Bir kishi ayoli bilan tovuq go'shtini tanavvul qilib o'tirishgandi.
Eshik taqilladi. U:
– Kim, u? – deb so'radi.
Tashqaridan:
– Miskin, muhtoj kishi! – degan javob bo'ldi.
Ayoli:
– Hojam, keling, unga ozgina tovuq go'shtidan beraylik, savob bo'ladi, – dedi.
U:
– Yo'q, bermaymiz, undan qarzimiz bormi? – dedi, ayolining saxovatidan jahli chiqib.
Miskin eshik oldida biroz kutib turdi – da ketdi.
Oradan kunlar, oylar, yillar o'tib, baxil kishiga ham faqirlik yuz tutdi. Bor – budidan ayrildi. Alamidan ayoliga taloq qo'ydi.
Ayol vaqt o'tib boshqa kishiga turmushga chiqdi.
Bir kuni ular ovqatlanib o'tirishganida eshik taqilladi.
Tashqaridan:
«Men miskin bechoraga sadaqa qiling»- , degan ovoz eshitildi.
Ayol nima qilay, degandek eriga qaradi. Er dasturxonda turgan qovurilgan tovuq go'shtiga qarab:
– Turing, xonim, buni hammasini berib yuboring! – dedi.
Ayol darrov turib eshik tomon yurdi. Yegulikni miskinga berib, yig'lagan holda keldi.
Eri:
– Nima bo'ldi? – deb so'radi.
Ayol:
– U faqir kimligini bilasizmi? – dedi.
– Yo'q, – dedi eri.
– U mening oldingi turmushim.. ekan! – dedi.
Eri:
– Men kimligimni bilasizmi, xonim? – dedi.
Ayol:
– Yo'q, – dedi.
– Men sizlarnikiga sadaqa so'rab borgan faqirman! – dedi.
Hayot o'zi shunday, doim bir xilda o'tmaydi. Boylik, baxt, omad, faqirlik, muhtojlik, kasallik bandalar ustida aylanib yuradi. Hozir sizda, ertaga birovda.
«Bunday kunlarni odamlar orasida aylantirib turamiz». (Oli imron: 140 oyat)
Zamon sizga kulib boqqan payt, hushyor bo'ling. Chunki u sizga uzoq boqmaydi.
Boylikning shukri undan Allohning rizosi uchun ehson qilishdadir. Faqirlikdan oldin boylikni g'animat biling! Qodir bo'lganingizda Alloh uchun sarflang!
Boylik ketsa ham, vaqtida undan ehson qilganingiz, oxiratingiz uchun zaxirangiz borligini eslab xotirjam bo'lasiz.
Bu dunyoda turib oxiratingizni obod qiling!