— Ustoz, «Menga it tegdi», degani nima degani?
Sumkasiga turli narsalarni solish bilan andarmon bo'lib o'quvchilarining shovqin-suron bilan sinfdan chiqib ketayotganiga unchalik e'tibor bermayotgan Iroda muallim bu savolni eshitib, titrab ketdi. Keyin oldida jovdirabgina turgan Muzaffarning ko'zlariga tikilib, uning qo'llaridan tutdi-da, muloyim ovozda so'radi:
— Bu gapni kimdan eshitding, bolajon?
Muzaffar avvaliga biroz dovdiradi. So'ng qat'iy tarzda javob qaytardi:
— Kecha bitta kinoda ko'rib qoldim: bir qiz dugonasiga yig'lab shunday dedi. Onamdan so'rasam, «Sen hali bunaqa gaplarni bilishga yoshlik qilasan!» deb urishib berdi. Shunga sizdan so'rayotgandim, axir siz hamma narsani bilasiz-ku, ustoz!
«Ha, bu XXI asrning bolalari-ya, — deb o'yladi Iroda muallim o'quvchisining javobidan keyin yengil uf tortarkan, — kinoda ko'rgan emish. Men bo'lsam boshqa narsa bo'ldimikin, deb yuragim yorilib ketay dedi». Ammo o'qituvchi xayolidagi gaplarni tashiga chiqarmadi. Buning o'rniga sumkasini kavlab ikki dona konfet topdi-da, Muzaffarning qo'liga tutqazarkan, dedi:
— Mana buni olgin-da, tez uyingga qarab chop! Onang to'g'ri aytibdi: sen hali bunday gaplarning ma'nosini bilishga ham, bunday kinolarni ko'rishga ham yoshlik qilasan. Onangni ko'rsam, o'zim yaxshilab tayinlab qo'yaman. Kino deb har balo, bir balolarni o'zi ko'ravermasin. Senga esa bunday kinolarni ko'rish umuman mumkin emas, tushundingmi?
Muzaffar «Tushundim» deganday bosh silkitib, sinfdan chiqib ketdi. Iroda muallim esa o'ylanib qoldi. Chunki u Muzaffarni birinchi sinfligidan biladi. Bu bola bekordan- bekorga hech nimani so'ramaydi. Fe'li shunaqa. Ammo so'radimi, demak, buning biror jiddiy sababi bor…
Rostdan, Muzaffar ustozi bergan konfetga e'tibor ham bergani yo'q. Chunki uning fikru xayoli opasida. Opasining kecha tunda onasiga yig'lab aytgan gaplarida.
Tun yarmidan oshganmikin yoki hali ancha ertamidi, Muzaffar uyg'onib ketdi. Keyin nima sababdan uyning qop-qorong'i ekanligi sababini bilolmay, o'rnidan qimirlamay yotdi. Axir onasi, agar onasi uyda bo'lmasa, opalaridan biri kerosin pilikli chiroqni yoqib qo'yguchi edi. Bu ularning uyida oylab elektr toki bo'lmaydigan paytlardan beri odat bo'lib qolgan. Bugun ana shu doim biroz tutab yonib turadigan shisha chiroq yo'q. Muzaffar bir-ikki marta ko'zlarini ochib-yumib, o'zini qorong'ilikka o'rgatmoqchi bo'ldi, ammo shu payt Muazzam opasining yig'i aralash: «Ona, men endi nima qilaman? Qishloqda qanday qilib bosh ko'tarib yuraman?» degan so'zlarini eshitdi-yu, yotgan joyida tek qotdi. Shundan so'ng onasining avval chuqur uf tortgani, keyin: «Qizim-ey, boshimizdagi shuncha savdolar kam edimi?..» deya yig'lagan ovozi eshitildi.
Muzaffarning qulog'i ding bo'ldi. U opasining nega yig'layotgani sababini tushunolmasdi. Bu ham etmagandek opasi: «Menga it tegdi, ona, it tegdi! Endi men qanday qilib bosh ko'tarib yuraman?» deya qattiqroq yig'lay boshladi.
— Hoy, sekinroq, hozir Muqaddam bilan Muzaffarni uyg'otib yuborasan, — dedi onasi ham qayg'uli ovozda.
— Ona, bu yoqda men sharmanda bo'lib o'tiribman-u, siz o'g'lingiz bilan qizingizning uyqusini o'ylaysiz-a?! — dedi opasi ta'nali tovushda.
— Voy qizim-ey, menga qolsa shunday bo'lsin, debmanmi? O'zi opangnikida necha kun turgan bo'lsam, xuddi igna ustida o'tirganday bo'ldim. Aslida, o'shanda ko'nglim sezgan ekan-da. Aksiga olib chaqaloqning ham kindigi tezda tusha qolmadi. Azamatni beshikka solar-solmas shoshilib yo'lga tushdim. Dardingni olay, qizim, endi hadeb yig'lab, mening ham yuragimni ado qilmay, o'zingni qo'lga ol…
— Bu nima deganingiz, ona?! Qanday qilib o'zimni qo'lga olaman?! Axir! Axir menga endi it tekkan bo'lsa!
«Ie, opam ham rosa vahimachi-da, — deb o'yladi Muzaffar opasining gaplaridan so'ng kulgisi qistab, — nima, it tekkan bo'lsa, obrezga boribmi yoki tashqariga chiqibmi, yuz-qo'llarini yaxshilab kir sovunda yuvib tashlasin. Shuniyam onamga aytib, yig'lab o'tiradimi? Ana, men har kuni necha soatlab Oqboy bilan o'ynayman, qo'limdagi kulchamgacha tortib olib, hatto yuzimgacha yalab tashlaydi, hech kimga hech narsa demayman-ku!..» Biroq bolakayning o'ylayotgan gaplari chala qoldi.
— Onajon, men bunday yashay olmayman! Maraz Mansurni bilaman, kamida uch-to'rtta o'rtog'iga «Muazzamni shunday qildim», deb allaqachon maqtanib bo'lgan. Endi mening oldimda bitta yo'l bor, ona! — dedi opasi yana ketma-ket uf tortarkan.
— Tentak bo'lma! Jinnicha gaplaringni ham boshqa gapirma! O'zi otangning kuyigi ham menga yetadi! Nima, endi sen ham meni… — deya onasi gapining davomini aytmadi.
Muzaffar garchi opasi bilan onasining ko'pi jumboqli so'zlariga yaxshi tushunmayotgan bo'lsa-da, yana picha ularning gaplariga quloq tutib yotdi. Keyin uxlab qoldi. Ertalab tursa, Muazzam opasining o'rni bo'm-bo'sh. Tong otmasdan turib oladigan onasi esa negadir haligacha yotibdi. Lekin qayta-qayta xo'rsinishidan uxlamayotgani aniq.
— Ona?.. — dedi bolakay volidasining e'tiborini tortish uchun.
Javob bo'lmadi.
— Ona! — bu safar sal dadilroq ovozda chaqirdi Muzaffar.
Yana javob yo'q.
— Ona, nega indamaysiz? Mazangiz bo'lmayaptimi?..
Shundan so'nggina onasi qaradi unga. Onaning nigohida olam-olam dardu g'am bor ediki, bu holatni tasvirlab berishga qalam ojiz.
Aslida, Muzaffar «Ona, «It tekkan» degani nima degani?» deb so'rashga chog'langandi, ammo onasini behol ko'rdiyu, fikridan qaytdi. Chunki u hozir mehribonining tuni bilan uxlamay, buning ustiga yig'lab chiqqani sabab qizarib ketgan ko'zlariyu deyarli shishib ketgan yuziga qarab, bola aqli bilan bo'lsa-da, fahmlab turardi. «Yaxshisi, Iroda ustozdan so'rab olaman», deb o'yladi u. Lekin ustoziga ham bor gapni aytolmay, dami ichiga tushgudek bo'lib uyiga qaytdi. Va uyiga qaytayotib yo'lda o'zidan to'rt yosh katta, kutubxonadagi kitoblarning hammasini o'qib chiqqan Nurbekka duch keldi-da, gap orasida undan «it tegish» nima ekanini bilib oldi…
Shunday kunlarning birida qishloqda kelin to'y bo'ldi. Muzaffar tengqurlari qatori to'yga bordi. Bormasa bo'lar ekan, o'sha yerda u birinchi marta opasi «maraz Mansur» deya tilga olgan yigitni ko'rdi. To'g'rirog'i, tengdoshlari bilan bir chekkada sho'rvaga non botirib yeyayotgan Muzaffarning oldiga o'zidan ikki sinf yuqorida o'qiydigan Abdumalik kelib, «Seni Mansur aka chaqiryapti. Tez borarkansan», dedi. «Mansur akang kim, tanimasam, bilmasam», dedi Muzaffar. «Salkam pochchang emish-ku, shunday desang, darrov keladi», dedi Abdumalik ham sovuqdan-sovuq tirjayib. Muzaffar ichayotgan sho'rvasini chala qoldirib, Mansur tomonga ketdi. Jinsi shim, qora futbolka kiygan, bo'ynida qalin tilla zanjir, ko'zi qolib peshonasiga ko'zoynak taqqan olifta yigit ekan Mansur deganlari. Muzaffar indamay bir to'da yigitlar orasida nimalarnidir aytib maqtanayotgan Mansurning yaqiniga borganda to'xtadi. Nimadir bolakayning ularning oldigacha borishiga xalal berayotgandek edi. Yigitlardan biri «Ana, keldi!» deya Muzaffarni ko'rsatib oliftaga imo qilgandi, Mansur «Buyam opachasiga o'xshab tortinchoqqa o'xshaydi!» degandi, davrada gurra kulgi ko'tarildi. Muzaffarning o'zi bo'lari bo'lib, nima qilishini bilmay turgandi, bu gapdan keyin alam va jahldan yuzi bo'g'riqib, qip-qizarib ketdi.
— Menga qara, oting Muzikmidi sening? — dedi Mansur «chirt» yetkazib bolakayning oyoqlari ostiga tupurarkan.
Muzaffar indamay turaverdi. Mansurning jahli chiqdi.
— Hoy bola, men senga gapiryapman, kattalar bilan gaplashishni bilasanmi o'zi?! — deya o'dag'ayladi u bolaga qararkan.
Muzaffar yana indamadi.
— Gapirmasang, gapirma, lekin menga Muazzam opachangning qaysi uyda yotishini aytsang bo'ldi! Evaziga ellik ming so'm olasan! — dedi Mansur maqtangandek gerdayib. — Men bu yerda bolalar bilan bitta restoranda o'tirishdan garov boylashib qo'ydim, xullas, bu yog'ining senga aloqasi yo'q. Muazzam bilan qiladigan ozgina chala ishlarimiz bor…
Oliftaning gapi shu yerga yetganda bolakay chidab turolmadi. Yugurib bordi-da, bir sakrab Mansurning boshini mo'ljallab musht solmoqchi bo'ldi. Ammo 11 yosh bola qaerdayu, gavdasi so'laqmonday besh-oltita yigit qaerda. Ularning biri Muzaffarni tutib qolib, o'rtog'ini musht yeyishdan saqlab qoldi. Bolakay Mansur qolib, haligi yigitning giriboniga chang solmoqchi bo'ldi. Biroq yana besamar.
— Bu bola bo'riga o'xshab nuqul tomoqqa chang soladimi, deyman?! — deya kuldi to'dadagi yigitlardan biri.
— Lekin Mansurboy, Muazzamni izlab borganingda ehtiyot bo'l, bu bolaning iti bor, yana bo'yningni tishlay olmasayam, soningdan bir parchasini uzib olmasin! — deya hazil qildi yana biri.
— E-e, o'tgan safar ko'rganman itini! It emas, hali laycha-ku! Men iti bor desa, qopong'ich iti bo'lsa kerak, deb o'ylab, atay tog'amlarnikiga kirib qassob pichog'ini olvolibman. Borib, hovlisiga kirganimda bir hurgandek bo'ldi-yu, keyin qaytib qorasini ham ko'rsatmadi…
Shundan so'ng Muzaffardan gap olish befoydaligini sezgan yigitlar uning ketishiga ruxsat berishdi. Muzaffar ketdi. Ammo shu ketishda uning yuragida alam bor edi. Bolakay opasiga tekkan «it» kimligini bilib olgan va uning jajji yuragida o'ch olish istagi nish urib kelayotgandi.
* * *
— Dada, sizni Uchqo'ldagi Iqbol xolaning o'g'li so'rab kelibdi. Ichkariga kir, desam, uyalyaptimi, kirmadi, — dedi Toshniyoz qassobning kenja qizi Gulbahor uyga kirib.
Toshniyoz qassobning xayoliga darrov «Iqbolning eri qamoqda bo'lsa, o'g'lini qarz so'rab jo'nattirgandir-da», degan o'y keldi. Biroz o'rnidan turishga erinibgina o'tirgach, «Sen qiz bola boshing bilan nega namozshomdan keyin darvozani ochib yuribsan?» deya qizini nomiga koyigan bo'ldi. Keyin oyog'iga kalishini ilib, eshikka chiqdi. Qarasa, bir bola turibdi mung'ayib.
— Assalomu alaykum, qassob bova!
— Va alaykum, — deya chala alik oldi qassob garchi bolaning «qassob bova» degan so'zlari qulog'iga moydek yoqsa-da. — Nima xizmat, o'g'lim?
— Men… haligi… — chaynaldi bolakay (bu Muzaffar edi).
— Ey, bola, sen raz o'g'il bolamisan, gapni ham tutilmasdan, shartta-shartta gapirishni o'rgan! — dedi qassob Muzaffarning gapidan adashayotganini sezib. — Nima, uylaringda biror qo'y-po'y jontalash bo'lib qoldimi? Tez borib halollash kerakmi?
— Yo'q, — dedi bu safar Muzaffar dadil-dadil gapirarkan, — hech nima so'yish kerak emas! Sizdan bir narsani so'rashga keldim. Itga so'yilgan mollarning qonini bersa, qopag'on bo'lishi rostmi?
Bu savolni eshitgan qassob daf'atan jim qoldi. So'ng siyrak soqolini silarkan ohista so'radi:
— Senga qopag'on it nega kerak bo'lib qoldi?
Bola indamay turaverdi.
— Endi o'zim itimga so'yilgan molning qonini berib ko'rmaganman-ku-ya, lekin Mitan, Ishtixon tomonlardagi bir-ikkita qassob tanishlarim shunday deyishgandi. U yerlar salkam shahar joy, keldi-ketdi ko'p. O'shanga ular uyida rosa qopag'on itlar saqlashadi…
Qassobning gapi chala qoldi.
— Unda mengayam so'ygan mollaringizning qonidan berib turing, bova, maylimi?.. — deyarli yalingan ovozda gapirdi Muzaffar.
Toshniyoz qassob unga yo'q deyolmadi. Faqat «Bunaqa bemahalda bir o'zing yurma, qorong'i tushganda ko'chada ins-jinslar ko'payadi», dedi. Bolakay xursand holda «Xo'p, xo'p», dediyu, ortiga qaytdi.
Shundan so'ng Muzaffar salkam bir yilcha kunda-kunora qassobnikiga qatnadi. Ammo u yerdan nima olib ketayotganini hech kimga, hatto onasiga ham aytmadi. Qassobning uyidagilar esa yosh bolakayning tez-tez ularnikiga kelib-ketishiga ortiqcha e'tibor ham qilishgani yo'q.
Mana shu o'tgan vaqt orasida Muzaffar iti Oqboyni nafaqat qassobning uyidan olib kelgan qon bilan boqdi, balki unga o'zi har kuni erinmasdan atala qilib berdi. Kamiga itiga buyruq berib, ushbu buyruqlarni bajarishni ham o'rgatdi. Qarabsizki, Oqboy ko'rgan odamning eti seskanadigan, xuddi bo'ribosarlardek bahaybat itga aylandi.
* * *
Tuman markaziy shifoxonasining jonlantirish bo'limiga 24-25 yoshlar atrofidagi olifta yigitni keltirishdi. Aytishlaricha, uni yarim tunda qashqir talab ketgan emish va yana aytishlaricha, endi u yarim jon bo'lib qolarmish, to'g'rirog'i, bo'lib o'tgan jarrohlik amaliyotidan so'ng u erlik qilolmasmish. Ko'pni ko'rgan keksalar «Qishloqqa qashqir oralagani bekor gap, bizlar shu paytgacha bunday gapni hatto ota-bobolarimizdan ham eshitmaganmiz. Keyin qashqir odamga emas, qo'y-echkiga hujum qilguvchi edi. Ja qo'y-echki topilmasa, eshak-peshakniyam bo'g'izlab ketaverardi, lekin odamlarga daxl qilmasdi, bu yerda boshqa bir sir bor», deyishdi. Ammo bu yerda chindan ham qanday sir borligini Toshniyoz qassobdan boshqa hech kim bilmasdi. Qassob esa o'zi azaldan kamgap odam emasmi, bunday shov-shuvli hangomani eshitgandan so'ng odatiga mos tarzda shunday dedi: «Kim qilmas, kim topmas». Uning nimani nazarda tutganini esa yana jumboq bo'lib qolaverdi.
Ha, aytgancha, mana shu voqealardan so'ng Muzaffar opasi Muazzamni qo'yarda-qo'ymay qishloqdagi to'yga olib chiqdi. Bu Muazzamning anchadan beri birinchi marta yig'inga chiqishi edi… Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|