Avji saraton. Qoq tush vaqti. Ko'chada deyarli hech kimni topmaysiz. Hamma issiqdan qochib, o'zini soya-salqinga urgan. Ayni shu vaqtda ishga borishim kerak. Yigirma daqiqacha piyoda yursam ishxonamga yetib olaman. Yo'limda baland, chiroyli binolar, yangi qurilishlar ko'p, ammo daraxt yo'q. Qani endi shu ko'cha keta-ketguncha daraxtzor bo'lsa, deb o'ylayman…
Hamkasblarim ishga issiqda kelishimga kuyunib: «Soyabon olib yuring», deyishadi. Tavba, negadir soyabon tutishga iymanaman. Buning sababini qishloqda tug'ilganim, u yerda soyabon tutganlarga boshqacha nazar bilan qarashlarini bilganim-u, shunday muhitda ulg'ayganimdan ko'raman. Ha, endi, qishlog'imiz daraxtzor, soya-salqin yerlar edi. Shundanmi soyabon tutadigan oliftalarni qishloqda xushlashmaydi. Aksiga olganday, yarim yo'lga yetib qolganimda bir yigit boshimga soyabon ko'tarib keldi. Jahl bilan qaradim-u, qadamimni tezlatdim…
Xullas, ishxonaga yetib olgunimcha quyoshning yondirishi-yu dim havo bilan kurashganimdan toliqib qoldim. Kelsam bir uyum idishlar «Qachon kelarkan-u, bizni yuvib olarkan», deb menga ko'z tikib turibdi. Ertalab ishlaydigan sherigim bugun ham ertaroq ketibdi. Kichkinasi nozikroq tug'ilgan, yana tobi qochgandir bechoraning, unga ham qiyin, bir o'zi ikki go'dagi bilan qolgan…
Bu binoda ishchilar kechki oltigacha ishlashadi. Mijozlar ham shu vaqtgacha oshxonaga kelishadi. Uzog'i soat sakkizda hamma idishlarni yuvib, butun oshxonani yig'ib-yig'ishtirib bo'laman. Maoshim kunlik va har kuni uni onamga topshiraman. Ota-onam ajrashgach, onam bilan poytaxtga keldik. Kollejni shu yerda tugatdim. O'sha vaqtdan beri ham o'qib, ham ishlayman. Birinchi marta universitetga imtihon topshirganimda omadsizlikmi yoki o'zi bilimim shungagina yetadiganmi, xullas, shartnoma bilan o'qishga qabul qilindim. Busiz ham ijarama-ijara yashab sillamiz qurigan, o'qishim uchun pul topolmasligimiz aniq edi. Keyingi yillar o'qishga hujjat topshirib ham ko'rmadim.
Ko'proq vaqtim ishxonada o'tishini istayman. Bu yerda har holda erkinroq bo'laman, nima bo'lganda ham o'zimning ishim. Ijarada yashashdan, uyma-uy ko'chib yurishdan bezib qolganman. Kimningdir qosh-qovog'iga qarash, birov bo'lmaganda ham onamning diydiyolarini eshitish yuragimni siqib yuboradi. Rost, qiynalib yashayapmiz. Lekin uyga ham qaytolmaymiz. Endi dadamning ikkinchi oilasi bor. Noqonuniy bo'lsa-da, onamning ham ikkinchi turmushi bor! Jin ursin barini! U odam boshqa oilasi bilan yashaydi, kunda-kunora ijara uyimizga kelib turadi, xolos. Uyga borgim kelmaganining bir uchi asli shundan.
Bir galgi ijara uyimizda salkam o'zim tengi ikki talaba qiz bilan turdik. O'zi tengdosh bo'lsak ham ularning dunyoqarashi yosh bolalarnikiday, juda sodda qizlar edi. Yoki tez-tez boshqa ish, boshqa uyga ko'chish, har xil odamni, hayotning chuquri-yu tepaligini ko'rganim meni shuncha tez ulg'aytirib qo'ydimikin?! Bir kuni qizlardan biri menga rosa havas bilan gapirdi. Ro'zg'or ishlarida epchilligim, qiladigan ovqatimning mazali bo'lishini aytdi. Bilasizmi, hayotimda birinchi marta kimdandir maqtov eshitdim. Tuni bilan yig'lab chiqqan edim o'shanda.
Birinchi ishlagan joyimda lavozimi kattaroq bir kishining shaxsiy haydovchisi menga boshqacharoq qaray boshlaganini sezgandim. Ko'rinishidan, gap-so'zidan tuzukkinaga o'xshardi. Hayotim shu vaqtgacha qiyin va faqat sinovlardan iborat bo'lgani uchun «Qolgan umrimni baxtli o'tkazishga haqliman», deb o'ylardim. Kelajagimni shu yigitga ishondim, keyingi hayotimni ham faqat u bilan tasavvur qila boshladim. Rost, juda yarashiqli juftlik edik. Buni atrofimizdagilarning bizga qarashidan ham sezardim. Hech qachon kimgadir butkul ishonmaganman. Men suyana oladigan tirik jon, yonimda turadigan insonim yo'q edi o'sha vaqtgacha. Shuning uchunmi unga juda qattiq bog'lanib qoldim. Tuyg'ularim shu qadar samimiy va beg'ubor edi. Unda ham faqat shuni sezganman. Mana shu hissiyotning o'zi ham meni baxtli qilayotgan edi. Men ham orzu qila boshladim, o'zimni inson safida ko'rayotgan edim. Uning ham oilaviy ahvoli aytarli darajada yaxshi emas, menga ko'p-ko'p narsalarni istasa-da va'da qilolmasdi. Vaholanki, men uchun moddiyat ahamiyatsiz, o'zim istagan, ertamni birga tasavvur qila oladigan inson bilan tinchgina yashashni katta narsa hisoblaganman. U bilan har gal gaplashganimda qayta-qayta kashf qilib borardim. Zehni o'tkirligi, hayotda qiynalganligi shundoq bilinib turgan. Ayta olamanki, meni ham aynan shuning uchun, qiyinchilik ko'rganim uchun qadrlardi. Mening hayotim, baxtim uchun o'zini mas'ul hisoblashini qayta-qayta aytardi.
O'shanda chin ma'noda baxtli edim. Dadamning ikkinchi oilasi, onamning turmush tarzi — hammasi ikkinchi darajali narsalarga aylangandi. Ammo taqdir menga bu baxtni ko'p ko'rdi. Shunchaki ko'p ko'rdi emas, butun borimni, orzularimni qop-qora bo'yoqqa chaplab ketdi. Boshlig'ining qaysidir aybini unga yuklashdi. Kattaroq jinoyat bo'lsa kerak, o'n yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqarildi. U esa bu isnodga chidolmadi, g'ururi, ori ko'tarolmadi buni. Meni yashashga, baxtli bo'lishga haqli ekanimga ishontirish uchun bir qog'ozda xat qoldirib ketgan, xolos.
O'shandan buyon «Shunaqa ma'nosiz, ertadan umidsiz, nima uchun yashayotganimni bilmaydigan umr bitilgandir peshonamga», deb o'ylab qoldim. Hech kimga va hech narsaga ishonmadim, bog'lanmadim. Bunga ham ikki yilcha bo'lib qoldi. Yana o'sha tez-tez ko'chish, onamning diydiyolari, qochib keta olmaydigan, tashlab ketolmaydigan hayotim. Shukrki, ovunishga arzirli shirin xotiralarim bor, eslab quvonadigan chiroyli kunlarim o'tgan. Har kuni uni eslayman. Yozgan xatini ham.
Yana o'sha issiq va dim havo. Nafas olging ham kelmaydi. O'ylayman, hozir yana ishga boraman, bir xona to'la yuvilmagan idish-tovoqlar. Mening hayotim ham shularga o'xshaydi. Farqim kimdir yuvib, tartiblab qo'ymaydi, xolos. Yana boshimga soya tushgandek bo'ldi, o'sha soyabon ko'targan yigit. Birinchi marta yuziga yaxshilab razm solib qaradim. Balki, hayotimni tartiblaydigan insonlar atrofimda-yu, men ularni ko'rmayotgandirman. Xatda yozilganidek baxtli hayotga haqlidirman-u, o'zim istamayotgandirman. Hayotim, taqdirim mendan imkon berishimni kutayotgandir. Mayli, senga yana imkon beraman, hayot. Meni baxtli qilasanmi?
— Kechirasiz, bunaqa issiqda yurish yaxshi emas, sizga soyabon kerak, deb o'yladim, — dedi qarab turishimdan xijolat bo'lib yigit.
Men yana o'ylayman: «Ha, meni nafas olish qiyin bo'lgan havolardan, bu kuydirgich oftoblardan asraydigan soyabon kerak. Mening soyabonim sizmi?» Keyin birinchi marta unga jilmayib qaradim… Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|