Yozning oxirgi oyi. Oqshom. Maydalab yog'ayotgan yomg'ir anhor yuzini silardi. Shamol esganida oqar suv mavjlanar, soyabon ostida turgan Zarina bu mavjlarga tikilgancha xayol surardi. Hozir u homilador ekanini bildi. Shifokorga iljayib qo'ydi-ku, ammo o'zini sarosima bosdi. Yelkasiga tog' mingashib olganday bo'ldi. «Hozirdan butun xayolim shu bolada bo'lsa, — o'ylandi u, — tug'ilsa nima bo'larkin? Men o'zim-chi, tayyormanmi shunga? Mendan yaxshi ona chiqarmikin?»
Juvonni yana vahima chulg'ay boshlaganida, birdan shamol turdi. Xayolini jamlab olgan Zarina nimchasining oldini mahkamroq yopdi-da, uyiga yo'l oldi. Yuzida nimtabassum…
Zarina bola daragini Sanjarga yetkazishga oshiqib, yettinchi qavatga go'yo qanot qoqib chiqdi. Sanjar oshxonada ekan. Deraza tomon tikilib, o'ychan o'tirganidan Zarinaning kelganini hatto payqamadi ham. Zarinaning sho'xligi tutib, oyoq uchida yurib, «vah» deganicha yelkasiga qo'l tashladi.
— Biz keldik!!!
Zarina Sanjarning qayrilishini kutdi. Ammo… Uning ko'zlaridagi nochorlik, tushkunlikni ko'rib, kulgisi o'chdi.
— Tinchlikmi? Nega bunaqa o'tiribsiz, mazangiz yo'qmi?
Sanjar chuqur xo'rsindi. Zarina bilardi, hozir undan gap olib bo'lmaydi. Shu bois tili uchida turganini ichiga yutib, ro'parasidagi stulga o'tirdi.
— Kimdir o'laman, desa, — qovoq uydi oq-sariqdan kelgan, asabiylashsa yumaloq yuzi xuddi hozirgiday qizil tusga kiradigan Sanjar, — kimdir, kulaman, derkan-da, a?.. Biz ham bilaylik, nimadan bunaqa xursandsiz?!
— Sizda uchta imkon bor, topsangiz…
— Sen ham bugun asabimga tegmagin, iltimos! O'zi shundog'am pichoq ustida o'tiribman!
— Men boya UZIga tushdim! — Zarina rasmiyatchilik ohangiga ko'chdi.
— Xo'sh?!
— Homiladorman!
— Homila?! Q-qanaqasiga, axir?..
— O'n haftalik bo'libdi. Olti oydan keyin ona bo'larkanman.
Zarina Sanjardan ko'z uzmadi. Rag'bat kutdi. U esa musht yeganday karaxtlanib qoldi. Olov qa'ridan chiqqan temirday, qip-qizil tusga kirgan yuzini ishqab, oxiri stolga musht urdi. So'ng bir nuqtaga tikilib o'yladi.
— Marinaga telefon qilishimiz kerak?!
— Birovga nafi tekkanmi uning?
— Hamma kotiba deb mensimaydi-ku, lekin u shunaqa vaziyatda nima qilish kerakligini biladi.
— Xuddi bir jinoyat qilganday gapirmang.
— Bolani oldirib tashlamasak bo'lmaydi!..
Kutilmagan bu gapdan Zarinaning qorachiqlari kengayib ketganday bo'ldi.
— Nega? Axir, axir yuragi ura boshlagan-ku?
— Yana ikki-uch yildan keyin bo'lsa mayliydi, hozir dahmaza bo'ladi. Endi karyerangni yo'lga qo'yganingda, o'z oyog'ingga bolta urmoqchimisan? Bunaqa kontrakt, bunaqa homiylar ertaga kelmaydi, shuni tushunyapsanmi? Butun jamoa senga ko'z tikkan…
— Bilmasam, — Zarina go'yoki yomon narsadan to'sganday, qorniga qo'lini qo'ydi. — Yuragim ostida yana bir yurak urayotganini o'ylasam, yettinchi osmonda yurgandayman. Mendan baxtli odam yo'qday dunyoda.
— Uf-f… — boshini egib xo'rsindi Sanjar. — O'zi bir kelsa, qo'shalab kelishi rost ekan-da. Bu tashvishlar qachon tugarkin-a?
— Bolaning tashvishi…
— Bola deyavermagin! Kamiga nikohsiz…
— Hali tug'ilmagan bolani muncha yomon ko'rdingiz?!
Achchig'i chiqqan Zarina o'rnidan turib, o'zini eshikka urdi.
— Men bu bolani, — ortidan o'shqirdi Sanjar, — hech qachon o'zimniki deb qabul qilmayman! Uyga kiritadi, deb xomtama bo'lma!
Zarina xonasiga kirib, eshikni qulfladi. Yotog'iga o'zini otmoqchi bo'ldi-yu, asta yonboshladi. Xo'rligi kelib, ko'ziga yosh oldi. Birgina savol yuragini tirnardi: «Boshqacha bo'lishi mumkinmidi?»
Esida, Sanjarni uchratganida Zarina o'n sakkizda edi. Model bo'lish istagida yonardi. Birgina chiroy va g'ayrat kifoya qilmasligini tushuna boshlagan kez Sanjar paydo bo'ldi. Boshqa izma-iz ta'qib qiladigan yigitlardan dangal, o'tkir chiqdi. Fotostudiyadan muqim joy hamda markazdan uy taklif etdi. Uzuk taqib, sevgi izhor qildi.
— Qiziqmisiz, Sanjar, — shoshib qolgandi Zarina, — sizning oilangiz bo'lsa, meni nima qilasiz?!
— Bu menga to'siq emas! — Sanjar qiz qarshisida tiz cho'kib o'tirdi.
— Sizga befarq emasman-u, bunchalikka boradi, deb o'ylamaganman.
— Sen meniki, faqat meniki bo'lishing kerak! Birov ilib ketishini o'ylasam, kechasi uxlolmayapman.
— Bunga tayyor emasman, birov eshitsa…
— Zarina, men tomon yana bir qadam tashla, senga yuragimni beraman! Orzungga yetasan! Sendan baxtli odam bo'lmaydi dunyoda!
Garchand Zarina o'sha kuni ikkilangan bo'lsa-da, bir uxlab turib fikrini o'zgartirdi. Tushida Sanjar boshqaga sevgi izhor etayotganini ko'rdi. U o'ylagandiki, bir nimadan kechmaguncha, boshqasiga erishib bo'lmaydi. Orzu yo'lida shu kerak ekan, demak, uni qabul qilish lozim.
* * *
Zarina mijjasini erta sahar ochdi. Behol, madorsiz bo'lsa-da dori ichib, fotostudiyaga bordi. Butun jamoa unga suq qaraganidan diqqati oshib, o'zini ko'chaga urdi. «Yo Sanjar haqmikin?» degan o'y o'rtab, ikki o't orasida qoldi. Yonidan yoshi katta bir ayol o'tganida, ko'z oldiga onasi keldi. Avvaliga najot chashmasi topganday shodlanib ketdi-yu, keyin roziligisiz uydan qochganini eslab, mulzam bo'ldi.
«Quvib yubormas, o'gay bo'lsa ham ona-ku», degan hadik bilan borib, bir kun hammaga tanilib, orzulari ro'yobga chiqqan qiz bo'lib bosmoqchi bo'lgan ostonani yurak yutinib xatladi. Onasi hovlida yelpinib o'tirgandi. Turishidan erkakshodaligi ayon, birovga yomonlik tilamaydi-yu, kuyib-pishib ham yotmaydigan bu ayolga nigohi tushishi hamon Zarina joyida qotdi. Onasi qaddini rostlaganida, oldinga uch qadam tashlab salom berdi. Alik olinmadi…
— Nega kelding? — qo'lidagi yelpig'ichni beliga tirab, qosh chimirdi onasi.
— Men… Zarina Sattorovaning uyini qidirib yurgandim, — o'ziga yopiqligini bilgan Zarina ayolning yuragiga boshqa tomondan yo'l qidirdi. — Siz onasi bo'lasizmi?
— U qiz boshiga tashvish tushsagina eslardi, bu gal nima qilg'iliq qildi?!
— O'zi-ku orzusiga yetay, deb qoldi. Suratlari jurnallarda bosilib chiqdi…
— Qulluq-qulluq, — dedi ayol tagdor qilib.
Zarina unga homila haqida aytishi mumkinligini o'yladi.
— Qizingiz homilador ekan, — bazo'r tilga kirdi Zarina.
Ayolning tusi biroz o'zgardi. Bir muddat jim qolib, keyin ovozini balandlatib gapirdi:
— Ilohim, yo'lini bersin. Nikohsiz yurmayaptimikin, ishqilib?!
O'gay ona bu gapni shu qadar beparvolarcha aytdiki, qizning eti jimirlab ketdi. So'ng yana so'z ochdi:
— Men… qizingiz katta shartnomaga qo'l qo'ygan. Uni buzsa, hamma topganlarini yo'qotadi. Balki… shunga bola haqida…
— Avvalroq o'ylash kerak edi! — deb yubordi ayol.
Zarinaning tomog'i quridi. Ona shunaqa bir g'azab bilan qaradiki…
— Og'ir kasal bo'lib jonlantirish bo'limida yotganingni eslaysanmi? .. O'shanda bilmagan ekanman-da kim bo'lib ulg'ayishingni.
Bu gap Zarinani teshib ketdi. Ayol unga, baribir, o'gay ekanligini ko'rsatib qo'yishni istadimi, yelpinib-elpinib dang'illama uyga kirib ketdi. Qizga na «ket» dedi, na «kir» ishorasini qildi. Zarina mulzam qoldi.
«Kecha oilamdan kechgandim, — o'ylandi u, — bugun bolamdan kechmoqchiman. Ertaga-chi? Ertaga nimadan kechaman?!»
Zarina hovlida ko'p turmadi. Hali sovib ulgurmay, Sanjar masalasini hal etishga otlandi. Sanjar esa uni boshqacha bir mulozamat bilan kechagi oshxona tomon olib borib, shamlar qo'yilgan dasturxon atrofiga o'tqazdi. Zarina ham ajablanib, ham hadiksiradi. «Nimani ko'zladi ekan?» deb o'ylaganida Sanjar xonadagi chiroqni o'chirib, sham yoqdi. Oldiga sharbat qo'ydi.
— Ich, bolaga foyda…
— Kecha yo'qotmoqchi bo'lganingizga bugun g'amxo'rlik ko'rsatyapsizmi?
— Men… — Sanjarning ko'zlari olayib, ohangi o'zgardi, — hozir ham uni yo'qotmoqchiman!..
Zarina qo'rqib ketdi. Sapchib o'rnidan turdi. Lablarida titroq paydo bo'ldi. So'ng birdan o'zini tutdi-yu, ko'zlarini bir nuqtaga qadab gapirdi:
— Bo'yningizga osilganim yo'q edi, siz o'zingiz…
Sanjar o'z muddaosini o'rtaga tiqdi:
— Shartnomada sening ham imzong turibdi, ertaga ikkalamizga ham yomon bo'ladi.
— Agar sizni shu qiynayotgan bo'lsa, o'sha homiylar bilan o'zim gaplashaman. Ular ham odam…
— Sen o'zgarib qolibsan, Zari! Xuddi birov senga gap o'rgatayotganga o'xshaydi.
— Men endi o'n sakkiz yoshli tentak qiz emasman. O'ylab qadam bosmasam…
— Nima bo'ladi?! Xo'sh…
Shasht bilan o'rnidan turgan Sanjar Zarinani aylanib o'tib, yelkasiga qo'lini qo'ydi. Qattiq siqdi, pastga bosdi.
— Qo'yib yuboring, iltimos…
Sanjar endi past va tahlikali ovozda Zarinaning quloqlari ostida shivirlay boshladi:
— Gapim rost! Seni uchratmasdan oldin maishatdan ortmay, topganimni qimorda sovurardim! Bitta sen meni odam qilib yuribsan. Shaytonga joy bermayapsan. Men sening mahbusingman…
— Men ham shuncha payt, — Zarina Sanjarning qo'llariga taslim bo'lib, ularga suykaldi, — faqat pulingiz uchun yashab yurganim yo'q. Sizga bog'lanib qolganman. Bu bola bizlarni yanayam…
— Shu bolani yo'qotsang, — Sanjar bo'g'iq va past ovozda gapirardi, — bizni katta baxt kutib turibdi, katta baxt.
Zarina uning ohangidan shunchalar qo'rqib, o'zini eshikka urganida, Sanjar qo'lidan tutib qoldi.
— Qo'yib yubor! — bor ovozda baqirdi Zarina. — Qo'lingda boshqa ermak bo'lmayman! O'zingga boshqa qo'g'irchoq top!
— Ichimdagi shaytonni qo'zg'ama, Zari! O'zingga yomon bo'ladi!
Zarina Sanjarning yuziga tarsaki tushirdi. Sanjar kaftini shapaloq tushgan yuziga bosdi. o'alati iljaydi-da, u ham Zarinaning yuziga shapaloq tortdi. Yerga yiqilgani hamon, qorniga tepdi. Zarina og'riqdan qichqirib yubordi…
Zarina ko'zini shifoxonada ochdi. Qornida kuchli og'riq bor edi. Bolasidan ayrilibdi. Dunyo ko'ziga qorong'i ko'rinib, sovuq urgan daraxtday quruqshab, rangi o'chdi. Endi uni tan azobidan ham ko'ra, ruhiy iztiroblar qiynardi: «Boshqacha bo'lishi mumkin edi-ku! O'shanda bir narsadan kechmaguncha, boshqa narsaga erishib bo'lmaydi, deya, tarozining bir pallasiga sha'ni, g'ururi, nomusini qo'yib, nimaga erishishni ko'zladi? Bularning toshini bosadigan nima bor asli? Birovning baxtiga zomin bo'lib, qaragan ko'zlardan uyalib, xuddi jinoyatchiday damini ichiga yutib yashab, baxtli bo'lish ham mumkinmidi? Egri yo'ldan yurib, saodatni uchratib bo'ladimi? O'zini sotgan kishining nasibasi boshqacha ham bo'lmasligi kerak…» Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|