Ba'zan ismimga e'tiroz bildirishadi. Xudoning ismi, oldiga Abdul qo'shib aytgin, deyishadi. Biroq menga bu ism boshqa maqsadda berilgan. Yetti oyda tug'ilganim uchun shifoxonada menga «Hech qancha yashamaydi, o'ladi», deb tashxis qo'yishgan. Hatto «Mehringiz tushib qolsa, bir umr unutolmay, iztirob chekib yashaysiz», deya otam qarindoshlariga meni ko'tarishni, bag'riga bosishni, o'pishni taqiqlab qo'ygan. Faqat onam bilan enamgina hech kimga ishonmagan. Onam bir zum bo'lsin quchog'idan qo'ymay alqalab yurgan bo'lsa, buvim «Mening nabiram kuchli, unga hech narsa qilmaydi», deya butun qishloqni aylanib chiqqan. Kuni bo'yi uyma-uy yurib, hammaga «Mening nabiram kuchli, mening nabiram Vahob», deya suyunchi olib yurgan. Xullas, ismimning ma'nosi shu — kuchli degani. Tangrining quli, degan ma'noga daxli yo'q. Bundan tashqari, ismimiz qanday atalishidan qat'i nazar, hammamiz Yaratganning bandasimiz. Hammamiz Abdullohmiz.
O'zimga kelsak, enam adashmagan ekan. Mana, yuribman yashab…
* * *
Ismi Ruhiyat edi. Onasi edi qishlog'imizning. Yiqilganni suyaguvchi ham, adashganning himoyachisi ham, to'y qilganning boshi ham, ko'chada qolganning panohi ham enam edi. Ishonsangiz, tez-tez oldiga olimlar, yozuvchilar, muallimlar kelib turardi. Yo'qolib ketayotgan urf-odatlar deysizmi, an'analar deysizmi, xalq og'zaki ijodi deysizmi, xullas, bu borada «Ma'lumotlar byuro»si ham enam edi. Tabibman demasdi-yu, ammo qishloq ahli uni «Ibn Sinoning nabirasi», derdi. Aldash yo'q, hali tumandan, hali shahardan ham katta-katta shifokorlar kelib, enamdan maslahatlar olib ketishardi. Ba'zan esa ularning tortishuvlariga ham guvoh bo'lib qolardim. Sababi, shifokorlar kasallik varaqasiga qarab xulosa qilsa, enam kasalning tanasiga qarab xulosa chiqarardi.
— Ena, axir oshqozonim sanchadi, ishtaham yo'q deyapti, — tushuntirgan bo'ladi shifokor o'zi bilan sudrab kelgan bemorga, bir chordona qurib o'tirgan enamga qarab. — Achchiq qalampirning bunga nima daxli bor?
— Bir marta yesa o'lib qolmaydi, enang tengi odam bilan aytishmasdan, aytganimni qil! — qaysarligi tutib qoladi enamning. — Bo'l!..
Shifokor-ku, mayli, bemorning hayotiga, sog'lig'iga javobgar. Shuning uchun o'zi ikkilanayotgan narsani bemorga tavsiya etishga tiyib turadi o'zini, ammo bunday holda bemorlar hozir buvijon jahli chiqyapti, deb ko'ngillilardan bo'lib qo'l ko'taradi. Qo'lidagi qip-qizil qalampirga xuddi noyob topilmadek sinchikla-ab tikiladi.
— Bittada yarmini tishla, bolam.
— Yarmini? — ko'zlari chaqchayib ketadi kasalning.
Axiyri bo'lmaydi, enam yemaganiga qo'ymaydi. So'ng ko'zlaridan shaldirab yosh oqayotgan bemorga suv beradi, choy-non, keyin ovqat. Ehtimol, achchiqni bosish uchun bo'lsa kerak, ishtaha bilan, tamshanib-tamshanib ovqatlanayotgan kasalga qarab, enam tilga kiradi:
— Sening davong qalampir emasdi…
Kasal ham, shifokor ham yalt etib enamga qaraydi. Enam esa beparvo:
— Shunchaki, ishtahangni sinab ko'rdim, — deydi.
So'ng kasalning yuqori chap ko'ksida uchi ko'rinib, do'ppayib turgan idishga ishora qiladi:
— Ana sening kasaling…
Kasal cho'ntagidagi nosqovog'ini ikkilangancha olib, ming bir istihola bilan o'rtaga qo'yadi.
— Nos — oshqozonda hazm bo'lmaydigan modda. U tiling ostida mahali gapirganingda erib, suyuladi-da, ma'lum qismi oshqozonga ketadi. Holat takrorlanavergach, oshqozondagi nos yig'ilib, kuchga aylanadi. Qirq qavatni sekin-asta qirqadi. Natijada hazm qilish borasida muammolar tug'iladi, uqdingmi? Ovqat yemoqchi bo'lsang, ishtaha yo'q, yemasang, sanchadi…
* * *
Enamning aytishicha, nos ota-bobolarimizdan qolgan chekimlik emas, uni yaqin o'tmishda, so'nggi ikki yuz yillikdagi urushlarda, ocharchiliklarda odamlar o'zlari o'ylab topgan. Ishtahani bo'g'ib, o'zlarini aldash uchun. Ammo u paytning odamlari kayfu safo haqida o'ylashmagan ekan. Qolaversa, qorin og'rish kasali ham mana shu nos, tag'in o'risdan kirib kelgan hojatxonalardan so'ng boshlanganmish. Biz unitaz deydigan moslamada o'tirish — hojat yo'llarini bo'g'ib qo'yarkan, ichaklarda muammo keltirib chiqararkan.
* * *
Enam neniki tayinlamasin qulog'imga quyib olardim. To'g'ri, ba'zan «isyon» ham qilib turardim, ammo enam yaxshilab tushuntirib bergach, xotiramda muhrlanib qolardi. Aytaylik, kalantar voqeasi.
Oldinlari suv tashish uchun kalantar degan narsa bo'lgan. Bu moslama uzun, o'rtasi ark shaklida bo'lib, yelkaga osib yuriladi. Uning har ikki yoniga bir xil vazndagi yuk ilib olishingiz mumkin.
— Go'jaga suv kerak, quduqdan muzdekidan olib kel, — deb qoldi bir kuni enam paxta qavib o'tirib.
Erinib bo'lsa-da, chillagimni yig'ishtirib, chelakni qo'limga olgancha darvoza tomon ketayotgandim, enam to'xtatdi:
— Ikkita chelak olvol.
— Uff-f… ikki chelak nega kerak, ikki chelak qilmaysiz-ku!
— Aytganimni qil. Ikki chelagiyam bir xil bo'lsin!
Shu tariqa enam o'zi yasagan kalantarni yelkamga iladi. Olib kelganimdan so'ng ham, tushligimizdan so'ng ham qovog'im ochilmayotgani, hovlida hali u, hali bu narsani tepib yurganimni ko'rib, enam meni yoniga chaqiradi. Zaxirada turgan bir chelak suvning teng yarmini bo'sh chelakka solib, qo'limga tutqazdi:
— Ko'tar!
Ko'tardim. Endi nima qilishni bilmay, garangsirab turaverdim. Picha vaqtdan so'ng enamga:
— Nima qilay, yelkam og'rib ketdi, — desam, enam:
— Ikkinchi qo'lingga mana buni ham ol, — deb qoldi.
Men aytganini qildim.
— Endi-chi? Og'rimayaptimi?
Bosh silkidim. Darhaqiqat, endi og'rimay qo'ygandi.
— Senga atay ikki chelak suv aytdim, — chelaklarni qo'yib, yoniga o'tirishimni imlagach, tushuntiradi enam. — Bir yoningga og'iring tushsa, albatta, suyagingga malol keladi. Ikki yoningga bir xil og'irlikda ko'tarsang, muvozanat saqlanib qolinadi. Odamlar kalantar ishlatmay qo'ygani yoki ikki qo'lida ikki xil vazndagi yukni ko'tarishga odatlangani uchun orttirib olishgan o't kasalligini. O't pufak shundan og'riydi, bolam.
* * *
Enam uchun taqvim Navro'zdan boshlanadi. Odamlarning yoshini to'qqiz oy qo'shib hisoblaydi. Bahoru yozni, kuzu qishni, avvalo, hayvonlarning o'zini tutishi, qolaversa, o'simliklarga, yerga, tuproqqa qarab aytardi. Ayniqsa, qish bilan bahor o'rtasini aniq-tiniq aytib berardi. «Indamas havo, odamning dushmani», derdi. «Hammani shu havo kasal qiladi», derdi. «Issiq kiyinib chiqsang, isib ketadi, yupqa kiyinib chiqsang, sovib ketadi, terlab taningni yopishtiradi, namgarchilik tanangga singadi», derdi. Ramazonda soatlarni tan olmaydi, osmonga qarab chamalaydi. Enamning taqvimi shunaqa edi. Unda nainki kunlar, haftalar, hatto oylar, yillar ham yo'q edi. Unda gullar, chechaklar, havo, tuproq, hayvonlar bor edi. Bayramlar esa qizil bilan emas, otam bilan onamning kelishlari bilan belgilanardi (Otam Ukrainada harbiy xizmatdan so'ng ham biroz qolgan, u payt Doneskda uyimiz bo'lardi. Propiska muammosi sabab biz faqat mehmonga borardik, bolaligim, asosan, enam bilan o'tgan).
Taqvimga qaytamiz. Quruq tomda ham tuproq paydo bo'lgani, hayvonlar bit yo kanalashi, parrandalarning qachon va qanday uchishi — hammasi enam uchun aniq-tiniq taqvim. Mening esa enamga o'xshab bilag'onlik qilish uchun qilgan barcha taxminlarim ba'zi-ba'zidagina o'zini oqlardi.
* * *
— Ena?
— Ha, qo'zim!
— Onam qachon keladi?
— Qishda…
— Qish qachon keladi?
— Bog'imizdagi temirlar qirovlaganda.
— Qachon qirovlaydi?
— Lochin tog'ang yetishtiradigan qovoqlar bor-ku, o'shaning oxirgi guli ham sarg'ayganda.
— Nega sarg'aymayapti?
— Hali turnalar uchmadi-ku.
— Qachon uchadi?
— Sovuq tushganda…
— Qachon sovuq tushadi?
— G'olib tog'ang anorlarimizni ko'mib bersin, o'shanda.
— G'olib tog'am qachon keladi?
— Tegmanozik tegmasang ham to'kilsin, o'shanda.
— Tegmanozik guli endi yaxshi gullayapti-ku, qachon to'kiladi?
— Otang kelganda…
— Otam qachon keladi?
— Onang kelganda-da, qo'zim, birga kelishadi-ku.
— Onam qachon keladi?
— Bog'imizdagi temirlar qirovlaganda…
Bo'ldi, bu yog'i to enam zada bo'lib, meni haydab solmaguncha aylanaveradi. Aslida, enamning o'zi ataylab jumlani aylantirib boshiga olib keladi. Chunki otam, onam haqida gaplashib o'tirishimizni istaydi. Har zamon gapni aylantirib, ularga taqaydi. To'g'ri, cho'zilmasdan, shundoq ham otam haqida, onam haqida gaplashsak bo'ladi, faqat mavzu aynan ular bo'lsa, unda sog'inganimiz o'z kuchini ko'rsatib, ichikishimiz mumkin. Shuni o'ylaydi enam. Holbuki, mendan ko'ra enamning o'zi istaydi ularning tez kelishini, qaniydi sira ketishmasliklarining iloji bo'lsa… Ayniqsa, ulardan xat kelsa, ko'zlariga surtib-surtib, keyin qo'limga tutqazadi:
— O'qib ber, qo'zim!
Ba'zan enamga kirill alifbosini o'rgatishga urinardim.
— Nima qilaman uni?
— Otamdan kelgan maktubni o'zingiz o'qiysiz, bemalol, ena.
Keyin darsni boshlaymiz. Enam men bergan alfavit bo'yicha yodlatganlarimni takrorlay boshlaydi:
— A… B… Bga o'xshadi.
— V.
— V… Ye… Yening teskarisi.
— E.
— E. K… Kning chiziqlisi.
— Q.
— Q. U… Uning nuqtalisi.
— O'.
— E, bo'ldi-da!..
— Axir o'rganib olsangiz, otamdan kelgan xatni o'zingiz o'qiy olardingiz, ena!
Enam jimib qoladi. Ko'kka qaraydi. Uzo-oqlarga termilib sekin pichirlaydi:
— Bolaginam-a, otangdan kelgan maktubni o'qish uchun menga harf ham, til ham kerak emasligini bilsayding. Harflar orasida esayotgan u yoqlarning shabadasi, qog'ozdan kelayotgan bolajonimning hidi menga gapirib beradi nima yozilganini. Bolajonim qanday, nima qilyapti, quvonchu qayg'usi, yig'isiyu kulgisi — hamma-hammasini…
— Yig'layapsizmi?
— Piyoz tozalayapman-ku, dumbul. Undan ko'ra tur, Anbar enangga ham o'qitib kel.
— Xo'p.
* * *
Enam, aslida, otamning tuqqan onasi emas, otamning tuqqan onasi, aslida, Anbar enam. Qisqasi, gap bunday. Ikki opa-singil bo'ladi. Kattasining, ya'ni Ruhiyatning eri va yakkayu yagona o'g'lini urushga olib ketishgach, bir kuni eridan, yana bir yarim yildan so'ng esa bolasidan qoraxat keladi. Ruhiyat qarindosh-urug' har qancha qarshilik qilishsa ham «Erimning xotirasi bilan yashayman!» deb turib oladi. Boshqa turmush qurmaydi. Bu orada singlisi Anbar to'rtinchi farzandiga homilador edi. Shunda Anbar eri Rahim qassobga «Keling, hademay qariydi, yolg'iz va qarovsiz qolmasin, shu bolani emizmay, mehrimni bermay turay, opamga beraylik», deb iltimos qiladi. Rahim qassob rozi bo'ladi. Shu tariqa otam tug'iladi va uni Ruhiyatga, mening mana shu enajonimga berishadi. Enam otamga Ro'zimuhammad deb ism qo'yadi. Chindan turmush qurmay, endilikda faqat otam uchun yashaydi. Ko'zlarining ostida, qarog'larining orasida katta qiladi.
Xullas, otamdan kelgan xatni Anbar enamga ham olib boraman. O'qib beraman. Enam oldin ko'z yoshi, so'ng duo qilib qo'yadi. Keyin maktubni yana enamga olib kelib beraman. Enam uni dastavval sellofanga, so'ng qutiga, so'ng jilkaga o'rab, oxirida sandig'iga solib qo'yadi.
* * *
Ba'zan «Enam ham adashishi mumkinmi?» deb o'ylab qolardim. Sinab ko'rish uchun enamdan oldin uyg'ongan paytlarim ham bo'lgan. Bir kuni xo'roz qichqirishidan oldin uyg'onib, enamni uyg'ota boshladim.
— Nima deysan, qo'zim?
— Turing, ena, xo'roz qichqirdi, yalpayib yotishingizni qarang!
— Aldayapsan.
— Chippa-chin so'zim, aldamayapman, ena!
Enam inqillab-sinqillab o'rnidan turadi. Kunchiqar tomonga birpas, osmonga birpas tikilib turadi.
— Hali Komiljonning «Go'ring»i bilan, «Dog'man»icha vaqt bor.
Enam kelib yana uzala tushib yotadi. Men yugurib borib, patefonda enam aytgan qo'shiqlarni qo'yaman. Enam patefonni «O'zi aytar xalfa» deydi. Xullas, Komiljon Otaniyozovning ashulasi boshlanadi:
«Har yigitning aslin bilay desangiz,
Ma'rakada o'tirib-durishin go'ring.
Birov bilan oshno bo'lay desangiz,
Avval va'dasinda durishin go'ring!
Odobi-ikromi, yurishin go'ring!»
Bu ashuladan so'ng «Maftuna sari, husningga zunnor garakmas»ni boshlaydi. Shuning uchun men uni shartta o'chirib, narigi lentani tiqaman. U «Dog'man» bilan boshlanadi.
«Ishqingda zor o'ldum, netay, g'amgin dimog'man,
Bemoru furqating bilan zoyirda sog'man.
Aqlu hushim saning bilan, ko'zdan yirog'man,
Ko'rsat yuzingni tolibi nurichirog'man,
Hajringda dardu g'am bilan, hasratda dog'man…»
Bu qo'shiqlar menga yod bo'lib ketgan. Oxirida «Hasratda dog'maa-an», deb yakunlaydiki, hovlida xo'roz qichqiradi.
Qanaqasiga axir?! Nega soatlar to'xtab qolishi mumkin, ovozi chiroyli qiz radioda aytgan harorat yolg'on chiqishi, ob-havo o'zgarishi mumkin, ammo enam yanglishmaydi?
* * *
Maktabga chiqa boshlaganimda enamga soat topib berdim. Soatning aqrablari nimaligini bilmagani uchun qattiq ogohlantirdim.
— Qarang, kichkina tayoq yettida, kattasi o'n ikkida turishi kerak. Xullas, ena, ertalab yettida uyg'oting, maktabga kech qolmay tag'in, kelishdikmi?
— Kelishdik, qo'zim!
Kelishganimizga pushaymonlar bo'ldim. O'quv kunlari mayli, dam olish kunlari ham uyg'otadigan bo'ldi. Axiyri, dam olish kunlari yostig'im yoniga chillakmi, lankami qo'yib yotadigan bo'ldim. Enam shundan biladi, bugun maktab yo'qligini.
Odatdagidek maktab kunlarining biri. Enam doimgidek gaplari bilan meni turtyapti:
— Tur, qo'zim, maktabga kech qolasan. Soat yetti bo'ldi. Tura qolsang-chi!
Erinibgina ko'zlarimni ochsam, beshta kam olti yarim.
— Ena, esingiz ham ketibdi-ku, a? Soat hali olti yarimga besh daqiqa bor.
Enam bir soatga, bir menga tikilib, aybdorona bosh egdi.
— Axir yetti bo'ldi-ku!
Yo'q, o'z bilganimdan qolmadim. Soat yettigacha birpas yotdim, garchi uyqum endi kelmasa ham. Nihoyat, doimgidek maktabga kelsam…
Roppa-rosa o'ttiz besh daqiqa kechikibman. Aftidan, soat orada bir to'xtab, yurmay qolgan. Enam esa soatni haligacha o'rganmaganini o'shanda tushundim. Demak, enam shu paytgacha, baribir, ichki sezgilariga ishonib kelgan.
* * *
Bugun kompyuter bor, internet bor har qanday bilim uchun. Ammo ko'pincha adashaman. Rivojlangan tibbiyot bor, ammo o'n olti yoshimdan goh yurak, goh qand bilan og'rinaman. Soat bor aniqlik uchun, ammo nuqul ishxonamga ham, boshqa joylarga ham kechikib yuraman. Obro' bor, tanish-bilish, muxlislar degandek, ammo yolg'izman…
Chunki dunyo huvillab qolgan…
Chunki dunyo kimsasiz…
Chunki enam oramizda yo'q… Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|