi ham deyishadi. U bir vaqtning o'zida ham hujjatlarni yoza olishi hamda har qanday odam bilan ixtiyoriy mavzuda gaplasha olishi haqida havasli gap bor edi hamkasblari orasida.
— Klara, men-ku, bo'lim boshlig'iman, — dedi u palatadan hovliqqancha chiqqan hamshiraga, — sen nega saharmardondan kelib olding?! Faqat navbatchi edim dema. Chunki kecha tuni bilan shu yerda edim. Hali ish boshlanishiga qirq daqiqa bor. Nima qilding u palatada?
Hamshira bir seskandi. Nima desin? Nahotki bema'ni xayolga bordi shifokor? Ertalab ishga kelayotganda onasi nima sababdan ishga barvaqt ketayotganini so'raganida kalovlangan, tayinli javob topa olmagani kabi bo'lim boshlig'i oldida ham xuddi shu holat yuz berdi. Bo'lim boshlig'i hamshiraga yaqin keldi. Birov qaramayotganiga ishonch hosil qilish uchun avval atrofga olazarak nigoh tashlab oldi.
— Qulog'imga chalinganday bo'luvdi, — dedi shivirlab. — U oilali, salkam otang tengi erkak, qadamingni o'ylab bos, xo'pmi?
Klaraning ichidan bir narsa uzilib tushganday bo'ldi. Yalt etib qaradi.
— Do'xtir, siz o'ylaganchalik emas, unday emas! — Klaraning yanoqlarini achchiq yosh kuydirdi.
Bemor bularni eshitmadi. Eshitganda ko'ksidagi simillab turadigan asriy og'riq yodidan ko'tarilishi, bu ko'ngli beg'ubor, hayot sitamlarini simirib toliqqan xilqatning yonini olgan, qanday bo'lmasin, hamshirani nomiga dog' tushishdan asrardi.
Bemor hamshiraning ko'ngil kechinmalaridan ozmi-ko'pmi xabardor edi. U yurak xurujidan keyin eslay olmaydi, necha bor bu yerga kelishga majbur bo'lganini, balki o'ninchidir, balki undan ham ko'pdir. Har kelganida shu hamshiraning intizor va unga qandaydir tanish yoki nimanidir eslatib turadigan ko'zlari bilan to'qnash bo'ladi u. Hamshiraning mehribonlik to'la nigohi uning ko'ksidagi dardni allaqayoqqa olib ketganday, uni doimo qiynab kelayotgan ko'ngilsiz, majruh ruhiyatiga tetik sezgi berganday, o'zida g'oyibona kuch sezar va hayratga tushardi. Xotini tomonidan kamsitilish, notovon kimsa sifatida qarovsiz va nokerak buyum sifatida yerparchin yotgan pallalari birgina xayolot unga kuch berar, ko'z yoshi singari omonat titrab turgan muqaddas hayot shamchirog'i elas pirpirab akslanar, istasa-istamasa bemajol va beixtiyor o'sha badanlarini ilma-teshik qiladigan makonga, zerikarli kunlarga yana qaytishga bo'yin egar, garchi kulgili va noinsoflik bo'lsa ham o'sha ko'ngliga taskin beruvchi xilqat tomon talpinar, hamshiraning sehrli mehriga tashnalik sezar, biroq bu bilan yuragida kezib yurgan yetib bo'lmas orzusi tomon hech qachon botinib qaray olmasdi. «Boshiga urarmikin mendek bir dardisar va ellikka bormay, keksalar dunyosiga odim tashlagan bir baxtsiz kimsani?!» deya o'ylardi u. Hamshiraning «Sizga suyanib qolganman, sizning dardingizga mal-ham bo'lish uchun mayli, borimdan kechardim», degan kalomi unga tasavvur qilib bo'lmas orom va shukuhga to'lib-toshgan dunyoni in'om etar, yosh boladek quvonar, o'zidan juda ham yiroqlab ketgan iqbol degan afsonaviy va taqchil ruhiyat bilan go'yo duch bo'lardi.
Armon — yurakni ado qilish uchun yaratilgan tuyg'u. Armon — umr zavoli. Hozir erkak ayni paytda uyat va andisha bilan tashrif buyurayotgan yoqimli hamda notinch hisdan o'zini qarg'ar, uyatdan batamom o'zligidan voz kechkisi kelardi. Ammo u ana shu tashrifni, ana shu xayoliy tarkidunyolikni kutar va intiq bir dil bilan eslashga botinardi.
Erkakning xotini kasalxonaga qilgan tashrifida:
— Sizning kasalingizning tuzalishini kutish uchun men sho'rlikda na sabr qoldi, na vaqtu na pul, — dedi g'oyatda shalviragancha. — Charchadim. Birdan-bir yo'li, uyda dori-darmonsiz va shifokorlar nazoratisiz biror narsa bo'lib qolishingizdan ko'ra qariyalar uyiga borishingiz eng munosib yo'l, shunday emasmi? Men ham tuzukroq yashashim kerak. Odamlarday pul topishim kerak. Hech bo'lmasa, sizning dori-darmonlaringiz uchun ketgan pullarni qoplash uchun ham ishlashim kerak.
U nigohini eridan olmay turardi va shu on xayoliga kelgan o'y zabonida akslandi:
— Farzandimiz bo'lmagani ikkimizning ham baxtsizligimiz, — dedi ingichka va bejirim chizilgan qoshlarini biroz ko'tarib. — Bizdaqalar hayotda ko'p uchraydi. Ammo ularning erkaklari o'z erlik burchini bajarsa kerak. Mendagi eng yomon tolesizlik — ko'z ochib ko'rgan ayolingizning bevaqt o'lib ketganligi bo'lgan. Boshqa biror narsa emas!
Hamshira bu gaplarni eshitib turar va titrardi. Uning vujudini qamragan holsizlik qo'lidagi shpris va shtativni tutib turishga ham bardoshsiz edi.
Hamshira g'amgin cho'kdi, ko'z oldida sobiq erining nigohi qayta tiklandi. Va o'shanda uning bo'ynidagi onasi to'yi kuni sovg'a qilgan ingichka, tilla zanjirga chang solgani namoyon bo'ldi-yu, o'sha mudhish holat xuddi hozir yuz berganday panjalari beixtiyor bo'yni tomon shoshdi. Quloqlari ostida yana o'sha ovoz sado berdi:
— Yasan-tusan qiladigan vaqting o'tdi, — deya qo'rqinchli iljaydi u og'zidan sharobning badbo'y isi anqigancha, — endi bu matoh senga emas, menga asqatadi ko'proq. Sen hoziroq ket, tezroq ket, hademay qimorbozlar kelib, yetaklab olib ketishadi. Mening harakatlarim zoe ketdi. Yutqizib qo'ydim seni…
Hamshira o'z xayolidan o'zi seskanib ketdi va kaftlari bilan quloqlarini yopdi.
U hozir hayot varaqlariga sirliligicha, mavhumligicha muhr bosgan eng qadrdon va dilgir kechinmani esladi. O'sha kuni u erining tazyiqidan keyin ikki bolasini yetaklagancha ko'chaga chiqqan, katta yo'l chetida hali noma'lum bo'lmish sinoatni kutar, hozirgina tashlab chiqqan qabohat kulbasidan yeyarga non, oxorliroq kiyim, siqimida biror chaqa olishni xayoliga keltirmadi. Uning yuragi notinch tepar, vahima va eri aytgan dahshatli manzara unga daqiqa sayin tajovuz qilichini qayrar, juvon qaerda bo'lishidan qat'i nazar, bu qabohat uyasini tezroq tark etishdan boshqa hech narsani o'ylamasdi. Shu vaqt qandaydir mashina yonida to'xtadi. Juvonning nogoh eti uvishdi. Dahshat yopirildi. Titragancha mashina ichiga nazar tashladi. Rulda harbiycha kiyingan qirq yoshlardagi kishi unga samimiy qarab turardi.
— O'tiringlar, o'tiringlar, singlim!
Uning ovozi juvonga xuddi uzoqlardan kelganday tuyuldi. U hamon karaxt va notinch edi. Juvon peshonasidan ko'rdi. «Nima bo'lsa bo'lar. Balki, bu inoyat yaxshilikkadir?!» U shu xayol iskanjasida bolalarini yetaklagancha, shoshib mashinaga chiqdi. U o'zini bosib olishga tirishar, biroq birozdan keyin yoki hozirning o'zidayoq unga berilajak so'roq va savollar uchun tamom holsiz hamda kuchsiz sezardi o'zini. Fikriga teskari o'laroq, erkak ancha joygacha so'roqqa tutmadi uni. Nihoyat, juvondan borajak manzili haqida samimiy ohangda so'radi. Tog' qishloqlik ukasining manzilini aytdi juvon. Yo'l olis edi. Olis yo'lda juvon harbiyning chegarachi ekani, bugun xotinining tug'ilgan kuni, tabriklash uchun kelayotganini bildi. Juvon jimgina havas va ayri hayrat bilan tinglab borardi chegarachini.
«Yo tavba, — xayolidan o'tkazardi juvon, — shuncha uzoqdan birgina tug'ilgan kun uchun yo'l tortish? Xotinini shunchalik yaxshi ko'rar ekan-da? Tug'ilgan kunning o'zi nima? O'tkazilishi shart bo'lgan marosimmi? Tug'ilgan kunning nima ekanini, qadrini, qimmatini tasavvur qila oladimi o'zi? Umrida shunday kun bo'lganmi?»
Tavba, quruqqina bo'lsa ham biror insondan shunchaki tabrik eshitganini eslay olmaydi. Ota hovlida bir paytlar bor edi shunaqa gaplar. O'shanda ham hamma narsaga e'tibor qaratib, hamma narsani ilg'ab yuradigan kichik singlisi shunaqa gaplarni aytar, hammani bayram yoki tug'ilgan kun bilan tabriklardi. Juvon ta'sirlanib ketdi va mutlaqo ixtiyorsizlik bilan dedi:
— Xotiningizni yaxshi ko'rasizmi?
Erkak yelka qisdi.
— Bilmadim, — dedi biroz sukutdan keyin. — Biz er-xotinmiz, — davom etdi u, — shu, shekilli. Bu mening ikkinchi turmushim. Menimcha, siz aytgan o'sha tuyg'u oldingisi bilan jannatlarga ketib qolgan, shekilli.
Juvon g'alati ahvolda edi. Erkak buni sezdi.
— Ana ko'rdingizmi? — u shunday deya yurak sohasiga kaftini bosdi. — Eslamoqchi emasdim, — dedi juvonga tomon xiyol yon burarkan, jilmayib. — Yurak sho'rlik chidamaydi. Birdan sanchib qoladi.
— Do'xtirga ko'rsatmaysizmi? — juvon tashvishlangancha dedi. — Men hamshiraman. Yurakning sanchishi yaxshi alomat emas.
— Biz chegarachilarning kasal bo'lishga haqimiz yo'q, — erkak kulimsiradi.
— Farzandlaringiz ulg'ayishib qolgandir? — gapni chalg'itish uchun dedi juvon.
Biroq u yana erkakning eng nozik yeriga tirnoq botirganini sezmagandi. Erkak ohista:
— Aziyatim ham shundan, — dedi og'ir so'lish olib. — Farzandimiz yo'q.
Erkakning aytar so'zi qolmaganday edi go'yo, uni xayol shamollari olib uchar, juvon uchun ham erkakka gap qo'shish huquqi barham topganday sassiz-sadosiz edi.
Juvonning qarshiligiga qaramay, erkak mashina rulini tog' qishlog'i, juvon aytgan manzilga burdi.
— Mendan boshqa odam bo'lganda ham sizlarni yarim tunda ko'chada tashlab ketishga ko'zi qiymasdi, — dedi chegarachi nim kulgi bilan.
Chegarachi tug'ilgan kunga olgan sovg'alardan bolalarga ulashdi.
Kimdir uni chaqirardi. Xayoli bo'lindi hamshiraning…
— Klara, — tanish palatadan hayqirdi bo'lim boshlig'i, — shtativni olib kel! Bemorning ahvoli yomonlashyapti! Xotiniga xabar ber, ukol kerak, olib kelsin, mana resept. Yana taxiakardiya! Zaxirada borini ishlatib bo'ldik kecha oqshom. Tez, tezroq!
Hamshira ko'chaga otilib chiqdi. Quloqlari ostida bo'lim boshlig'ining tashvishli xitobi kelardi hamon. Shuuri tariqdek tirqirab ketgandi uning. Har qancha urinmasin, fikrini jamlay olmas, qo'l-oyog'i titrar, yig'lar va qattiq qo'rquv, umidsizlik uning batamom madorini so'ndirib borardi. U o'qdek otilib hamshiralar xonasiga kirdi va sumkasidan pasportini olarkan, ko'cha tomon chopdi. Hamshira pasportini garovga qoldirdi. Zarur dori-darmonlarni changallarkan, bo'lim tomon otildi.
Hamshira muolajadan keyin palataga kirganda bemorning dardchil va ayni vaqtda intiqlik sizgan nigohi hamshira tomon o'girildi. Uning qon qochgan lablari biroz qimtilgan, shunda ham horg'in ko'zlari ojizgina jilmayardi. Hamshira bemorning ko'zlariga tikildi. U avvalgi kabi bu nigohdan tanish chehrani izladi. U ko'p yillar burun mashinasida uni olib ketgan erkakning ko'zlariga botinib qaray olmagandi. Biroq uning tovushlari shuncha yil o'tsa ham hamon quloqlari ostida sirli bir ohangni chalar, qalbiga quvonch va shukrona onlarini olib kirar, ayni damda qumsash, sog'inch va armon alangasini yoqardi.
Hamshira xayolan axtargan va sog'ingan kishi mana shu odam deya ishongisi kelardi. Endi boshqa erkak bilan uni adashtirish va ikkilanish tuyg'usi yuragiga joy bo'lmas, ayniqsa, hozirgi mehr va sirli bir sezgi tashrifi — yovuq bir sinoat rostdan ham juvon bilan sirdosh va baqamti turardi. Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|