Dovud G'oziy Benli 1965 yil Germaniyada tug'ilgan. Ilohiyotshunoslik va xalqaro munosabatlar fakultetlarida tahsil olgan. Ayni paytda Turkiya Respublikasining O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisining matbuot maslahatchisi, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
***
– Azizam, buncha shoshmasang. Bugun bo'lmasa ertaga boramiz, – deb xotinimni niyatidan qaytarmoqchi bo'laman.
Ammo u oyoq tirab turib olgan.
– Boramiz, dedimmi, boramiz, tamom.
– Yana ozgina chidagin, yozda Turkiyadan olib kelamiz, uch-to'rt oy o'tadi-ketadi. Hozir Farg'onadan yo'lga chiq, to'rt-besh soat moshinada issiqda yo'l yur, Toshkentdagi allaqaysi do'kondan o'zimizdagidan uch baravar qimmatiga Turkiyada ishlab chiqarilgan qozon-tovoqlarni ol… Shular qiynalganingga arziydimi, azizam?
– Arziydi.
Bu xotinning javobi.
Farg'onada ehtiyojbop hamma narsa bor. Boybichaning maqsadi sayru sayohat, sopol tovoq bahona, xolos. Cho'ntakka pul tushdi deguncha oshxona anjomlarini yangilagisi kelib qoladi… Turkiyada nochor yashagan kunlarimizni esidan chiqargan. Olgan narsalarini rasmga tushirib internetga qo'yadi. Turkiyadagi dugonalariga ko'z-ko'zlab huzur qiladi. Uning nazdida shu ham baxt.
– Sedat, toqatim toq bo'ldi, shu shanba yo'lga chiqamiz. Toshkent degani tupkaning tagida emas-ku, axir! – dedi-da, suhbatimizga nuqta qo'ydi. Tabassum hadya qilishni ham unutmadi. Tan olishim kerak, uning tabassumiga jonimni fido qilib yuboraman.
Beadad shukr, ishlarimiz ko'ngildagidek. Bu yil Turkiyaga eksport qilgan mayiz va bodomdan tuzukkina foyda qilgandik.
Biz bu zaminga mamlakatlarimiz orasidagi aloqalar qaytadan yaxshilana boshlagan pallada kelgandik. Qattiq ishlab, oyoqqa turdik. Andijonda ishlab chiqarilgan mashinalardan birini sotib oldik. O'shanda ham Yosamin «Illo, xorij avtomobilidan olaylik», deb holi jonimga qo'ymagan edi. Endi esa o'zbek mashinasining shaydosi…
Nihoyat, Toshkentga otlandik. Rejamizda haftani Toshkentda yakunlash, sayr qilish, dam olish va o'sha sopol idishlarni xarid qilish….
Yo'ldamiz. Bir mahal xotin gap boshlab qoldi:
– Sayfibeyning xotini Nolon xonimning «Toshkent bozorida nima bor? Yaxshisi, yana ikki soat yursangiz, Chimkentga yetasizlar, ana u yerda ajoyib do'konlar bor. Qarang, biz nimalar oldik!» – deb maqtanganini va o'zining ham javobini aytdi: – Men Toshkentdan xarid qilaman.
Yoningda suyimli yor bo'lsa, keyin mashina yangi bo'lsa, yo'l ham ravon, tekis ko'rinarkan. Ketyapmiz.
– O'zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta gulli chinni tovoqlar, o'zbekona choynak-piyolalar ham chet elnikidan qolishmaydi. Turkiyaga ilk yil qaytganimizda qarindosh-urug' va yaqinlarga shunday piyolalardan sovg'a qilgandik, – dedi ayolim.
– Esimda. Shu gaplarni Nolon xonimga aytmadingmi? – so'radim xotinimni ko'proq tinglash ishtiyoqida.
– Aytdim. Burnini usti terlab ketdi. Menimcha, ichi yondi-yov…
Bahor yomg'iri to'xtab, yoz yaxshigina qizdira boshlagan. Farg'onadan chiqishda yoqilg'i quyish shahobchasiga to'xtab, mashina bakini to'ldirib oldik. O'zbekistonda benzin narxi Turkiyadagidan ancha arzon.
– Yosamin, O'zbekistonda benzin arzonligidan foydalanib, ko'p-ko'p aylanib olaylik, – dedim kulimsirab.
Bunga javoban xotinim jilmayib qo'shiq qo'ydi. Amal Toshchio'g'li kuylardi:
«Oh, netay yig'lamay, g'urbat elida, uzoqdan ko'rinur tog'larim,
G'arib qoldim, axir begona yurtda, uyimni sog'inib yig'layman».
Farg'ona vodiysining barcha go'zalliklarini, yam-yashil tabiatini, sharqirab oquvchi daryolarini, osmonga bo'y cho'zayotgan tog'larni ortda qoldirib, qo'shiqdan mast bo'lib yo'lning tanobini tortardik. Ora-sira yaqin kunlarda dunyoga keladigan bolamiz haqida ham suhbatlashib olishni unutmadik. Yosaminning qo'lidan tutib qo'shiqqa ham jo'r bo'ldik. Lip-lip etib ortda qolayotgan daraxtlar, yo'l belgilari xuddi bizni poylayotganday zavqimizni keltirishardi. Tepaliklar bag'riga ekilgan kungaboqar va bug'doy dalalari ko'nglimizga bir olam zavq va kengliklarni ulashardi. Yo'l shu qadar tekis ediki, tiniq yoz havosida go'yo ufqqa tutashib ketgandek ko'rinardi.
Ohangarondan o'tgan ham edikki, yo'l chetida mashinasini to'xtatib, qo'l siltab turgan yigitni ko'rdik. Mashinani sekinlatib, issiqdan terga botgan, bir qo'lida dastro'mol tutib o'tgan-ketgandan madad kutayotgan yigit yoniga yaqinlashdim. To'xtab turgan mashina yangi, qimmatbaho «Jeep» modellaridan biri edi. «Shundoq mashina qanday qilib buzilishi mumkin?» deb o'yladim. Va mashinani to'xtatdim. Yigit salomlashgach, u meni mashinasi tomon boshladi. Mashinada keksa bir kishi bor edi…
– Otam… – dedi kishi va otasini tobi qochganini, uydan shoshib chiqqanini, benzin olishga ulgurmaganini, aksiga olib telefoni ham uyda qolib ketganini tushintirdi.
Etarli miqdorda benzin berdim. Yigit xursandligidan bir dasta pul uzatdi: kerakmas, dedim. Tezroq haydang, otaxonni shifoxonaga olib boring, dedim.
Mashinasiga o'tirgach, ruhim ancha yengil tortdi. Xotinimning sochini silab qo'ydim: yaxshiyam sen borsan, yaxshiyam shu bugun yo'lga chiqibmiz, yaxshiyam bizlar yetib keldik, yaxshiyam… Men juda uzoq gapirdim. Ayolim qo'limni mahkam ushlab oldi. Ikkimiz ham bu yoqimli tasodifning ta'sirida edik…
Toshkentga yetib keldik. Mana, Markaziy Osiyoning eng ko'rkam shaharlaridan biri. Savdo-sotiq, ilm-fan, madaniyat cho'qqisi azim Toshkent. Buyuk ipak yo'lining yuragi, betakror Toshkent.
Har kelganimizda boradigan mehmonxonaga joylashdik…
Bir muddat dam olib bo'lgach, Toshkentning savdo markazlarini Internetdan qidirib, reja tuzdik. Tushdan keyin havo hali hovuridan tushmagan bo'lsa ham konditsionerli savdo markazlaridan xarid qildik.
Oqshom, qosh qoraya boshlaganda esa yangi ochilgan turk restoraniga bordik. Yosamin xayol qilganidek, mo'l-mo'l selfilar jo'rligida oqshom taomini yedik va yarim kechada mehmonxonaga qaytdik.
Yakshanba kuni ertalab mehmonxonadan chiqishimiz kerak edi. Chunki ish bilan bog'liq uchrashuvlarimiz bor edi.
Nihoyat, barcha ishimiz yakuniga yetdi. Yosamin O'rta asrga tushib qolgandek, sopol idishlaru antiqa buyumlarga qarab hayratini yashirolmaydi. Har bir buyumga zavq bilan tikiladi, nimalardir deb uzoq gapiradi. Men ham uning quvonganidan xursandman.
Tushlikdan keyin yo'lga tushdik. Qaydasan, Farg'onajon, deb jo'nadik. Yosaminning quvonchi va o'zimning ishlarim bilan bo'lib benzin quyishni unitibman. Benzin ko'rsatgichiga qarasam, ahvol chatoq: vodiyga yetib borolmaymiz. Cho'ntagimni titkilab ko'rdim: tamom. Ado bo'pmiz. Bir chaqa ham qolmagan. Yosamin orqa o'rindiqda, «yangi do'stlari» bilan gaplashyapti. Unga bildirib bo'lmas edi. Agar aytgudek bo'lsam… bor quvonchi, tegirmonchining etigiga yopishgan unday, uchadi-ketadi. Nima qilish kerak… Nari borsa Ohangaronga yetish mumkin… Nima bo'lsa, bo'ldi. Yaratganga tavakkal… Gazni bosdim… Hozirgi zamonda ko'chada qolib ketish kulgili…
Toshkentga kelayotganda kayfiyatim a'lo edi. Zig'irdek muammo ham ko'ngilni xira qilarkan. Qani endi benzin bakim to'la bo'lsayu ayolim bilan suhbatlashib ketsam… Yaxshiyam ayolim hozir «do'stlari» bilan band. Agar suhbatga tortib qolsa, sezib qolishi aniq. Yo'l chetidagi belgilar ham, daraxtlar ham kayfiyatimni ko'tarmas, hatto ravon yo'l ham qandaydir notekisdek ko'rinardi. Nima qilsam ekan… Yo'ldagi biror yoqilg'i quyish shahobchasiga kirib vaziyatni tushuntirsammikin… O'zbeklar bag'ri keng xalq, tushunar, yordam berar… ha, shunday qilaman, tushuntiraman, Farg'onaga borishim bilan pulini taksidan jo'natib yuboraman, deyman. Shunaqa bo'lib qoldi, yordam bering, deyman. Ko'nglim yorishdi. Agar muammo o'nta bo'lsa, uni hal qilish uchun, albatta, o'n bir yo'li bor.
Ohangaronga yaqinlashganda, yo'l yoqasidagi birinchi shahobchaga burildim…
Shahobchada bitta ham mashina yo'q. Qaytaga yaxshi bo'ldi, odam ko'p bo'lsa, iltimos qilishga uyalasan, yolg'iz bo'lgani yaxshi, deb o'yladim ichimda.
– To'ldiramizmi, akajon? – degan ovozni eshitib bir muddat shashtimdan tushdim, nima deyishni bilmay garangsib qoldim. Yigit savolini yana takrorladi. Mashinadan tushib yigitga yaqinlashib muddaoni aytmoqchi edim, shu chog' operator xonasida kalonkadan ovoz yangrab qoldi:
– Bakni to'ldirib ber…
Keyin…
Osmon aylandimi, yer qalqib ketdimi, bilmayman. Bir lahza ichida ming yil yashab qo'ygandek bo'ldim. Menimcha, deb o'yladim, – yigitga iltimos qildim, yigit borib operatorga vaziyatni aytdi, shunda shunaqa ovoz yangradi. Lekin o'ttiz qulochlik joyga bunchalik tez borib kelish mumkinmas-ku…
– Aka, akajon, o'zingizmisiz? Meni taniyapsizmi? – degan ovozdan keyingina o'zimga keldim. Qarshimda… Ha, aynan yuzimni ro'parasida men yo'lda benzin bergan yigit turar edi… U meni quchoqlab oldi…
– Bilasizmi, kecha otamni kasalxonaga olib bordim. Ko'richagi yorilib ketibdi. «Bir soat kechikkaningda otangni qutqarolmasdik» – de¬yish¬di do'xtirlar. Ming shukrki, otamni qutqarib qoldik. Shunga peshin namozidan so'ng Ollohga so'z berdim. Bugun shahobchaga birinchi kirgan mashina bakini bepul to'ldirib beraman, deb niyat qildim. Olloh duomni qabul qildi, – deb yig'lab yubordi… Men esa… menda til yo'q edi…
Yo'lda ketarkanman, bir narsani qalban his qilib, negadir yig'lagim kelardi: Chorasizga Olloh chora topadi…
Yana, ha, yana rafiqamga yaxshiyam sen borsan, yaxshiyam, yaxshiyam… dedim…
Endi yo'llar tekis, poyloqchi yo'l belgilariyu daraxtlar o'z ishlarini boshlab yuborgandilar…
Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|