Avtomobil chiroqlari bilan savdo qiluvchi do'konlarda xaridorlar ko'paygan…
Mutaxassislarni fikricha, uzoq yoqilishiga qaramay, kuyib qolmaydigan yoki yonib ketmaydigan chiroqlarning o'zi yo'q.
Mana o'n kundirki, Toshkent shahrida haydovchilar quyoshning tig'ida avtomobillarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib yurishga majbur bo'lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa qisqa tutashuv tufayli chiroqlardan o't chiqqan avtomobillarning suratlari "urchimoqda". Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari R.Kusherbayev, A.Abduqodirov, J.Pirmatovlar esa yo'l qoidasiga kiritilgan mazkur o'zgarish bir qancha kamchiliklarga ega ekanini bayon qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urmoqda.
Haqiqatan jazirama kunlar davomida avtomobil chiroqlarini yoqib yurish yong'inga sabab bo'ladimi?
"Avtoritet” do'koni sotuvchi konsultantining fikricha, avtomobillar uchun mo'ljallangan har qanday chiroqlar issiq kun davomida uzoq yoqib yurish oqibatida yong'inga sabab bo'ladi. U xoh Xitoy, xoh Yevropa mahsuloti bo'lsin, uni ulab turuvchi moslama 72 mm bo'lib, u qizib ketsa, qisqa tutashuvdan yong'in sodir bo'lishi mumkin.
Surishtiruvimizga ko'ra, bugungi kunda avtomobil chiroqlari bilan savdo qiluvchi do'konlarda xaridorlar ko'paygan. Bir kunda birgina do'konda 30-40 ta mashina chiroqlari sotilmoqda.
Shuningdek, avtomobilni o't oldirish bilan yoqilib, o'chirish bilan birgalikda o'chadigan chiroqlar ham mavjud. Ular 3500 so'm bo'lib ularni o'rnatish ham 30-40 ming so'm baholanadi. Haydovchilar chiroqlarni yoqib qoldirishdan xavfsirab, ana shunday o't oldirish bilan yoqiluvchi chiroqlarga o'tishni ma'qul ko'rmoqdalar. Shu kunlarda esa avtomobil sozlovchi ustaxonalarda odam gavjum. Chiroqlar masalasi haydovchilar manzilini ustaxonaga qaratmoqda.
Piyodalar nima deydi?
Poytaxt ko'chalarida bir qancha piyodalarni suhbatga chorlab avtomobillarning kunduz kuni yoritilgan chiroqlari ularni hushyorlikka chorlayotgani borasida so'radik. Ularning ko'pchiligi oftobning tig'ida chiroqlarni payqamaganliklarini tan olishmoqda.
Xulosa shuki, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi qarori bilan yo'l harakati qoidalariga kiritilgan o'zgartirishning aynan haydovchilarni yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurishlarini talab qiluvchi qismi hozirda aholi emas, ko'proq chiroqlar ishlab chiqaruvchilar va ehtiyot qismlar bilan savdo qiluvchi do'kondor va avtomobil ustalarini xursand qilmoqda. Xalq esa kunduz kuni chiroq yoqib yurishdan hozircha manfaatdor emas. Manba: 24soat.com -Saytdan olindi. Ushbu ma'lumot http://hordiq.uz/ dan olindi! < ! > DO'STLARINGIZGA YUBORING:
Quyidagi yangiliklarni o'qing dod devorasiz:
2222222
|